Bugungi kunda ijtimoiy muammolarni hal etishda davlat idoralari bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va xususiy sektorning hamkorligi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biroq, har qanday tashabbusning qadri faqat uning amalga oshirilishi bilan emas, balki odamlar hayotida qanday ijobiy oʻzgarishlarga sabab boʻlgani bilan oʻlchanadi. Shu nuqtai nazardan, ijtimoiy loyihalarning samaradorligini oshirish, ularning natijalarini barqaror saqlab qolish va ilgʻor xalqaro tajribani milliy amaliyotga tatbiq etish dolzarb vazifalardan biridir.
Barqaror rivojlanish markazi Xalqaro aloqalar va loyihalar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Muslim Ergashbayev bilan suhbat.
Xoʻsh, ijtimoiy tashabbuslar haqiqiy natija berishi uchun nimalarga eʼtibor qaratish lozim? Xalqaro tajribada qanday samarali yondashuvlar mavjud va ulardan Oʻzbekiston sharoitida qanday foydalanish mumkin?
– Bugungi kunda ijtimoiy tashabbuslarning samaradorligini oshirishda qaysi jihatlarga eʼtibor qaratish zarur?
– Oʻzbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash, davlat ijtimoiy buyurtmalari va grantlar ajratish,jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning huquqiy hamda tashkiliy mehanizmlari shakllangan. Endilikda ularning amaliy natijadorligini oshirish muhim vazifalardan biridir. Buning uchun ijtimoiy loyihalarni baholashda oʻtkazilgan tadbirlar yoki ishtirokchilar soni bilan cheklanmasdan, aholi hayotida yuz bergan oʻzgarishlarni ham hisobga olish zarur.Masalan, yoshlarni kasbga oʻqitish dasturining natijasi faqat bitiruvchilar soni bilan emas, ularning ishga joylashishi va mehnati faoliyatini davom ettirishi bilan ham belgilanishi kerak.
Yana bir dolzarb masala muvaffaqiyatli tashabbuslarning grant muddati tugagach toʻxtab qolishidir. Bunga koʻpincha loyiha natijalaridan keyinchalik qaysi tashkilot foydalanishi va buning uchun qanday resurslar talab etilishi oldindan belgilanmagani sabab boʻladi. Shu bois ijtimoiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlashda ularning amaliy samarasi bilan bir qatorda, erishilgan natijalardan kelgusida foydalanish imkoniyatlarini ham koʻzda tutish maqsadga muvofiq.
– Xalqaro tajribada ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishning qanday samarali usullari mavjud?
– Turkiyada BMT Taraqqiyot dasturi va xususiy sektor hamkorligida hayotga joriy etilgan BOOST Civil Society Technology Challenge dasturi eʼtiborga molik. Unda dastlab 20 ta jamoat tashkiloti uch oylik oʻquv va ekspertlik koʻmagi dasturida ishtirok etgan. Keyingi bosqichda istiqbolli deb topilgan beshta tashkilotga 24 haftalik qoʻshimcha koʻmak va oʻz ishlanmalarini rivojlantirish uchun 10 ming AQSh dollarigacha mablagʻ olish imkoniyati berilgan.
Ushbu tajribaning asosiy afzalligi ijtimoiy tashabbuslarni bosqichma-bosqich rivojlantirishga asoslanganidir. Dastlab tashkilotlarga oʻz gʻoyalarini takomillashtirish va ularning amaliy imkoniyatlarini tekshirish uchun sharoit yaratiladi.Keyin esa istiqbolli yechimlarga qoʻshimcha resurslar yoʻnaltiriladi.
Masalan, nogironligi boʻlgan yoshlarni ishga joylashtirishga oid yangi dasturni dastlab kichik guruhda sinovdan oʻtkazish mumkin. Bu orqali kasbiy tayyorgarlikning qaysi usullari va ish beruvchilar bilan hamkorlikning qanday shakllari yaxshi natija berayotgani aniqlanadi. Ana shu maʼlumotlar asosida loyihani kengaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish moliyaviy xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.
– Grant yoki xalqaro dastur yakunlanganidan keyin ijtimoiy loyihalar natijalarini saqlab qolish borasida qanday tajribalar mavjud?
– Indoneziyadagi SINERGI dasturi bu jihatdan qiziqarli. Yoshlar bandligini qoʻllab-quvvatlashga doir mazkur tashabbus davlat muassasalari, jamoat tashkilotlari, taʼlim markazlari va xususiy korxonalar hamkorligida amalga oshirilgan.Dasturga 300 dan ortiq kompaniya jalb etilgan, 15 mingdan ziyod yoshlar qamrab olingan hamda ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand guruhlarga mansub 1500 nafardan ortiq yosh uchun yangi bandlik imkoniyatlari yaratilgan.
Mazkur tajribaning muhim jihati kasbiy taʼlimni ish beruvchilar ehtiyojlari bilan bogʻlash va muvaffaqiyatli yechimlarni mahalliy rejalashtirish hamda moliyalashtirish mehanizmlari orqali davom ettirishga intilishdir. Masalan, NNT tomonidan ishlab chiqilgan kasbga oʻqitish uslubi yaxshi natija bersa, undan keyinchalik tegishli taʼlim muassasalari foydalanishi mumkin. Buning uchun loyiha boshlanishidan oldin manfaatdor muassasalar bilan kelishish, mutaxassislarni tayyorlash va zarur resurslarni aniqlash muhim. Bunday yondashuv samarali ishlanmalarni doimiy ravishda yangi grantlarga bogʻlab qoʻymasdan, mavjud imkoniyatlardan foydalanishga yordam beradi.
