Biologik xilma-xillik tabiat muvozanatini saqlashda dolzarb ahamiyatga ega. Qolaversa, biologik xilma-xillik inson hayoti va faoliyati, salomatligi uchun ham muhim omildir. Ammo afsuski, soʻnggi paytlarda global ekologik muammolar tobora keskin tus olib borayotgani va inson omili oqibatida biologik xilma-xillik kamayib ketmoqda.
Barqaror rivojlanish markazi va OʻzA hamkorligidagi «Maqsad» loyihasining bu galgi sonida bioxilma-xillik tushunchasi,uning ahamiyati va bioxilma-xillikni asrash masalalari haqida suhbatlashdik. Shu maqsadda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, ekolog olim Boriy Alixonovni taklif qildik.
— Boriy Botirovich, avvalo, biologik xilma-xillik tushunchasi qanday izohlanadi, uning ahamiyati nimada? Biologik xilma-xillikning Er sayyorasidagi tadrijiy rivojlanishi qanday holda kechgan?
— Biologik hayot bu tirik organizmlarga xos boʻlgan, ularning paydo boʻlishi, oʻsishi, rivojlanishi, koʻpayishi bilan bogʻliq jarayondir. Bunga oʻsimliklar ham, bir hujayrali organizmlar ham, zamburugʻlar ham kiradi. Bularning hammasi bioxilma-xillikni qamrab oladi.
Shu oʻrinda birozgina moziyga nazar tashlab, “hayot qanday paydo boʻlgan?” degan savolga javob topsak. Ilmiy tadqiqotlarga koʻra, Erning geologik umri 4,5 milliard yildan oshiqroqni tashkil etadi. Bundan taxminan 3 milliard 900 million yil avval bir hujayrali bakteriyalar vujudga kela boshlagan. 2,5 milliard yil avval esa koʻp hujayrali organizmlar paydo boʻla boshlagan. Bulardan keyin esa, bundan 551 million yil avval Er yuzida hozirgi kundagi hayvonot dunyosiga oʻxshash boʻlgan hayvonot olami paydo boʻla boshlagan. 450 million yil avval oliy oʻsimliklar, 400 million yil avval esa daraxtzorlar paydo boʻla boshlagan.
Bir va koʻp hujayrali organizmlar, hayvon va oʻsimliklarning paydo boʻlishi oraligʻidagi 1-1,5 milliard yillik davrlarning qanday tadrijiy bosqichlardan oʻtganini koʻrishimiz mumkin. Demak, bulardan Er sayyorasida hayotning paydo boʻlishi uzoq muddatli, mashaqqatli davrni bosib oʻtganini koʻrish mumkin.
— Hozirda Er yuzidagi bioxilma-xillikning ahvoli qanday, uning kelajagi qay holda boʻladi?
— Biologik xilma-xillik borasida 2 milliondan ortiq har xil nabotot va hayvonot olami turlari aniqlangan. Lekin bu darajaga etib kelish uchun biologik xilma-xillik juda ham katta mashaqqatli yoʻlni hamda keng koʻlamli qirgʻinlarni boshidan oʻtkazgan. Xususan, 544 million yil mobaynida oʻsimlik va hayvonot dunyosida beshta ommaviy qirgʻin yuz bergan.
Birinchi, ikkinchi va uchinchi qirgʻin jarayonlarida butun hayvonot olamining 75 foizidan 96 foizigacha boʻlgan qismi umuman yoʻq boʻlib ketgan. Oxirgi beshinchi bosqich — bundan 66 million yil avval asteroid tushishi oqibatida koʻplab dinozavrlar yoʻq boʻlib ketgan. Umuman, Er yuzidagi jonzotlarning qirilib bitishi sodir boʻlgan. Bularga vulqonlar otilishidan tortib davriy muzliklar, materiklarning ajralishi yoki toʻqnashishi kabi holatlar sabab boʻlgan, degan ilmiy tahminlar bor.
