Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Yangi O‘zbekiston — Arab dunyosi e’tirofida

23-11-2026 14

    2026-yil 19-noyabr kuni Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi poytaxti Ammon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli fundamental asarining arab tilidagi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

    Mazkur asar jahon davlat va siyosat arboblari, xalqaro tashkilotlar vakillarining yuksak e’tiborini qozonib, xorijiy nashriyotlarda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Bugunga qadar u arab, ingliz, italyan, rus va urdu tillariga tarjima qilinib, keng kitobxonlar ommasiga taqdim etildi.

    Xalqaro miqyosda katta qiziqish uyg‘otgan asarning arab tilidagi taqdimotida Iordaniya parlamenti — Majlis al-Umma a’zolari, davlat va jamoat arboblari, taniqli siyosatchilar, yirik biznes vakillari, nufuzli tahlil markazlari ekspertlari hamda Arab Sharqining yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

    Taqdimot ishtirokchilari mazkur asarda ilgari surilgan va umumbashariy muammolar yechimiga doir konseptual g‘oyalarni muhokama qilib, O‘zbekistondagi islohotlar va ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlarni o‘rganayotgan xalqaro tadqiqotchilarning baholari bilan tanishdilar.

    Asarda jahondagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik o‘zgarishlar, 2016-yildan buyon O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, institutsional modernizatsiya jarayonlari, ularning mamlakat taraqqiyoti va tashqi siyosatiga ta’siri atroflicha tahlil qilingan.

    Shuningdek, ushbu o‘zgarishlarning xalqaro ahamiyati, O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

    “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” kitobining taqdimot tadbirlari Ammon shahridagi bir qator nufuzli maskanlarda, jumladan, Al-ul-Bayt universiteti hamda Jahon islom fanlari va ta’lim universitetida (WISE) o‘tkazildi.

    Mazkur nomdagi kitob bilan bir qatorda arab tilida nashr etilgan yana to‘qqizta nomdagi kitob va albom ham taqdim etildi. Ushbu nashrlarda Yangi O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, boy tarixiy merosi, Uchinchi Renessans g‘oyasi hamda mamlakatning xalqaro tashabbuslari yoritilgan.

    Kitoblar taqdimotida ishtirok etgan Iordaniya Podshohligi Vaqf va islom ishlari vaziri Shayx Muhammad Ahmad Al-Xalayla, jumladan shunday dedi:

    “Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Shavkat Mirziyoyevning muborak qalamiga mansub asarlar taqdimotida ishtirok etdik. Ushbu kitoblarda mamlakatning boy sivilizatsion merosi, bugungi islohotlari va kelajak taraqqiyotiga qaratilgan ezgu maqsadlar chuqur aks etgan. Ular O‘zbekistonning bugungi qiyofasi va rivojlanish yo‘lini anglashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

    Ayniqsa, Prezident rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar alohida e’tiborga loyiq. Dinning insonparvarlik mohiyatini anglash, ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik va sog‘lom diniy tafakkurni qaror toptirishga qaratilgan bu sa’y-harakatlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun musulmon dunyosi uchun ham muhim tajriba bo‘lishi mumkin.

    Alloh taolo muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarini O‘z panohida asrab, ezgu niyatlarini ijobat aylasin!”

    Qayd etib o‘tilganidek tadbirlarda Iordaniya parlamenti — Majlis al-Umma a’zolari ham faol ishtirok etdi. Xususan,    Mamduh Nabos – Iordaniya A’yonlar majlisi (Senat) a’zosi    o‘z nutqida quyidagi fikrlarni bildirdi:

    “Bugun vatanim Iordaniyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” asari taqdimotida ishtirok etayotganimdan mamnunman. Mazkur tadbir muazzam O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti, mintaqaviy va xalqaro maydondagi tobora yuksalib borayotgan nufuzini yanada chuqurroq anglash imkonini berdi. Asar bilan tanishar ekanman, unda mamlakat taqdiri uchun yuksak mas’uliyat, inson qadriga ehtirom va kelajak avlodlar oldidagi burch tuyg‘usi mujassam ekanini his qildim.

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, strategik tafakkuri va uzoqni ko‘ra bilishi Yangi O‘zbekistonning bugungi qiyofasi va xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishida muhim omil bo‘lmoqda.

    Ishonchim komilki, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ma’naviy yaqinlikka asoslangan munosabatlar bugungi kabi ma’rifiy muloqotlar orqali yanada mustahkamlanadi. Zero, xalqlar do‘stligi, avvalo, qalblar va tafakkurlar yaqinligi bilan yuksaladi”.

    “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli asarni arab tiliga taniqli adib, professor Ahmad Al-Zubaydi tarjima qilgan.

    Ta’kidlash lozimki, janob    Ahmad Al-Zubaydi    uzoq yillar O‘zbekistonda yashab, arab dunyosi matbuoti uchun mamlakatimiz haqida minglab maqolalar yozgan. Taniqli adibning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ilmiy-ma’rifiy, diniy-ma’naviy sohada olib borayotgan siyosatining mohiyati va tub falsafasini yoritishga bag‘ishlangan arab tilidagi    “Ma’naviyat — Yangi O‘zbekistonning Zuhro yulduzi”    nomli asari esa kitobxonlar e’tiborini tortdi.

    Janob Ahmad Al-Zubaydi o‘z intervyusida shunday dedi:

    “Menimcha, Yangi O‘zbekiston haqida chuqurroq tasavvurga ega bo‘lishni istagan har bir arab kitobxoni ushbu asarlarni o‘qishi kerak. Zero, ularda Prezident Shavkat Mirziyoyevning strategik tafakkuri, uzoqni ko‘ra bilishi, ilg‘or g‘oyalari va mamlakat kelajagiga qaratilgan qarashlari mujassam. U qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqan, arab dunyosi bilan hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratayotgan va Yangi O‘zbekistonning bunyodkori sifatida tarixda o‘z o‘rnini topayotgan davlat arbobidir.

    Arablarda “Al-ilmu nur”, ya’ni «Ilm — nurdir», degan hikmat bor. O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan Muhammad al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud az-Zamaxshariy kabi buyuk allomalar asrlar davomida insoniyatga ilm-ma’rifat ziyosini taratib kelgan. Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyevni ana shu ulug‘ ma’rifatparvarlik an’analarining munosib davomchisi deb bilaman. Uning islohotlari, ilg‘or g‘oyalari va taraqqiyotga qaratilgan siyosati nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro hamjamiyat uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda”.

    Taqdimot doirasida taqdim qilingan “Shavkat Mirziyoyev — jahon miqyosidagi davlat va siyosat arbobi”, “Mustaqillik zafarnomasi” va “Yangi O‘zbekiston: tinchlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik diyori” kitob-albomlari, “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” kabi qator kitoblar Iordaniya kutubxonalariga ko‘p nusxada sovg‘a qilindi va kitobxonlar qo‘liga yetib bordi.

    Taqdimotlar davomida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan arab tilida tayyorlangan    “Yangi O‘zbekiston fenomeni”ga bag‘ishlangan qator videoroliklar namoyish etildi.

    Amman shahridagi xalqaro taqdimotlar O‘zbekistonning boy islomiy va ilmiy merosini xalqaro hamjamiyatga keng tanitish, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ma’rifiy loyihalar mazmun-mohiyatini teran anglash, shuningdek, O‘zbekiston va Iordaniya, qolaversa, butun Arab Sharqi davlatlari o‘rtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Barqaror rivojlanish markazi

matbuot xizmati