2026 yil 4 may kuni Toshkent shahrida mahalla raislari ishtirokida “O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida mahalla tizimining o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida jamiyatni barqaror rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va davlat boshqaruvini xalqchil asosda takomillashtirishda mahalla institutining roli alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, mahalla bugun joylarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish, aholi bilan manzilli ishlash va davlat siyosati ijrosini ta’minlashda muhim bo‘g‘inga aylangan.
Ayniqsa, “mahalla yettiligi” tizimining joriy etilishi aholi muammolarini joyida hal etish, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishda samarali mexanizm sifatida e’tirof etildi. Ushbu tizim orqali hududlardagi muammolarni tezkor aniqlash va ularga manzilli yechimlar ishlab chiqish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaygani ta’kidlandi.
Shuningdek, 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani mahalla institutini davlat va jamiyat hayotida yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan strategik qaror sifatida baholandi.