Hozir esa hayvonlar qirilib ketishining oltinchi davrini boshimizdan oʻtkazyapmiz. Afsuski, bu safar insonning “qoʻli bilan” hayvonot olami borgan sari yoʻqolib boryapti. Har yili yuzlab hayvonot va oʻsimlik turlari butunlay yoʻqolib ketyapti. Bularni millionlab yillar avval yuz bergan oʻsha davriy oʻzgarishlarga solishtirsak, bugungi kunda hayvonot va nabotot olamining qirilib ketishi oʻtmishdagiga nisbatan 100, hatto 200 barobar tezroq kechayotganiga guvoh boʻlib turibmiz. Bu juda achinarli holat.
— Bu kelajakda qanaqa oqibatlarga olib keladi?
— Agar mana shunday oqibatlar davom etadigan boʻlsa, Birlashgan Millatlar Tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, 2000 yilga nisbatan 2050 yilga borib Er yuzidagi flora va fauna 61 foizdan 72 foizgacha qisqarib ketish xavfi bor. Bu ertaga Er yuzida bioxilma-xillikning tobora qisqarib borayotganidan dalolat beradi.
Bunga nafaqat brakonerlik, tabiiy resurslarni qirgʻin qilish yoki oʻrmonlarning kesilishi, balki hatto genetik modifikatsiyalangan organizmlar (GMO) ham sabab boʻlyapti. Ularning hisobiga ham bioxilma-xillik borgan sari qisqarib ketyapti.
Masalan, bir necha oʻn yillar avval oq karkidonlar ikki-uch ming boshni tashkil qilar edi. Hozir esa bor-yoʻgʻi ikkitagina oq karkidon qolgan, ular ham urgʻochi. Yaʼni, ularni tabiiy yoʻl bilan urchitib boʻlmaydi, faqatgina sunʼiy urchitish orqali bu mezonni saqlab qolish mumkin. Mana shularning hammasi oddiygina inson qoʻli bilan barbod boʻldi. Avstraliyadagi xaltali boʻridan tortib, Orolboʻyi hududida, umuman, Oʻzbekiston hududida yashagan bir necha hayvon turlari, shu jumladan, Turon yoʻlbarsi ham yoʻq boʻlib ketganiga biz, bir avlod vakillari guvoh boʻlib turibmiz.
— Bu borada Oʻzbekiston hududida qanaqa muammolar bor?
— Soʻnggi yillar mobaynida tabiatni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ayniqsa, bioxilma-xillikni saqlash boʻyicha koʻplab chora-tadbirlar koʻrilyapti. Misol uchun, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni mamlakatimiz umumiy maydonining 15 foiziga etdi. Bu hatto dunyodagi oʻrtacha koʻrsatkichdan koʻproq.
Oʻzbekistondagi oʻsimlik va hayvonot dunyosining 80-85 foizi aynan ana shu muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda yashaydi va oʻsadi. Biroq dinamikaga qaraydigan boʻlsak, hali oldimizda koʻplab muammolar turganidan dalolat beradi.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda 4 ming 500 ga yaqin oliy oʻsimlik turlari mavjud. 15 ming 709 ta hayvon turi bor.Shulardan 15 mingtasi umurtqasizlar (chuvalchanglar, Hasharotlar va h.k.) boʻlsa, bor-yoʻgʻi 709 tasi umurtqali hayvonlardir.
1983 yilga nisbatan Oʻzbekiston Qizil kitobi, afsuski, ikki barobar koʻproq oʻsimlik va hayvonot turlari bilan toʻldirildi.Yaʼni, yangi turlar xavf ostidagi zaif yoki noyob turlar sifatida roʻyxatga olindi.
Albatta, bioxilma-xillikni saqlash faqatgina muhofaza etiladigan tabiiy hududlar bilan chegaralanib qolmasligi kerak.Ularni nafaqat son, balki sifat jihatidan baholash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, koʻpaytirish hamda yashash maydonlarini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor berishimiz lozim.
— Nodir hayvon va oʻsimlik turlarining kamayib yoxud yoʻqolib borishida noqonuniy ov va yovvoyi tabiatga zarar etkazish oqibatlarining “hissasi” qanday?
