Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy hayotida mahallaning o‘rni

30-04-2026 276


    2026 yil 29 aprel kuni Barqaror rivojlanish markazi tashabbusi bilan Toshkent viloyatining Kibray tumanida mahalla faollari, fuqarolik jamiyati institutlari va ta’lim tizimi vakillari ishtirokida ilmiy-amaliy davra suhbati tashkil etildi. Tadbir “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mahallaning o‘rniga bag‘ishlanib, “Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy hayotida mahallaning o‘rni” mavzusida o‘tkazildi.

    Davra suhbati tuman o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari, texnikum o‘qituvchilari va o‘quvchilari, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bu esa tadbirning amaliy ahamiyatini oshirib, turli qatlam vakillarining fikr va tajribasini bir nuqtada jamlash imkonini berdi.

    Tadbir davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy va institutsional asoslari, ularning BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unligi atroflicha yoritildi. Shuningdek, xorijiy tajribalar tahlil qilinib, mahalla institutini rivojlantirishda samarali mexanizmlar haqida fikr almashildi. Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar va ularning amaliy natijalari yuzasidan ham ishtirokchilarga batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

    Muhokamalar jarayonida ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar ochiq muloqot ruhida ko‘rib chiqilib, jamoatchilik ishtirokini yanada kuchaytirish, mahallada manzilli ishlash mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha muhim fikrlar bildirildi. Bu esa tadbirning faqat axborot almashish bilan cheklanmasdan, amaliy yechimlar ishlab chiqishga xizmat qilganini ko‘rsatdi.

    Tadbirning ikkinchi — amaliy qismi ham mazmunli tashkil etildi. Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Bo‘stonliq tumanidagi ta’lim muassasalari hududlarida ko‘chat ekish tadbiri o‘tkazildi. Unda o‘quvchilar va pedagoglar faol ishtirok etib, bir qator mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.

    Mazkur tashabbus nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilishga xizmat qildi, balki yoshlar orasida ekologik madaniyatni shakllantirish, tabiatga ehtiyotkor munosabatni kuchaytirish va jamoaviy mas’uliyat hissini oshirishga qaratilgan muhim amaliy qadam sifatida namoyon bo‘ldi.