Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi Yangiariq qurilish va transport texnikumida Barqaror rivojlanish markazi Xorazm viloyat bo‘linmasi tashabbusi bilan “Barqaror rivojlanishga ilk qadam: maqsad va vazifalar mazmuni va mohiyati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda barqaror rivojlanish maqsadlarining mazmun-mohiyatini yoshlarga tushuntirish, global va milliy maqsadlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ochib berish hamda O‘zbekistonda barqaror rivojlanishga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi.
Texnikum direktori Shavkat Xudayberganov tadbirni ochib, ta’lim muassasasida yoshlarning ekologik va ijtimoiy ongini oshirish, barqaror rivojlanish g‘oyalariga qiziqishni kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Barqaror rivojlanish markazi Xorazm viloyat bo‘linmasi rahbari, professor Baxtiyor Ruzmetov o‘z nutqida barqaror rivojlanish konsepsiyasining ilmiy va amaliy asoslari hamda uning global ahamiyatiga to‘xtalib, hozirgi kunda insoniyat oldida turgan uch asosiy global inqiroz — iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikning qisqarishi va atrof-muhit ifloslanishi, tabiiy resurslarning kamayishi — barqaror rivojlanish yo‘lidagi eng katta tahdidlar ekanini ta’kidladi.
Bo‘linma rahbari ushbu tahdidlarni yengish uchun har bir davlat va jamiyat, shu jumladan har bir yosh inson ham o‘z hissasini qo‘shishi zarurligini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, o‘sib kelayotgan avlodning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda faol ishtirok etishi, kelajak taraqqiyoti uchun poydevor bo‘ladi.
Xalqaro miqyosda ham O‘zbekistonning barqaror rivojlanish yo‘lidagi erishgan natijalari alohida e’tirof etilmoqda. BMTning “Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i” xalqaro tashkiloti 2025 yilgi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 167 ta davlat orasida 73,1 ball bilan 62-o‘rinni egalladi. 2015 yildan buyon mamlakat Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mintaqalarida barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda faol sur’atlarda taraqqiyotga erishgan davlat sifatida tan olinmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqidan iqtibos keltirilganidek:
“Biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini olib bormoqdamiz. Buning uchun ortga qaytmas islohotlarimizni izchil davom ettiryapmiz. Ustuvor maqsadimiz – mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir.”
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqardi. Ta’lim va ilm-fan sohasini modernizatsiya qilish, innovatsion tarmoqlar va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish orqali millionlab ish o‘rinlari yaratildi. Maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim qamrovi esa 9 foizdan 42 foizga yetdi.
Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi, ayollar va yoshlar salohiyatini yuksaltirish, raqamli transformatsiya va innovatsion texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishlaridagi islohotlar haqida ham ma’lumot berildi.
Davra suhbati yakunida yoshlar ongiga barqaror rivojlanish, tinchlik va bag‘rikenglik tamoyillarini singdirish, ularda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish muhim vazifa sifatida belgilandi. Tadbir shu bilan birga yosh avlodning barqaror rivojlanish maqsadlariga faol hissa qo‘shishi, global masalalarga mas’uliyat bilan yondashishi va o‘zini kelajak uchun mas’ul fuqaro sifatida rivojlantirishiga xizmat qildi.
Barqaror rivojlanish markazi
Xorazm viloyat bo‘linmasi rahbari, prof.,
Baxtiyor Ruzmetov