Yangiyo‘l shahrida xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputatlari ishtirokida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan o‘quv seminari tashkil etildi.
2026-yil 3-noyabr kuni Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida “Barqaror rivojlanish maqsadlari va Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadlari hamohangligi” mavzusida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Barqaror rivojlanish markazining Toshkent viloyati bo‘linmasi, Yangiyo‘l shahar Xalq deputatlari Kengashi hamda Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamkorligida tashkil etildi. Unda mahalliy Kengash deputatlari, hokimlik xodimlari, davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, shuningdek, sohaning boshqa manfaatdor ishtirokchilari — jami 50 nafarga yaqin kishi qatnashdi.
Seminarining asosiy maqsadi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan strategik islohotlar va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni keng tushuntirish, milliy maqsad va vazifalarning hududlar darajasidagi ijrosini ta’minlashda mahalliy Kengash deputatlarining o‘rni va mas’uliyatini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda barqaror rivojlanish tushunchasi faqat iqtisodiy o‘sish yoki infratuzilmani yaxshilash bilan cheklanmaydi. U inson qadrini yuksaltirish, aholi farovonligini ta’minlash, sifatli ta’lim va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, munosib mehnat va bandlikni ta’minlash, gender tenglikka erishish, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi.
BMT tomonidan 2030-yilgacha bo‘lgan davr uchun belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlari hamda mamlakatimizda 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan. Ularning milliy taraqqiyot dasturlari bilan uyg‘unlashtirilishi esa har bir mamlakatning uzoq muddatli rivojlanishi, ijtimoiy adolat va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonda ham ushbu maqsadlarni milliy taraqqiyot ustuvorliklari bilan uyg‘unlashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimizda inson manfaatlarini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini oshirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar Barqaror rivojlanish maqsadlarining mazmun-mohiyati bilan chambarchas bog‘liqdir.
Seminar davomida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, xalq deputatlari Kengashi a’zosi Murodjon Turg‘unov Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyalarida inson qadri, ijtimoiy adolat va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish masalariga alohida to‘xtaldi.
Uning ta’kidlashicha, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson manfaatlari turishi, har bir fuqaro uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish, yoshlarning bilim olishi, kasb egallashi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur imkoniyatlarni kengaytirish muhim vazifalardan hisoblanadi. Bu borada milliy taraqqiyot strategiyalari va Barqaror rivojlanish maqsadlari bir-birini to‘ldiruvchi muhim dasturiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘linmasi rahbari Abdumannop To‘laganov o‘z ma’ruzasida Barqaror rivojlanish maqsadlarining iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishdagi ahamiyatini atroflicha yoritdi.
Jumladan, O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishda shakllangan institutsional va huquqiy asoslarga e’tibor qaratildi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-oktyabrdagi 841-son qarori bilan 2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar tasdiqlangani, 2022-yil 21-fevraldagi 83-son qaror bilan esa ularni amalga oshirish bo‘yicha 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi qabul qilingani qayd etildi.
Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish jarayonlarini muvofiqlashtirish, ularning ijrosini monitoring qilish va baholashga qaratilgan institutsional mexanizmlar, xususan, Muvofiqlashtiruvchi kengash va parlament nazorati institutlarining ahamiyati ta’kidlandi.
Ma’ruzachi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarning BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan o‘zaro uyg‘unligiga ham alohida to‘xtaldi. Xususan, iqtisodiy farovonlik, ijtimoiy himoya, sifatli ta’lim, sog‘liqni saqlash, gender tengligi, toza ichimlik suvi va ekologik barqarorlik kabi yo‘nalishlarda belgilangan vazifalar mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Shu bilan birga, ekologiya va suv resurslarini muhofaza qilish, kambag‘allikni qisqartirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ta’lim sifatini oshirish hamda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash borasidagi huquqiy kafolatlar va milliy mexanizmlar haqida ma’lumot berildi.
Seminarda mahalliy vakillik organlarining Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishdagi o‘rni ham atroflicha muhokama qilindi.
Markaz eksperti Shodiyor Azizov o‘z ma’ruzasida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari global maqsadlarni hududlar va mahallalar darajasida amaliy natijalarga aylantirishda muhim bo‘g‘in ekanini ta’kidladi.
Darhaqiqat, mahalliy Kengash deputatlari aholining kundalik hayoti bilan bevosita bog‘liq muammolarni o‘rganish, ularning yechimi yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqish va mahalliy ijro organlari faoliyati ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirish orqali barqaror rivojlanish jarayonlariga salmoqli hissa qo‘shishi mumkin.
Ma’ruzada bu boradagi faoliyatning bir nechta muhim yo‘nalishiga e’tibor qaratildi. Jumladan, mahalliy me’yoriy byudjet mablag‘larini aholining dolzarb ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda maqsadli yo‘naltirish, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim va tibbiyot xizmatlari sifatini oshirish, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash hamda ekologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda deputatlarning tashabbuskorligi muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, davlat tashkilotlari va hududiy idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitish, belgilangan dasturlar ijrosini tahlil qilish, aniqlangan muammolar yuzasidan deputatlik so‘rovlarini yuborish va mas’ullarning hisobdorligini ta’minlash mahalliy Kengashlarning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Ayniqsa, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlashda Barqaror rivojlanish maqsadlariga moslikni ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar va yoshlarning qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Bunda deputatlarning mahalla faollari, «mahalla yettiligi», fuqarolik jamiyati institutlari va aholi bilan yaqin hamkorligi alohida o‘rin tutadi. Chunki barqaror rivojlanishga qaratilgan har qanday islohot, avvalo, odamlarning real ehtiyojlari va manfaatlariga xizmat qilishi, joylardagi mavjud muammolarning amaliy yechimiga yo‘naltirilishi lozim.
Tadbir davomida ishtirokchilar Barqaror rivojlanish maqsadlarini mahalliy darajada amalga oshirish, deputatlik nazorati mexanizmlaridan samarali foydalanish, aholi murojaatlari bilan ishlash va hududlarni rivojlantirish dasturlarida milliy maqsadlarni inobatga olish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Seminar yakunida ekspertlar ishtirokchilarning savollariga batafsil javob berib, mavzuga oid taqdimotlar hamda elektron va qog‘oz shaklidagi tarqatma materiallarni taqdim etdilar.
Xulosa qilib aytganda, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish faqat davlat organlari yoki alohida tashkilotlarning vazifasi emas. Bu jarayonda mahalliy Kengashlar, fuqarolik jamiyati institutlari, mahalla faollari va keng jamoatchilikning hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Zero, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh mezon — inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini oshirish va har bir fuqaro uchun munosib hayot sharoitlarini yaratishdir. Barqaror rivojlanish maqsadlari esa ushbu ezgu vazifalarni izchil amalga oshirish, milliy taraqqiyotni xalqaro mezonlar bilan uyg‘unlashtirish va 2030-yilga qadar belgilangan maqsadlarga erishishda muhim dasturiy asos bo‘lib xizmat qiladi.