Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Yer issiqligidan foydalanib, issiqxona xarajatini kamaytirish mumkinmi?

02-11-2026 46

    O‘zbekistonda issiqxonalarni qishda isitish katta energiya sarfini talab qiladi.    Shu bois masala faqat muqobil yoqilg‘i topishda emas, balki isitish tizimiga tushadigan yukni kamaytirishda hamdir. Shunday yechimlardan biri — yer–havo issiqlik almashinuvi tizimi.

    Tizimda tashqi havo yer ostiga yotqizilgan quvurlar orqali o‘tkaziladi. Qishda tashqi muhitdan iliqroq bo‘lgan tuproq havoni oldindan isitadi, yozda esa nisbatan salqin yer qatlami uni sovitadi. Natijada asosiy isitish yoki sovutish uskunasiga tushadigan yuk kamayadi.

    Texnologiya issiqxona sharoitida amalda sinovdan o‘tgan. Portugaliyaning Kovilyan shahrida 2020-yil fevralda o‘tkazilgan, natijalari 2023-yilda e’lon qilingan tajribada har biri qariyb 4 m³ hajmli ikki kichik issiqxona modeli solishtirilgan. Ulardan biriga 3 metr chuqurlikda, tuproq harorati 13°C bo‘lgan qatlamga 29 metrli spiral quvur tizimi o‘rnatilgan. Ayrim sinov rejimlarida isitish energiyasi sarfi 44,7 foizgacha kamaygan. Biroq tadqiqot sanoat issiqxonasida emas, kichik modelda o‘tkazilgan. Shuning uchun mazkur ko‘rsatkichni yirik issiqxonalar uchun tayyor natija sifatida qabul qilib bo‘lmaydi.

    Quruq iqlimdagi alohida tajriba Jazoirning Beshar hududida o‘tkazilgan. 66 metrli PVC quvur 1,5 metr chuqurlikka yotqizilganda, tizim havo haroratini isitish rejimida 10°C gacha oshirgan, sovutish rejimida esa 11,9°C gacha pasaytirgan. Bu sinov issiqxonada o‘tkazilmagan, ammo texnologiyaning qurg‘oqchil iqlimda havoni oldindan ilitish va sovutish salohiyatini ko‘rsatadi.

    Yechim O‘zbekistondagi yangi «yashil» isitish siyosati bilan hamohang. Prezidentning 2026-yil 13-oktabrdagi PQ–371-son qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-noyabrdan 2030-yil 1-aprelgacha belgilangan energiya samarador va ekologik toza isitish vositalaridan foydalanuvchi issiqxona xo‘jaliklariga oktabr–mart oylarida iste’mol qilingan elektr energiyasi qiymatining 50 foizi miqdorida mezon subsidiyasi ajratiladi. Yer–havo tizimi esa qarorda alohida sanab o‘tilmagan.

    Shu bois texnologiyani O‘zbekistonda to me’yoriy ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri subsidiyalanadigan yechim sifatida emas, balki pilot tarzda baholanishi lozim bo‘lgan imkoniyat sifatida ko‘rish to‘g‘ri. Mahalliy pilotlarda quvurlarni yotqizish xarajatlari, ventilyator elektr sarfi, texnik xizmat, tuproq harorati va namligi, kondensat hosil bo‘lishi hamda energiya tejamkorligi birgalikda baholanishi zarur. Shu asosda investitsiyaning qoplanish muddati aniqlanadi. Ijobiy texnik-iqtisodiy natija olinsa, texnologiyani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan energiya tejamkor yechimlar qatoriga kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqish mumkin.

    Alisher Azizov,

    “Barqaror rivojlanish markazi” NNT bosh mutaxassisi