Bugungi dunyoda mintaqaviy hamkorlikning samaradorligi faqat savdo aylanmasi, investitsiyalar hajmi yoki imzolangan kelishuvlar soni bilan belgilanmaydi. Mamlakatlar oʻrtasidagi sheriklikning haqiqiy ahamiyati uning aholi farovonligi, iqtisodiyot raqobatbardoshligi, ekologik xavfsizlik va kelajak avlodlar imkoniyatlariga qoʻshgan hissasida namoyon boʻladi.
30 oktabr kuni Anqara shahrida «Turkiy asr: tilda, fikrda va ishda birlik» shiori ostida oʻtkazilgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammitida ilgari surilgan tashabbuslar aynan shu jihatdan eʼtiborga molik.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida tashkilotni oʻzaro ishonch va amaliy sheriklik maydoni sifatida baholab, iqtisodiy integratsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport, turizm, taʼlim va ekologik hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qator aniq takliflarni bildirdi.
Ushbu tashabbuslarning ahamiyati shundaki, ular turkiy davlatlarning tarixiy-madaniy yaqinligini zamonaviy iqtisodiy taraqqiyot va inson farovonligi bilan bogʻlashga qaratilgan. Bu esa Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030 yilgacha boʻlgan Barqaror rivojlanish kun tartibi bilan ham bevosita uygʻunlashadi.
Iqtisodiy hamkorlikdan amaliy natijalarga
Sammitda bildirilgan muhim takliflardan biri — «Turkiy dunyo – 100» dasturini qabul qilish tashabbusidir. Mazkur dastur yuzta strategik qoʻshma investitsiya va sanoat loyihasini qamrab olishi nazarda tutilmoqda.
Ularni amalga oshirishda Turkiy investitsiya jamgʻarmasi va xalqaro moliyaviy institutlar resurslaridan foydalanish, nodir va strategik minerallarni chuqur qayta ishlash, «yashil» energetika uskunalarini mahalliyalashtirish hamda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ustuvor ahamiyat berish taklif etildi.
Bu tashabbus BRMning munosib mehnat va iqtisodiy oʻsishga oid 8-maqsadi, sanoat va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan 9-maqsadi hamda masʼuliyatli ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi 12-maqsadi bilan uzviy bogʻliq.
Ayni paytda qoʻshma loyihalarning natijadorligini faqat investitsiyalar hajmi bilan emas, balki yaratilgan ish oʻrinlari, texnologik yangilanish, mahalliy korxonalar ishtiroki va resurslar samaradorligi orqali baholash muhim.
Prezident tomonidan tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tijorat ishlarida oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatish hamda elektron hujjat almashinuvini rivojlantirish boʻyicha ilgari surilgan takliflar ham ishbilarmonlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan.
Transport va turizm — integratsiyaning yangi imkoniyatlari
Davlatimiz rahbarining Oʻrta koridor va unga tutash transport yoʻlaklarini yaxlit iqtisodiy tizimga aylantirish haqidagi tashabbusi alohida ahamiyatga ega. Shu maqsadda «Turkiy davlatlar logistika komplekslari tarmogʻi»ni tashkil etish va uni birgalikda boshqarish taklif qilindi.
Bunday yondashuv transport yoʻlaklarini faqat yuk tashish marshruti emas, balki sanoat, savdo, investitsiya va raqamli xizmatlarni oʻzaro bogʻlovchi iqtisodiy makon sifatida rivojlantirish imkonini beradi.
Oʻzbekiston uchun bu tashqi savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish, transport xarajatlarini kamaytirish va yangi bozorlarga chiqishni kengaytirish nuqtai nazaridan muhimdir.
Sammitda «Turkiy turizm alyansi»ni tashkil etish taklifi ham ilgari surildi. Prezident keltirgan maʼlumotlarga koʻra, 2025 yilda turkiy davlatlarga 100 milliondan ziyod xorijlik sayyoh tashrif buyurgan.
Tarixiy shaharlar va madaniy meros meʼmoriy obʻektlarini qamrab oluvchi qoʻshma turistik yoʻnalishlar hududlarda kichik biznes, hunarmandchilik va xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirishi mumkin.
