2025 yil 30 oktyabr kuni Toshkentda “Barqaror rivojlanish markazi” nodavlat notijorat tashkiloti va Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat barqaror rivojlanish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, atrof-muhit muhofazasi va “yashil iqtisodiyot” sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida quyidagilar nazarda tutilgan:
iqlim o‘zgarishi va ekologiya sohasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
talabalar, magistrantlar va yosh olimlar uchun stajirovkalar, malaka oshirish kurslari va akademik mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
aholi, ayniqsa yoshlar va xotinqizlar o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirishga qaratilgan ma’rifiy va axborot kampaniyalarini o‘tkazish;
O‘zbekistonda va mintaqada xalqaro konferensiyalar, forumlar va davra suhbatlarini tashkil etish;
milliy qonunchilikni takomillashtirishda xalqaro huquqiy tajribani joriy etish hamda xorijiy ekspertlar bilan hamkorlik qilish.
Tomonlar o‘rtasida imzolangan ushbu hujjat kelgusi 5 yil davomida qo‘shma tashabbuslar uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, u milliy va mintaqaviy darajada BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda.