Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli fundamental asari hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga bag‘ishlangan qator asarlar taqdimoti

19-11-2026 218

    PRESS-RELIZ

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli fundamental asari hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga bag‘ishlangan qator asarlar

    TAQDIMOTI

    Iordaniya - Amman                                                                                                                                                            2026 yil, 19 noyabr

    Bugun Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti Amman shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning    “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston”    nomli fundamental asarining arab tilidagi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining    35    yilligiga bag‘ishlandi.

    Qayd etish zarurki, O‘zbekiston Prezidentining mazkur asari jahon davlat arboblari, xalqaro tashkilotlar vakillari va nufuzli siyosatchilarning yuksak e’tiborini qozonib, xorijiy nashriyotlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi.

    Bugunga qadar ushbu konseptual asar    arab, ingliz, italyan, rus va urdu    tillariga tarjima qilinib, turli xalqlar kitobxonlari e’tiboriga havola etilmoqda.

    Xalqaro maydonda muhim siyosiy-intellektual voqeaga aylangan, turli xalqlar shuurida keng aks-sado uyg‘otgan mazkur asarning    arab tilidagi taqdimotida    Iordaniya Podshohligi parlamenti — Majlis al-Umma a’zolari, davlat va jamoat arboblari, taniqli siyosatchilar, yirik biznes vakillari, nufuzli “aql markazlari”ning yetuk ekspertlari, shuningdek, Arab Sharqidagi qator nufuzli ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

    Mazkur taqdimotning bosh maqsadi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so‘nggi o‘n yil davomida erishilgan yuksak marralar mazmun-mohiyatini ochib berish hamda mamlakatning ochiq, pragmatik, konstruktiv, faol va tinchliksevar tashqi siyosatini keng xorijiy jamoatchilikka namoyon etishdan iborat.

    “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston”    kitobida mamlakat ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, taraqqiyotning strategik maqsad va istiqbollari, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish, milliy davlatchilikni mustahkamlash hamda iqtisodiy salohiyatni yuksaltirish borasidagi islohotlar, shuningdek, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ustuvor vazifalari atroflicha yoritilgan.

    O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev asarida    “Davlat — inсон uchun” va “Inson qadri uchun”tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakat taqdiridagi tarixiy burilish hamda davlat va jamiyat tafakkurining tubdan yangilanish jarayonlariga alohida e’tibor qaratilgan.

    Ushbu asar olti bob va xotima qismidan iborat. Kitobxon asarni mutolaa qilar ekan, o‘zini oddiy kitob o‘qish jarayonida emas, balki go‘yo muallif bilan yuzma-yuz muloqotga kirishib, samimiy va mazmunli suhbat qurayotgandek, zamonamizning eng dolzarb va murakkab savollariga bevosita javob topayotgandek his etadi.

    “Tarix sinovlaridan o‘tgan haqiqat shuki, o‘zini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan, vaqtni – imkoniyatga, imkoniyatni – yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq – buyuk xalqdir. Men ana shunday ulug‘ e’tiqod bilan yashayotgan xalqqa rahbar bo‘lib, xizmat qilishni o‘zim uchun ulkan sharaf va mas’uliyat deb bilaman”, – deb yozadi O‘zbekiston Prezidenti o‘z asarining epigrafida.

    Bu fikrlar Prezidentning mamlakat va xalq taqdiriga daxldor hayotiy-falsafiy qarashlarini, taraqqiyotning bosh omili sifatida inson omiliga bo‘lgan yuksak ishonchini ifoda etadi. Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasi, eng avvalo, xalqning bunyodkorlik salohiyatiga tayanish, uning asrlar davomida shakllangan tarixiy tajribasi, milliy qadriyatlari va ezgu intilishlarini zamonaviy taraqqiyot maqsadlari bilan uyg‘unlashtirishga asoslanadi.

    Ushbu kitobni o‘qir ekanmiz, unda xalqaro maydonda kechayotgan murakkab jarayonlar, global o‘zgarishlar, dunyo va mamlakatlar barqaror taraqqiyotiga tahdid solayotgan xavf-xatarlar chuqur tahlil etilganiga, shuningdek, O‘zbekistonning umumbashariy muammolarni hal etish, tinchlik va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan xalqaro tashabbuslari atroflicha yoritilganiga guvoh bo‘lamiz.

    Zotan, asarda insoniyatga qarama-qarshilik emas — muloqot, nafrat emas — bag‘rikenglik, jaholat emas — ma’rifat, zo‘ravonlik emas — tinchlik zarurligi teran falsafiy g‘oyalar orqali ifodalanadi. Bu g‘oyalar zamonaviy dunyoda o‘zaro ishonch, hamjihatlik va tinch-totuv yashash madaniyatini qaror toptirishga xizmat qiladi. Muallifning o‘z o‘quvchilariga yo‘llagan barcha da’vatlari aynan shu fikr zamirida mujassam. Kitob o‘quvchini tarix devor emas, ko‘prikka aylanadigan, kelajak esa qarama qarshilikka emas, hamkorlikka asoslanadigan teran mulohazali muloqotga chorlaydi.

    Asarning yana bir muhim umumbashariy ahamiyati shundaki, unda jahondagi ziddiyat va qarama-qarshiliklarni bartaraf etishning siyosiy-diplomatik mexanizmlari, shuningdek, kelajak taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategik yondashuvlar ilgari surilgan.

