Xalqaro siyosat, mintaqaviy hamkorlik va global taraqqiyot masalalarini yorituvchi Eurasia Review tahliliy nashrida Barqaror rivojlanish markazi boʻlim boshligʻi J.Isayevning «Beyond Geopolitics: Can the SCO Deliver on Sustainable Development?» («Geosiyosatdan tashqari: SHHT barqaror rivojlanishni taʼminlay oladimi?») nomli maqolasi chop etildi.
Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) tashkil topganining 25 yilligi munosabati bilan tayyorlangan mazkur materialda tashkilotning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishdagi imkoniyatlari tahlil qilingan.
Muallif SHHT faoliyati samaradorligini nafaqat siyosiy muloqotlar, qabul qilingan deklaratsiyalar va kelishuvlar, balki aʼzo davlatlar aholisi hayotidagi aniq ijobiy oʻzgarishlar orqali baholash muhimligini taʼkidlaydi.
Maqolada Oʻzbekistonning SHHT doirasida xalq diplomatiyasini rivojlantirish tajribasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, fuqarolik jamiyati institutlari, taʼlim muassasalari, yoshlar tashkilotlari va mahalliy hamjamiyatlar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqilgan.
Shuningdek, xalq diplomatiyasi imkoniyatlaridan sifatli taʼlim, barqaror shaharlar, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash va xalqaro sheriklik yoʻnalishlarida samarali foydalanish zarurligi asoslab berilgan.
Muallifning fikricha, SHHT doirasida universitetlararo hamkorlikni rivojlantirish, shaharlar oʻrtasida tajriba almashish, yoshlarning ekologik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish mintaqaviy hamkorlikka yangi amaliy mazmun bagʻishlashi mumkin.
Maqolaning asosiy gʻoyasi — SHHTning xalqaro nufuzi uning geosiyosiy ahamiyati bilangina emas, balki aholi farovonligi, inson kapitali va ekologik barqarorlikka qoʻshgan amaliy hissasi bilan ham belgilanishi lozim.
Mazkur maqola Oʻzbekistonning xalq diplomatiyasi va barqaror rivojlanish sohasidagi tajribasi hamda tashabbuslarini xalqaro ekspertlar hamjamiyatiga yetkazish, shuningdek, SHHT doirasidagi hamkorlikning yangi amaliy yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashishga xizmat qiladi.
Maqolaning toʻliq matni (ingliz tilida): https://www.eurasiareview.com/28102026-beyond-geopolitics-can-the-sco-deliver-on-sustainable-development-oped/