Barqaror rivojlanish markazi ekspertining O‘zbekiston–Yevropa Ittifoqi hamkorligi istiqbollariga bag‘ishlangan tahliliy maqolasi EUReflect xalqaro nashrida chop etildi.
2026-yil 21-noyabrda Yevropa va xalqaro munosabatlarga ixtisoslashgan EUReflect nashrida Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Isayevning “From Cotton to Credibility: Can Uzbekistan Meet Europe’s New Sustainability Test?” («Paxtadan xalqaro ishonch sari: O‘zbekiston Yevropaning yangi barqarorlik talablariga javob bera oladimi?») nomli ingliz tilidagi tahliliy maqolasi e’lon qilindi.
Maqolada O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini modernizatsiya qilish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish hamda Yevropa Ittifoqi bozorida shakllanayotgan ekologik va texnologik talablarga moslashish imkoniyatlari tahlil qilingan.
Muallif ta’kidlashicha, xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni ta’minlashda mahsulot narxi va sifati bilan bir qatorda,ishlab chiqarish jarayonlarining resurs samaradorligi, ekologik ko‘rsatkichlari va shaffofligi ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Materialda Yevropa Komissiyasi ma’lumotlariga tayanib, 2024-yilda O‘zbekistondan Yevropa Ittifoqiga GSP+ imtiyozlari asosida amalga oshirilgan tovarlar importi 448,2 million yevroga yetgani qayd etilgan. Bu mamlakatning Yevropa bozori bilan savdo aloqalarini yanada rivojlantirish salohiyatini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqida 2027-yildan qo‘llanadigan yangilangan savdo qoidalari hamda to‘qimachilik mahsulotlariga oid ishlab chiqilayotgan ekologik standartlar tahlil qilinib, milliy korxonalarning ushbu o‘zgarishlarga bosqichma-bosqich tayyorgarlik ko‘rishi muhimligi asoslangan.
Maqolada O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha to‘rtta ustuvor yo‘nalish taklif etilgan:
· To‘qimachilik mahsulotlarining kelib chiqishi va ishlab chiqarish bosqichlarini kuzatish imkonini beruvchi pilot loyihalarni amalga oshirish.
· Suv va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda ularning natijadorligini aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash.
· Yevropa texnologiya kompaniyalari va O‘zbekiston korxonalari ishtirokida qo‘shma innovatsion loyihalarni rivojlantirish.
· Kichik va o‘rta korxonalarning Yevropa bozori talablariga moslashishini texnologik va uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash.
Muallif ushbu yondashuvlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari, jumladan, toza suv va sanitariya (6-maqsad), sanoat va innovatsiyalar (9-maqsad), mas’uliyatli iste’mol va ishlab chiqarish (12-maqsad) hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish (13-maqsad) bilan bevosita bog‘liqligini ko‘rsatib bergan.
Tahliliy materialning asosiy xulosasi shundan iboratki, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida barqaror to‘qimachilik sanoati bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish nafaqat eksport imkoniyatlarini kengaytirish, balki zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, resurslardan samarali foydalanish va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ham xizmat qilishi mumkin.
Maqolaning to‘liq matni (ingliz tilida): https://www.eureflect.com/from-cotton-to-credibility-can-uzbekistan-meet-europes-new-sustainability-test