Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

O‘zbekiston Prezidenti asarlari — Iordaniya milliy kutubxonasi xazinasida

21-11-2026 86

    Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining poytaxti Ammon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli asari taqdimoti doirasida mamlakatimizning boy tarixiy merosi, bugungi bunyodkorlik salohiyati, keng ko‘lamli islohotlari va istiqbolli taraqqiyot yo‘liga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy nashrlar Iordaniyaning nufuzli madaniy muassasalaridan biri — Milliy kutubxonasida ham taqdim etildi.

    Iordaniya Madaniyat vazirligi Bosh kotibi doktor Nidal al-Ahmad kutib olib, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari, xususan Barqaror rivojlanish markazi vakillarini kutubxona faoliyati, uning boy kitob va hujjatlar fondi, tarixiy qo‘lyozmalarni saqlash, milliy madaniy merosni asrab-avaylash hamda ilmiy tadqiqotlarni axborot manbalari bilan ta’minlash borasidagi ishlar bilan tanishtirdi.

    Tadbir doirasida Yangi O‘zbekistonning tarixiy ildizlari, bugungi bunyodkorlik salohiyati, milliy yuksalish sur’atlari va kelajakka qaratilgan strategik maqsadlarini aks ettiruvchi, mamlakatimizda kechayotgan tub o‘zgarishlar hamda o‘ziga xos taraqqiyot modeli — “Yangi O‘zbekiston fenomeni”ning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi arab tilidagi 9 ta kitob va kitob-albom keng jamoatchilikka taqdim etildi.

    Mazkur nashrlarni Iordaniya Madaniyat vazirligi Bosh kotibi doktor Nidal al-Ahmad qabul qilib oldi. Ular orasida “Shavkat Mirziyoyev — jahon miqyosidagi davlat va siyosat arbobi” kitob-albomi alohida o‘rin tutib, unda O‘zbekiston Prezidentining ichki va tashqi siyosat borasidagi tashabbuslari, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning xalqaro ahamiyatiga xorijiy davlatlar rahbarlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari tomonidan berilgan yuksak baho va e’tiroflar jamlangan. “Mustaqillik zafarnomasi” kitob-albomi esa davlat mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, xalqimizning istiqlol yillarida bosib o‘tgan murakkab va sharafli yo‘li, milliy davlatchilikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari hamda Yangi O‘zbekiston davrida erishilayotgan tarixiy yutuqlarni yorqin aks ettiradi.

    Shuningdek, “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” badiiy-publitsistik asari mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu strategik maqsadning g‘oyaviy asoslari, ustuvor yo‘nalishlari va amaliy natijalarini ochib beradi. Unda Shavkat Mirziyoyevning falsafiy qarashlari, islohotchilik tafakkuri va mamlakat kelajagiga qaratilgan strategik yondashuvlari yoritilgani, shuningdek, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharifning kirish so‘zi o‘rin olgani asarning xalqaro ahamiyatini yanada oshiradi. “Yangi O‘zbekiston: tinchlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik diyori” kitob-albomi esa mamlakatimizda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlash, jamiyatda tinchlik va hamjihatlik muhitini qaror toptirish, xorijiy davlatlar bilan ochiq, pragmatik va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasidagi siyosatning mazmun-mohiyatini ochib beradi.

    Umuman, ushbu nashrlar O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi taraqqiyot yo‘li, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, milliy qadriyatlari va jamiyat hayotidagi tub o‘zgarishlarni tarixiy hujjatlar, tahliliy materiallar va noyob fotosuratlar orqali yaxlit tarzda namoyon etadi.

    Ta’kidlash joizki, 1975-yilda tashkil etilgan Iordaniya Milliy kutubxonasi mamlakatning kitoblari, milliy hujjatlari, qadimiy qo‘lyozmalari, davriy nashrlari va tarixiy manbalarini jamlash, saqlash hamda kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qiluvchi muhim davlat muassasasidir. U nafaqat Iordaniya milliy madaniy merosining ishonchli xazinasi, balki olimlar, tarixchilar, tadqiqotchilar, talabalar va xalqaro ilmiy hamjamiyat uchun ham muhim axborot-ma’rifiy markaz hisoblanadi.

    Barqaror rivojlanish markazi

    matbuot xizmati