Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Xotin-qizlar huquqlari: tenglik va himoya kafolati

24-03-2026 207

Bugungi kunda dunyoda xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash va ularga teng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston qonunchiligida ham xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida teng huquqlilikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunida belgilanganidek, davlat xotin-qizlar va erkaklarga shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlarni amalga oshirishda teng huquq va imkoniyatlarni kafolatlaydi. Bu esa jamiyatda adolat va barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.                        

Shuningdek, xotin-qizlar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonlarida, ta’lim, sog‘liqni saqlash, mehnat va boshqa sohalarda erkaklar bilan teng ishtirok etish huquqiga ega. Bu imkoniyatlar nafaqat huquqiy jihatdan, balki amaliy jihatdan ham ta’minlanishi lozim. Chunki haqiqiy tenglik faqat qonunlarda emas, balki hayotda ham namoyon bo‘lishi kerak.                        

Ayniqsa, xotin-qizlarni himoya qilishga qaratilgan alohida normalar ham mavjud. Jumladan, homilador ayollar va yosh bolali onalarni mehnat sharoitida asrashga alohida e’tibor qaratiladi. Qonunchilikka muvofiq, homilador ayollar yoki 14 yoshga to‘lmagan bolasi bor (nogironligi bo‘lgan 16 yoshgacha bolasi bor) onalar faqat o‘z roziligi bilan tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga yoki xizmat safariga jalb qilinishi mumkin. Bu esa ularning sog‘lig‘i va oilaviy sharoitini muhofaza qilishga xizmat qiladi.                        

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, gender tenglikka erishish – bu faqat huquq berish bilan cheklanib qolmaydi. Ushbu jarayonda jins bo‘yicha kamsitishni bartaraf etish, xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish va ular uchun xavfsiz muhit yaratish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda davlat tomonidan maxsus chora-tadbirlar ham amalga oshiriladi.                        

Xulosa qilib aytganda, xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash – bu faqat ijtimoiy adolat masalasi emas, balki jamiyat taraqqiyotining asosiy omillaridan biridir. Chunki xotin-qizlar faol va himoyalangan jamiyatda barqaror rivojlanishga erishish imkoniyati yanada ortib boradi.                    

Madinabonu Sharifova Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi