Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti haqidagi kitoblar — xalqaro intellektual muloqot markazida

08-07-2026 122

    Toshkentda 7–11-iyul kunlari o‘tkazilayotgan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi nafaqat ilmiy va ma’rifiy muloqotlar, balki O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyot tajribasini xalqaro hamjamiyatga keng tanitishga xizmat qilayotgan muhim maydonga aylandi.

    Turli davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, ekspertlar, siyosatshunoslar, jurnalistlar va din arboblari ishtirokida o‘tayotgan forumda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bag‘rikenglik siyosati, madaniy merosni asrab-avaylash va ilm-ma’rifatni rivojlantirish borasidagi ishlar yuksak e’tirof etilmoqda.

    Forum doirasida Barqaror rivojlanish markazi hamkorlari ishtirokida O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyot yo‘li, Yangi O‘zbekiston g‘oyasi va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yorituvchi kitoblar taqdimotlari tashkil etildi.

    Mazkur tadbirlar forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otib, konstruktiv muloqot va fikr almashuvlar uchun yana bir muhim maydon vazifasini o‘tadi.

    Jumladan, iroqlik publitsist va yozuvchi Ahmad Jasim Zubaydiy ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash, insonparvarlik tamoyillarini qaror toptirish hamda xorijiy davlatlar bilan o‘zaro ishonch va do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan siyosati aks etgan “Yangi O‘zbekiston: tinchlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik diyori” kitob-albomi forum ishtirokchilariga tanishtirildi.

    Ahmad Jasim Zubaydiyning ta’kidlashicha, mazkur kitob bilan tanishar ekan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizda ko‘p asrlar davomida turli millatlar va din vakillari tinch-totuv yashab kelgani haqidagi fikrlari unda katta taassurot qoldirgan. Uning qayd etishicha, ana shu tarixiy vorislik bugun Yangi O‘zbekistonda millatlararo totuvlik, dinlararo bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatga asoslangan davlat siyosatining mustahkam poydevoriga aylangan. Shu bilan birga, O‘zbekiston Konstitutsiyasida kafolatlangan vijdon va e’tiqod erkinligi, turli konfessiya va millat vakillari uchun yaratilgan teng huquq va imkoniyatlar mamlakatda insonparvarlik tamoyillari izchil qaror topayotganining yorqin ifodasi ekanini alohida e’tirof etdi.

    Pokistonlik jurnalist va yozuvchi Muxammad Abbos Xon mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, ilm-fan, ta’lim, innovatsiyalar hamda inson kapitalini rivojlantirishga bag‘ishlangan o‘zining “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” kitobini forum qatnashchilariga tanishtirdi. Muallif asarda Yangi O‘zbekistonning strategik taraqqiyot modeli, ma’rifatga tayangan davlat qurish g‘oyasi va keng ko‘lamli yangilanishlarni tahliliy yondashuv asosida yoritgan.

    O‘z chiqishida Muhammad Abbos Xon kitobning bosh g‘oyasi haqida to‘xtalib, “Mening nazdimda, Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans g‘oyasi shunchaki siyosiy reja emas, balki insoniy qadriyatlarni, siyosiy barqarorlikni va taraqqiyotga intilishni ustuvor maqomga qo‘yadigan O‘zbekiston kelajagining konsepsiyasidir. O‘zbekistondagi Uchinchi Renessans — bu faqat ma’naviy-siyosiy islohotlar yoki iqtisodiy jonlanish emas. Bu — undan-da ahamiyatliroq tarixiy hodisa, asrlar davomida ushbu mintaqaning javhari bo‘lgan buyuk madaniyat, ilm-fan va ma’rifat an’analarining qayta tiklanish jarayonidir”, deya ta’kidladi.

    Forumning yana bir ahamiyatli taqdimotlaridan biri sifatida xalqaro jurnalist Valeriy Biryukov ishtirokida «Shavkat Mirziyoyev – jahon miqyosidagi davlat va siyosat arbobi» kitob-albomi forum ishtirokchilari e’tiboriga havola qilindi. Mazkur nashrda O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatning ochiq va konstruktiv tashqi siyosati hamda bu jarayonlarga xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar rahbarlari va nufuzli ekspertlar tomonidan bildirilgan yuksak baho va e’tiroflar jamlangan.

    Kitobning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritgan Valeriy Biryukov uni tayyorlash jarayonida O‘zbekistonda kechayotgan tub o‘zgarishlarga xalqaro hamjamiyatning munosabati va baholarini chuqur o‘rganish imkoniga ega bo‘lganini ta’kidladi. Uning fikricha, ushbu kitobda jamlangan fikrlar Yangi O‘zbekiston islohotlarining xalqaro miqyosda qanday qabul qilinayotganini xolis aks ettiradi. Bu borada BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning: “O‘zbekiston Prezidenti — adolat, tinchlik va bunyodkorlik tamoyillarini izchil ilgari surayotgan yetakchidir. Uning rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan yangi yangilanishlar davrini ochib berib, mamlakat rivojida haqiqiy kvant sakrashiga aylandi. Janobi Oliylari Shavkat Mirziyoyev xalqlar o‘rtasidagi hamkorlik ko‘priklarini bunyod etuvchi, halol vositachi va tinchlik elchisidir”, degan fikrlarini yorqin misol sifatida keltirdi.

    Valeriy Biryukovning qayd etishicha, kitobda o‘rin olgan bunday e’tiroflar shunchaki rasmiy bayonotlar emas. Ular Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosati, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat hamda mamlakatning xalqaro maydonda tobora mustahkamlanib borayotgan nufuziga berilgan xolis va asosli bahoning amaliy ifodasidir. Shu ma’noda, mazkur kitob nafaqat xalqaro fikr-mulohazalar to‘plami, balki Yangi O‘zbekistonning jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotgan taraqqiyot yo‘lini yorituvchi muhim manba sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi.

    Taqdimotlardan so‘ng o‘tkazilgan muhokamalarda xorijlik ekspertlar mazkur kitoblar forumning bosh g‘oyasi — tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat orqali taraqqiyotga erishish tamoyilining amaliy ifodasi ekanini alohida ta’kidladilar.

    Ularning fikricha, kitoblarda keltirilgan ma’lumotlar va hayotiy misollar Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar nazariy g‘oya emas, balki aniq natijalarga asoslangan taraqqiyot modeli ekanini yaqqol namoyon etadi.

    Ekspertlar, shuningdek, O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik muhitini qaror toptirish, madaniy merosni asrab-avaylash, ilm-fan va ta’limni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirish borasidagi ishlar forum mavzusi bilan to‘la hamohang ekanini qayd etdilar. Ularning ta’kidlashicha, mazkur kitoblar mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarni xalqaro o‘quvchi va ekspertlar uchun xolis, dalillarga asoslangan manba sifatida aks ettirishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

    Forum ishtirokchilari mazkur nashrlar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ochiq va konstruktiv siyosati, inson qadrini ulug‘lash, bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash hamda Uchinchi Renessans g‘oyalarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyatga ega ekanini e’tirof etdilar.