2026yil 1 fevraldan boshlab Oʼzbekiston Respublikasida aholini ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reestri” hamda “Kambagʼal oilalar reestri” negizida yagona “Ijtimoiy reestr” joriy etildi.
Yangi reestr ijtimoiy himoya choralarini manzilli, shaffof va samarali tashkil etish, shuningdek, aholining ehtiyojmand qatlamlarini aniq baholash va qoʼllab-quvvatlash mexanizmlarini muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
“Ijtimoiy reestr” doirasida oilalar quyidagi uch toifaga ajratiladi:
1. Davlat taʼminotidagi oilalar — oila aʼzolari mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan boʼlib, har bir aʼzoga toʼgʼri keladigan jami oʼrtacha oylik daromad minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʼlgan oilalar;
2. Kambagʼal oilalar — oila aʼzolari mehnatga layoqatli yoki mehnat qilish imkoniyatiga ega boʼlgan, ammo har bir aʼzoga toʼgʼri keladigan jami oʼrtacha oylik daromad minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʼlgan oilalar;
3. Kambagʼallik chegarasidagi oilalar — oila aʼzolarining har biriga toʼgʼri keladigan jami oʼrtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining bir baravaridan bir yarim baravarigacha boʼlgan oilalar.
Yagona “Ijtimoiy reestr”ning joriy etilishi aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat siyosati samaradorligini oshirish, ijtimoiy yordam va xizmatlarni manzilli taqdim etish hamda kambagʼallikni qisqartirishga qaratilgan tizimli islohotlarning muhim bosqichi hisoblanadi.