– Ijtimoiy sheriklikda tashkilotlar oʻrtasidagi masʼuliyatni belgilash qanchalik muhim?
– Bu borada Hindistonning TESTA dasturi diqqatga sazovor. U odam savdosidan jabrlangan shaxslarga yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan boʻlib, davlat muassasalari, huquqiy xizmatlar, ijtimoiy xodimlar va jamoat tashkilotlarini birishtirgan. Dasturda hamkorlik boʻyicha masʼuliyat alohida xodimlarga emas, tegishli muassasalarga biriktirilgan. Natijada masʼul shaxs almashganda ham tashkilot zimmasidagi vazifalar saqlanishi nazarda tutilgan.
Bu tajriba Oʻzbekistondagi ijtimoiy va xalqaro loyihalar uchun ham ahamiyatli. Xususan, hamkorlik kelishuvlarida har bir tashkilotning vazifasi, ijro muddatlari, axborot almashish tartibi va kadrlar almashganda tugallanmagan ishlarni davom ettirish mehanizmini aniq belgilash lozim. Bu qoʻshma tashabbuslarning alohida shaxslarga bogʻliqligini kamaytirib,tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikning izchilligini taʼminlaydi.
– Ushbu xalqaro tajribalardan kelib chiqib, Oʻzbekistonda ijtimoiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash tizimini qanday takomillashtirish mumkin?
– Avvalo, davlat ijtimoiy buyurtmalari va grant tanlovlarida loyihalarni baholash mezonlarini yanada aniqlashtirish muhim. Tashkilot taqdim etgan taklifda faqat bajariladigan ishlar emas, balki hal etilishi koʻzda tutilgan muammoning koʻlami, kutilgan natijalar va ularni aniqlash usullari ham asoslab berilishi lozim. Bu tanlov jarayonida ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslarni ajratib olishga yordam beradi.
Ikkinchidan, yangi ijtimoiy xizmatlar yoki oʻqitish uslublarini ishlab chiqishga qaratilgan grantlar uchun dastlabki sinov bosqichini joriy etish mumkin. Bunda tashkilotga oʻz taklifini kichik miqyosda tekshirish imkoniyati beriladi. Qoʻshimcha mablagʻ ajratish masalasi esa mustaqil baholash natijalari asosida hal qilinadi. Bu usuldan barcha loyihalarda emas,avvalo, yangi yechimlarning samaradorligini amalda tekshirish zarur boʻlgan yoʻnalishlarda foydalanish maqsadga muvofiq.
Uchinchidan, ijtimoiy loyihalar natijalarini baholashda ularning xususiyatidan kelib chiqish kerak. Masalan, bandlik dasturlarida ishtirokchilarning qanchasi ishga joylashgani va olti oydan keyin ham mehnat faoliyatini davom ettirayotgani aniqlanishi lozim. Shu bilan birga, erishilgan natijalar sarflangan mablagʻlar bilan solishtirilsa, qaysi yondashuv iqtisodiy jihatdan samaraliroq ekanini baholash mumkin.
Samaradorligi tasdiqlangan ijtimoiy loyihalarning ishlanmalari va tajribasidan boshqa tashkilotlar ham foydalanishi uchun imkoniyat yaratish zarur. Buning uchun tegishli davlat muassasalari, NNTlar va oliy taʼlim tashkilotlari hamkorligida muvaffaqiyatli yechimlarni oʻrganish hamda ularni amaliyotga tatbiq etish tartibini ishlab chiqish mumkin.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda davlat ijtimoiy buyurtmalari va grantlar orqali nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash bilan birga, ushbu jarayonlarni raqamlashtirishga ham eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, ngo.gov.uz yagona elektron platformasi orqali grant tanlovlariga ariza topshirish, ularning koʻrib chiqilishini kuzatish va tanlov yoʻnalishlari muhokamasida ishtirok etish imkoniyatlari yaratilgan.
Kelgusida mazkur platformaning imkoniyatlarini kengaytirib, moliyalashtirilgan loyihalarning ijtimoiy natijalarini ham aks ettirish maqsadga muvofiq. Xususan, ajratilgan mablagʻlar va bajarilgan ishlar haqidagi maʼlumotlar bilan bir qatorda,loyiha tufayli qanday oʻzgarishlarga erishilgani hamda bu natijalar grant yakunlanganidan keyin qay darajada saqlanib qolgani haqidagi maʼlumotlarni joylashtirish mumkin. Bu davlat mablagʻlari hisobidan qoʻllab-quvvatlangan tashabbuslarning samaradorligini tahlil qilish va keyingi grant tanlovlari yoʻnalishlarini belgilashda avvalgi tajribadan foydalanish imkonini beradi.
Mazkur choralarni amaldagi mehanizmlar doirasida, qonunchilik talablarini hisobga olgan holda bosqichma-bosqich qoʻllash davlat va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi ijtimoiy sheriklikning natijadorligini oshirishga xizmat qiladi.Bu esa Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mavjud mablagʻ va imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish uchun muhimdir.