— Bu eng asosiy omil. Dunyo miqyosida qaraydigan boʻlsak, brakonerlik — hayvonot va oʻsimlik olamini nobud qilishdan keladigan noqonuniy daromad uchinchi oʻrinda turadi. Birinchi oʻrinda harbiy qurol-aslahalar savdosi boʻlsa,ikkinchi oʻrinda tabiiy resurslar (neft, gaz va yer osti boyliklari) savdosi, uchinchi oʻrinda esa aynan noqonuniy brakonerlik va uning oqibatida hayvonot va oʻsimlik dunyosini yoʻq qilish turadi.
Yuqorida aytganimizdek, oq karkidon nima uchun ovlangan? Tumshugʻidagi qimmatbaho shoxi uchun ovlangan. Fillarlar ham, boshqa noyob hayvonlar ham aynan shu maqsadda qirgʻin qilinib, yoʻqolib boryapti. Bular bioxilma-xillikka eng katta putur etkazayotgan omillar hisoblanadi.
— BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida ekologiya va bioxilma xillikni asrash borasidagi maqsadlar doirasida mamlakatimizda qanday ishlar olib borilyapti, oldimizda qanday masala va vazifalar bor?
— Har qanday davlatning barqaror rivojlanishi uchun oltita omil kerak. Birinchisi — iqtisodiy oʻsish, ikkinchisi — ijtimoiy himoya, uchinchisi — ekologik xavfsizlikni taʼminlash, toʻrtinchisi — yoshlarning maʼnaviy barqarorligini taʼminlash, beshinchisi — institutsional tuzilmalarni rivojlantirish va oltinchisi — ham davlat, ham jamiyat boshqaruvi boʻyicha huquqiy tizim va qonunchilikni rivojlantirish.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti qabul qilgan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari aynan mana shu yoʻnalishlarni qamrab oladi. Albatta, bu yerda ijtimoiy munosabatlar, siyosiy va ekologik masalalar bir-biri bilan chambarchas bogʻliq.
Oʻzbekiston ham 2015 yilda 16 ta Barqaror rivojlanish maqsadlarini qabul qildi. (Faqat bitta maqsad okean va dengizlardagi fauna hamda florani saqlashga bagʻishlangan boʻlib, mamlakatimiz ummonga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniga ega boʻlmagani uchun uni chetlab oʻtdik.) Oʻzbekiston tanlagan 16 ta maqsad boʻyicha Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori qabul qilinib, vazifalar va indikatorlar aniq belgilab berildi. Jumladan, ekologiya, ijtimoiy soha, gender tengligi boʻyicha ham yoʻl xaritalari ishlab chiqilib, tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston maʼlum davrlarda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida qilingan ishlar boʻyicha xalqaro hisobotlar topshiradi va shunga qarab mamlakat reytingi belgilanadi.
Afsuski, BMT Bosh kotibi Assambleyaning bir galgi yigʻilishida koʻplab mamlakatlar barqaror rivojlanish maqsadlariga erisha olmayotgani, saʼy-harakatlar yetarlicha taʼsirchan va samarali boʻlmayotganini achinib gapirgan edi. Yaʼni,barqaror rivojlanish maqsadlari shunchaki shior emas, bu aniq chora-tadbirlar va qadamlardir. Bir muammoni hal qilmay turib, ikkinchisini hal qilib boʻlmaydi, kompleks yondashuv kerak.
Hozirgi kunda nafaqat biologik xilma-xillik, balki choʻllanish, suv tanqisligi, resurslardan oqilona foydalanish, iqlim oʻzgarishi, atmosfera havosining ifloslanishi kabi murakkab masalalar oʻz yechimini topishi lozim. Bu kabi ekologik muammolar Barqaror rivojlanish maqsadlarida oʻz aksini topgan. Ushbu yoʻnalishlarda mamlakatimizda keng koʻlamdagi saʼy-harakatlar muntazam davom ettirilmoqda. Eng muhimi, har bir insonda ekologik qalb boʻlishi, yuksak ekologik madaniyatga ega boʻlish bu boradagi islohotlarning natijadorligini taʼminlashda hal qiluvchi omil hisoblanadi.