Shuningdek, fuqarolarning oʻzaro safarlari toʻgʻrisida koʻp tomonlama bitim ishlab chiqish, ID-kartalar asosida safar qilish imkoniyatlarini kengaytirish va chegaradan oʻtish tartiblarini soddalashtirish tashabbusi xalqlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada faollashtirishga xizmat qilishi mumkin.
Ushbu yoʻnalishlar BRMning iqtisodiy oʻsishga oid 8-maqsadi, barqaror shaharlar va madaniy merosni muhofaza qilishga doir 11-maqsadi hamda hamkorlikka bagʻishlangan 17-maqsadi bilan uygʻunlashadi.
Inson kapitali va ekologik barqarorlik
Anqara sammitida taʼlim va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish masalasiga ham eʼtibor qaratildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi Oʻzbekiston stipendiyasi» doirasida 500 nafar xorijlik talabaga grant asosida taʼlim olish imkoniyati yaratilganini taʼkidlab, turkiy davlatlar vakillariga har yili 200 ta taʼlim granti ajratishga tayyorlik bildirdi.
Bu tashabbus BRMning sifatli taʼlimga oid 4-maqsadi bilan bogʻliq boʻlib, kelgusida qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, texnologik hamkorlik va yuqori malakali mutassislar tayyorlash uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin.
Ekologik yoʻnalishda ham muhim yangilik qayd etildi. Davlatimiz rahbari 2027 yilni Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida «Tabiatni asrash yili» deb eʼlon qilish tashabbusi qoʻllab-quvvatlangani uchun minnatdorlik bildirdi.
Kelgusi yilning ustuvor ekologik vazifalarini Antaliyada oʻtadigan COP31 konferensiyasi doirasida tegishli vazirlar uchrashuvida muhokama qilish koʻzda tutilmoqda.
Mazkur yoʻnalish suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim oʻzgarishiga moslashish, yerlar degradatsiyasining oldini olish va qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish nuqtai nazaridan ahamiyatlidir. Bu vazifalar BRMning 6-, 7-, 13- va 15-maqsadlari bilan bevosita bogʻliq.
Hamkorlik samarasini qanday oshirish mumkin?
Anqara sammitida ilgari surilgan tashabbuslar turkiy davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni yangi amaliy bosqichga olib chiqish imkoniyatlarini ochmoqda. Biroq ularning uzoq muddatli samarasi aniq dasturlar, moliyalashtirish mehanizmlari va natijadorlik koʻrsatkichlariga bogʻliq.
Shu nuqtai nazardan, tashkilot doirasidagi ustuvor loyihalarni BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan tizimli bogʻlash maqsadga muvofiq.
Jumladan, «Turkiy dunyo – 100» dasturi doirasida bandlik va ishlab chiqarish koʻrsatkichlarini, logistika loyihalarida vaqt va xarajatlarning qisqarishini, turizmda mahalliy iqtisodiyotga qoʻshilgan hissani, taʼlimda grantlar qamrovini, ekologik dasturlarda esa resurslardan foydalanish samaradorligini baholash mumkin.
Bu borada Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida BRM boʻyicha ihtiyoriy ekspert muloqotini yoʻlga qoʻyish, milliy tajribalar bilan almashish va qoʻshma loyihalar natijadorligini mavjud xalqaro indikatorlar asosida tahlil qilish foydali boʻlar edi.
Oʻzbekistonning BRMni milliy taraqqiyot ustuvorliklari bilan uygʻunlashtirish tajribasi ham ushbu jarayonga amaliy hissa qoʻshishi mumkin.
Zero, turkiy davlatlar hamkorligining haqiqiy qiymati faqat qabul qilingan hujjatlar yoki iqtisodiy koʻrsatkichlarda emas, balki yangi ish oʻrinlari, sifatli taʼlim, ekologik xavfsizlik va aholi farovonligida namoyon boʻladi.
Tarixiy va madaniy birlikni aniq, oʻlchanadigan taraqqiyot natijalari bilan mustahkamlash — turkiy davlatlarning mushtarak kelajagi uchun muhim vazifadir.
Jahangir Isayev,
“Barqaror rivojlanish markazi” NNT boʻlim boshligʻi