Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Yangiyo‘l tumanida BRM-3 “Sog‘liq va farovonlik” mavzusida jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi

18-09-2026 16

    

    2026-yil 17-sentyabr kuni Yangiyo‘l tumanida “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda aholi va yoshlarning o‘rni” mavzusida jamoat muhokamasi o‘tkazildi. Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘linmasi hamda Yangiyo‘l tumani hokimligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari va Mahalla uyushmasi vakillaridan iborat 50 nafar ishtirokchi qatnashdi.

    Tadbirni tuman bosh mutaxassisi Hilola Sulaymonova ochib berib, global hamda milliy vazifalarni amalga oshirishda mahalla institutining roliga to‘xtaldi. Muhokamaning asosiy kun tartibi BRMning 3-maqsadi — “Yaxshi sog‘liq va farovonlik” ijrosini ta’minlash, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda bu borada “Mahalla yettiligi” va jamoatchilik nazoratini mustahkamlashga qaratildi.

    Barqaror rivojlanish markazi viloyat bo‘linmasi rahbari Abdumanop Tulyaganov o‘z ma’ruzasida mahallani ijtimoiy barqarorlikning tayanch tuzilmasi sifatida baholadi. U “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” orqali manzilli ijtimoiy himoyani ta’minlash, yoshlar tarbiyasi, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda “Mahalla yettiligi” orqali aholi muammolarini joyida hal etish mexanizmlariga alohida urg‘u berdi.

    Markaz eksperti Shodiyor Azizov va tuman tibbiyot birlashmasi o‘rinbosari Muharram Quvondikova o‘z chiqishlarida sog‘liqni saqlash tizimini “davolash” modelidan “profilaktika va kasalliklarning oldini olish” modeliga o‘tkazish zaruratini ta’kidladilar. Bunda to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, raqamli tibbiyot (telemeditsina) imkoniyatlarini kengaytirish hamda fuqarolarning o‘z salomatligi uchun mas’uliyatini oshirish asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.

    Jamoat muhokamasi davomida mahalla raislari tomonidan ijro organlari va tegishli idoralar oldiga hududdagi dolzarb ekologik hamda sanitariya muammolari qo‘yildi. Xususan, “Kirariq” MFY raisi L. Shonazarova aholi yashash punktlarida joylashgan kimyoviy ishlab chiqarish quvvatlarini hududdan tashqariga ko‘chirish, “Darxon” MFY raisi A. Mirzayev mahallalarni chiqindi tashish texnikasi bilan ta’minlash taklifini ilgari surdi. “Vatan” va “Ozod” MFY raislari chiqindilarni noqonuniy joylashtirish va Bo‘zsuv kanali atrofiga to‘kish holatlariga chek qo‘yish, Ekologiya qo‘mitasi tomonidan jarima choralarini kuchaytirishni talab qildilar. Shuningdek, tumanda qarovsiz hayvonlar ko‘payib ketgani sababli jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

    Tadbir yakunida ko‘tarilgan tizimli va infratuzilmaviy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.

    Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘limi