Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Turkiy dunyo: birlik va taraqqiyot sari yangi qadam

18-05-2026 1444

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitidagi nutqi zamonaviy turkiy integratsiyaning yangi bosqichini belgilab beruvchi muhim siyosiy ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, nutqda global beqarorlik, raqamli transformatsiya, ekologik xavfsizlik va yoshlar siyosati kabi masalalarning bir-biri bilan uygʻun holda koʻtarilgani uning strategik mazmunini yanada kuchaytirdi.

    Soʻnggi yillarda Turkiy davlatlar tashkiloti barqaror rivojlanish surʼatlarini namoyon etayotgan nufuzli tuzilmaga aylandi. Xususan, 2025 yilda tashkilot davlatlarining umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshib, oʻsish surʼati global koʻrsatkichdan ikki barobar yuqori 6,8 foizni tashkil etdi. Shu asosda Oʻzbekistonning TDT mamlakatlari bilan savdo-investitsiya hamkorligi ham jadal rivojlanmoqda. 2017–2025 yillarda oʻzaro savdo aylanmasi 2,7 baravarga oshib, 4 mlrd dollardan 11 mlrd dollarga yetdi. Savdoda asosiy ulush Qozogʻiston 46 foiz va Turkiya 28 foiz hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

    Shuningdek, eksport tarkibida sanoat mahsulotlari, mashinasozlik, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlari yetakchi oʻrinni egallasa, importda oziq-ovqat, mineral yoqilgʻi va transport uskunalari ustunlik qilmoqda.

    Shu bilan birga, TDT mamlakatlaridan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga 2017–2025 yillarda 11,5 mlrd dollardan ziyod investitsiya jalb qilingan boʻlib, Turkiya eng yirik investor sifatida 2025 yilning oʻzida 2,4 mlrd dollar sarmoya kiritdi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda TDT davlatlari kapitali ishtirokida 4,5 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, bu esa turkiy davlatlar oʻrtasidagi iqtisodiy integratsiya va strategik sheriklik tobora mustahkamlanayotganini koʻrsatadi.

    Prezident nutqida turkiy davlatlar oʻrtasidagi hamkorlik nafaqat tarixiy va madaniy yaqinlikka, balki zamonaviy iqtisodiy va texnologik manfaatlarga ham tayanishi lozimligi alohida taʼkidlandi. Bugungi kunda xalqaro munosabatlarda ishonch inqirozi chuqurlashayotgan bir paytda turkiy davlatlarning oʻzaro birlashuvi mintaqa barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyoti uchun muhim omil ekani qayd etildi. Shu maʼnoda, “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasiga sodiqlik tashkilotning uzoq muddatli strategik maqsadlarini namoyon etadi.

    Nutqning eng muhim jihatlaridan biri sunʼiy intellekt va raqamli taraqqiyot masalalariga bagʻishlanganidir. Prezident tomonidan ilgari surilgan “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi” zamonaviy texnologiyalar orqali mintaqaviy integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan muhim tashabbus hisoblanadi. Data markazlarini yagona yuqori tezlikdagi infratuzilmaga ulash, raqamli platformalarni rivojlantirish va texnologik forumlar tashkil etish orqali turkiy davlatlar global raqamli iqtisodiyotda munosib oʻrin egallash imkoniga ega boʻladi.

    Shu bilan birga, Prezident yoshlar siyosati va taʼlim sohasiga alohida urgʻu berdi. “5 million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturi orqali yosh avlodni zamonaviy bilim va koʻnikmalar bilan taʼminlash tashabbusi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun turkiy dunyo uchun dolzarb ahamiyatga ega. Yoshlarning innovatsion startaplari va ilmiy ishlanmalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshma venchur jamgʻarmasi tuzish taklifi ham amaliy ahamiyat kasb etadi. Bu esa kelajakda turkiy davlatlar iqtisodiyotida yuqori texnologiyali sohalar ulushini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

    Ekologik xavfsizlik va iqlim oʻzgarishi masalalari ham nutqda muhim oʻrin egalladi. Ayniqsa, sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari asosida iqlim xatarlarini monitoring qilish tizimini yaratish tashabbusi zamonaviy yondashuv sifatida diqqatga sazovor. Markaziy Osiyoda suv resurslari va iqlim muammolari tobora dolzarblashayotgan sharoitda bu kabi hamkorlik mexanizmlari mintaqa barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega boʻladi.

    Shuningdek, kiberxavfsizlik sohasida Turkiy alyans tuzish tashabbusi ham yangi tahdidlarni aniqlash va ularning oldini olishga javob sifatida ilgari surildi. Zamonaviy raqamli makonda xavfsizlikni taʼminlash, axborot almashuvini kuchaytirish va mutaxassislar tayyorlash masalalari turkiy davlatlarning umumiy manfaatlariga xizmat qiladi.

    Umuman olganda, mazkur muloqotdagi tashabbuslar turkiy davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan strategik dastur vazifasini bajaradi. Unda tarixiy birlik va madaniy yaqinlik zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar va iqtisodiy hamkorlik bilan uygʻunlashtirildi. Bu esa kelajakda turkiy dunyoning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

    Iskandar OʻROQBOYEV Barqaror rivojlanish markazi eksperti