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli asari taqdimoti doirasida Yangi O‘zbekistonning tarixiy ildizlari, bugungi bunyodkorlik salohiyati va kelajakka qaratilgan ezgu maqsadlarini yorqin aks ettiruvchi, mamlakatda kechayotgan tarixiy o‘zgarishlar va milliy yuksalishning o‘ziga xos taraqqiyot modeli —    “Yangi O‘zbekiston fenomeni”    mazmun-mohiyatini ochib beruvchi    arab tiligatarjima qilingan    9    ta kitob va kitob-albomlar ham keng jamoatchilikka taqdim etildi.

    O‘zbekistonning boy tarixiy merosi, bugungi bunyodkorlik ko‘lami, milliy yuksalish sur’atlari va Yangi O‘zbekistonning yaratuvchanlik ruhini o‘zida mujassam etgan mazkur asarlar mazmunan teranligi, ilmiy-ma’rifiy qimmati va yuksak badiiy saviyasi bilan taqdimot ishtirokchilarida katta qiziqish va chuqur taassurot uyg‘otdi.

    Xususan,    “Shavkat Mirziyoyev — jahon miqyosidagi davlat va siyosat arbobi”    kitob-albomida O‘zbekiston Prezidentining ichki va tashqi siyosat borasidagi tashabbuslari, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda ularning xalqaro ahamiyatiga xalqaro tashkilotlar rahbarlari va xorijiy davlatlar yetakchilari tomonidan berilgan yuksak baho va e’tiroflar o‘z ifodasini topgan.

    “Mustaqillik zafarnomasi”    kitob-albomi esa, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yillik qutlug‘ sanasiga bag‘ishlangan. Unda ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining istiqlol yillarida bosib o‘tgan g‘oyat murakkab, ayni paytda sharafli tarixi, milliy davlatchilikni mustahkamlash, mamlakatni har tomonlama rivojlantirish yo‘lidagi ulkan sa’y-harakatlari, ayniqsa, milliy yuksalish va bunyodkorlikning yangi bosqichiga aylangan Yangi O‘zbekiston davrida erishilayotgan tarixiy yutuqlar va yuksak marralar keng yoritilgan.

    “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepsiyasi”    badiiy-publitsistik asari mamlakatda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu strategik maqsad, uning g‘oyaviy asoslari, taraqqiyot ustuvorliklari va ushbu yo‘nalishda qo‘lga kiritilayotgan natijalarning ahamiyatini ochib beradi.

    Asarda Shavkat Mirziyoyevning falsafiy qarashlari, islohotchilik tafakkuri va mamlakat kelajagiga qaratilgan strategik yondashuvlari badiiy-publitsistik ruhda yoritilgan. Kitobning yana bir e’tiborli jihati shundaki, unga Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif kirish so‘zi yozgan.

    “Yangi O‘zbekiston: tinchlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik diyori”    kitob-albomi esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlash, jamiyatda tinchlik va hamjihatlik muhitini qaror toptirish, shuningdek, xorijiy davlatlar bilan, ochiq va pragmatik, do‘stona va o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil rivojlantirish borasidagi ezgu siyosatining mazmun-mohiyati ochib berilgan.

    Umuman, mazkur nashrlar O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan murakkab va sharafli taraqqiyot yo‘lini, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati va yaratuvchanlik ruhini, davlat va jamiyat hayotida yuz berayotgan tub o‘zgarishlarni tarixiy hujjatlar, tahliliy materiallar va noyob fotosuratlar orqali yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etadi.

    Shu ma’noda, ular nafaqat O‘zbekistonning milliy tarixi va bugungi taraqqiyotining o‘ziga xos yorqin va jonli solnomasi, balki Yangi O‘zbekistonning xalqaro qiyofasi va kelajak avlodlarga qoldiradigan boy merosini aks ettiruvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy manbalardir.

    Taqdim qilingan barcha asarlar Iordaniya kutubxonalariga ko‘p nusxada sovg‘a qilindi va kitobxonlar qo‘liga yetib bordi.

    Taqdimot doirasida Amman shahrida    “O‘zbekiston: sivilizatsiyalar, shaxsiyatlar, kashfiyotlar” nomli kitoblar ko‘rgazmasi, “Movarounnahr – asrlar osha taralgan islom sivilizatsiyasi ziyosi”    mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya ham bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi    Islom sivilizatsiyasi markazining    xalqaro taqdimoti o‘tkazildi.

    Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Iordaniya Jahon islom ilmlari va ta’lim universiteti prezidenti Ja’far al-Mag‘ribiy al-Fanatisa, O‘zbekistonning Iordaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Nodirjon Turg‘unov, shuningdek, ikki mamlakatning nufuzli olimlari, diniy soha vakillari hamda tadqiqotchilari ishtirok etdi (jami –    1500    kishidan ziyod).

    Taqdimotlar davomida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan arab tilida tayyorlangan “Yangi O‘zbekiston fenomeni”ga bag‘ishlangan qator videoroliklar namoyish etildi.

    Amman shahridagi xalqaro taqdimotlar O‘zbekistonning boy islomiy va ilmiy merosini xalqaro hamjamiyatga keng tanitish, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ma’rifiy loyihalar mazmun-mohiyatini teran anglash, shuningdek, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

    Matbuot xizmati