Barqaror rivojlanish markazi O‘zbekistonda barqaror rivojlanish tamoyillarini ilmiy-tahiliy jihatdan tadqiq etish, ularni amaliyotga joriy etish hamda mazkur yo‘nalishdagi davlat siyosati va institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Aql markazi” hisoblanadi.
Markaz faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirishga ko‘maklashish; mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish va ular natijalari asosida strategik takliflar ishlab chiqish; mamlakatda axborot jamiyati shakllanishi sohasida ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni o‘rganish va tahlil qilishni tashkil etish; davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida samarali hamkorlikni rivojlantirish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishning zamonaviy mexanizmlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish; barqaror ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy rivojlanishni ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari hamkorligini hamda ularning hissasini baholash indikatorlarini ishlab chiqish va joriy etish, shu asosda ilmiy-tahliliy ma’ruzalar tayyorlash; ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy jarayonlar va xalqaro munosabatlar rivojini tahlil qilish asosida davlat organlari hamda ijtimoiy-siyosiy tashkilotlarga axborot, maslahat va uslubiy ko‘mak ko‘rsatish; demokratik islohotlarni chuqurlashtirish jarayonlarida fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini, shuningdek ular tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish holatini o‘rganish va tizimli tahlil qilish. Markaz faoliyati ochiqlik, ilmiylik va samarali hamkorlik tamoyillariga tayanadi. U xalqaro ekspertlar va hamkorlarni barqaror rivojlanish sohasidagi ilg‘or g‘oyalar va tadqiqotlar bilan tanishish, tajriba almashish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga chorlaydi.