Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Yosh avlod – barqaror rivojlanish kafolati

11-11-2025 48

    2025 yil 10 noyabrь kuni Barqaror rivojlanish markazi hamda Mudofaa vazirligi faxriylar ishlari boʼyicha Toshkent viloyati kengashi hamkorligida Chirchiq shahridagi 8-umumiy oʼrta taʼlim maktabida “Yosh avlod – barqaror rivojlanish kafolati: chaqiruvga qadar boshlangʼich tayyorgarlik tizimining taʼlim-tarbiya sohasidagi ahamiyati” mavzusida davra suhbati oʼtkazildi.

    Tadbirda Barqaror rivojlanish markazi ekspertlari, Mudofaa vazirligi faxriylar ishlari boʼyicha Markaziy va hududiy kengashlar aʼzolari, Chirchiq shahar Mudofaa ishlari boʼlimi rahbariyati, umumtaʼlim maktablarining ChQBT rahbarlari va harbiy faxriylar ishtirok etdilar.


    Tadbirning asosiy maqsadi:

Barqaror rivojlanish maqsadlarining mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazish;

Global va milliy ustuvor yoʼnalishlar oʼrtasidagi bogʼliqlikni tushuntirish;

Oʼzbekistonda barqaror rivojlanishga qaratilgan islohotlar mazmunini muhokama qilish;

Yoshlarni milliy maqsadlarga erishish jarayonlariga jalb etish, ularda vatanparvarlik tarbiyasini mustahkamlash;

Chaqiruvga qadar boshlangʼich tayyorgarlik tizimining ahamiyatini ochib berish.

    Chirchiq shahar Mudofaa ishlari boʼlimi boshligʼi Otabek Shermetov tadbirni ochar ekan, Mudofaa vazirligining “Oʼzbekiston – 2030” strategiyasi va Davlat dasturida belgilab berilgan ustuvor vazifalardagi ishtirokini qayd etdi. Xususan:

Qurolli Kuchlar qudratini oshirish,

Аholi, ayniqsa yoshlar oʼrtasida vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish,

Vatan himoyachilari tayyorlash tizimini takomillashtirish muhim yoʼnalishlar sirasiga kiradi.

    Markaz boʼlim boshligʼi А. Mamadjanov oʼz nutqida mamlakatda qabul qilinayotgan muhim strategik dasturlar Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uzviy uygʼun ekanini taʼkidladi. Taʼlim, sogʼliqni saqlash, iqtisodiyot va ekologik barqarorlik sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar global tendentsiyalar bilan hamohang ekani qayd etildi.

    U, shuningdek, BMTning “Barqaror rivojlanish yechimlari tarmogʼi”ning 2025 yilgi hisobotiga koʼra Oʼzbekiston 167 davlat orasida 62-oʼrinni egallaganini aytib oʼtdi. Mamlakat 2015 yildan buyon Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropada barqaror rivojlanish borasida izchil ilgarilayotgan davlat sifatida eʼtirof etilmoqda.

    Maʼruzachi oʼz taqdimotida mamlakatning barqaror kelajagi avvalo yoshlar maʼnaviy yetukligi, jismoniy sogʼlomligi va vatanparvarlik tuygʼusi bilan bogʼliq ekanini alohida taʼkidladi.

    Prezident Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Аssambleyasining 80-sessiyasidagi quyidagi soʼzlari keltirildi:

    “Ertangi kunimiz, dunyoning taqdiri va farovonligi oʼsib kelayotgan yosh avlod qoʼlida. Yoshlarimizning qalbi va ongiga tinchlik, vatanparvarlik, gumanizm va doʼstlik kabi olijanob gʼoyalarni singdirish – dolzarb vazifamizdir.”

    Bu soʼzlar yoshlar tarbiyasi va ular ongida tinchlikka hurmat, Vatanga sadoqat tuygʼusini mustahkamlash qanchalik muhim ekanini yana bir bor koʼrsatdi.

    Hozirgi global sharoitda – geosiyosiy ziddiyatlar, harbiy toʼqnashuvlar va dinlararo nizolar avj olgan paytda – vatanparvarlik tuygʼusi har bir fuqaro uchun zarur boʼlib qolgani taʼkidlandi.

    Prezidentning yana bir fikri keltirildi: “Bugun zamonning oʼzi har bir fuqarodan vatanparvar boʼlishni taqozo etmoqda. Bunda, ayniqsa, harbiy xizmatchilar, chaqiruvga qadar boshlangʼich tayyorgarlik fani oʼqituvchilari oʼrnak boʼlishlari kerak.”

    Yosh avlodni vatan himoyasiga tayyorlash yoshlarning maʼnaviy barkamolligiga, mafkuraviy immunitetiga, fuqarolik masʼuliyatining oshishiga xizmat qiladi.

    Bu tizim milliy armiya, davlat xizmati va jamiyatning turli sohalari uchun ishonchli, bilimli va fidoyi kadrlar tayyorlashda muhim oʼrin tutadi.

    Ishtirokchilarning umumiy xulosasiga koʼra: yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda jamiyat oldidagi masʼuliyat hissini shakllantirish – mamlakatning barqaror rivojlanishi va tinchligining asosiy kafolatidir.

Shuningdek, tadbirda qabul qilingan tavsiyalar “2030 yilgacha boʼlgan barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar”ni amalga oshirishda muhim amaliy ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.