Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Toza havoga eltuvchi yo‘l — aniq ma’lumot va tezkor choralar

10-09-2026 24

    Bugun shaharlar rivojini faqat yangi binolar va keng yo‘llar emas, aholi nafas olayotgan havoning sifati ham belgilaydi. Jahon bankining 2024 yilgi hisobotida Toshkentda 2018–2022 yillarda olib borilgan kuzatuvlar tahlil qilingan. Natijalarga ko‘ra, mayda PM2.5zarrachalarining yillik o‘rtacha miqdori Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan me’yordan olti baravardan ziyod bo‘lgan. Inson faoliyati ta’sirida yuzaga keladigan ifloslanish manbalari tarkibida isitish tizimlarining ulushi 28 foiz, transportniki 16 foiz, sanoatniki esa 13 foizni tashkil etadi. Yoz oylarida shamol ko‘targan changning ulushi 36 foizga yetadi. Demak, muammoning manbasi fasl va hududga qarab o‘zgaradi. Unga qarshi choralar ham ana shu sharoitdan kelib chiqib belgilanishi zarur. Bu vazifa BRM 3 — sog‘lom turmush tarzini ta’minlash, BRM 11 — barqaror shaharlar va aholi punktlarini rivojlantirish hamda BRM 13 — iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar ko‘rish maqsadlari bilan ham bevosita bog‘liq.

    Shu sabab monitoring faqat o‘lchov bilan cheklanmasligi kerak. Olingan ko‘rsatkichlar ifloslanish qayerda kuchayganini, uning ehtimoliy manbalarini aniqlash va mas’ul tuzilmalarni o‘z vaqtida harakatga keltirishga xizmat qilishi lozim. BMT Taraqqiyot dasturining Singapurdagi Global markazi 2026 yil 10 iyunda e’lon qilgan «Toza havo tizimlari: ma’lumotlar, innovatsiyalar va institutsional o‘zgarishlarni bog‘lash» nomli tahliliy maqolada shu maqsadga qaratilgan yechimlar ilgari surilgan. Ular orasida shaharning turli hududlariga nisbatan arzon sensor qurilmalarini o‘rnatish, sun’iy intellekt yordamida ifloslanishning ehtimoliy manbalarini tahlil qilish, vaziyat og‘irlashishini oldindan baholash va aholini ogohlantirish kabi choralar bor. Ochiq kodli vositalar hamda tashkilotlar o‘rtasidagi axborot almashinuvi esa kuzatuv, tahlil, ogohlantirish va tezkor javobni yagona jarayonga bog‘laydi.

    O‘zbekistonda bu yondashuvni amalga oshirish uchun dastlabki asos shakllanmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 25 noyabrdagi 783-son qaroriga muvofiq, respublika tuman va shaharlarida atmosfera ifloslanishini kuzatuvchi 347 ta kichik avtomatlashtirilgan stansiya o‘rnatilishi belgilangan. Bu hozir faoliyat ko‘rsatayotgan qurilmalar soni emas, balki qarorda tasdiqlangan rejadir. Kelgusida ulardan olinadigan axborotni sanoat korxonalari, ob-havo xizmati, transport oqimi va isitish tarmoqlariga oid ko‘rsatkichlar bilan yagona raqamli platformada birlashtirish mumkin. Shunda tarqoq raqamlar muayyan hududdagi ekologik holatning yaxlit manzarasini namoyon etadi.

    Umumiy platformaga jamlangan axborot sun’iy intellekt vositalari yordamida tez tahlil qilinib, xavf qayd etilgan hudud va ifloslanishning ehtimoliy manbalari baholanadi. Agar asosiy omil avtomobillar oqimi bo‘lsa, transport xizmatlari harakatni tartibga solish choralarini ko‘radi. Muammo qurilish maydoni yoki sanoat korxonasi atrofida kuzatilsa, nazorat guruhi o‘sha joyga yo‘naltiriladi. Vaziyat yomonlashishi kutilsa, aholiga salomatlikni asrash bo‘yicha tavsiyalar yuboriladi, maktablar va shifoxonalar oldindan xabardor qilinadi. Shu tariqa raqamlar kechikib e’lon qilinadigan statistika emas, insonlarni xavfdan asrashga xizmat qiluvchi tezkor signalga aylanadi.

    Bu g‘oyani sinovdan o‘tkazish uchun mamlakatda muayyan tajriba to‘plangan. 2025 yilning birinchi yarmida respublikada havo, suv va tuproq sifati 228 ta obyektda ekologik monitoring amalga oshirilgan. Orolbo‘yida BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida 17 ta avtomatik stansiya milliy ekologik monitoring tizimiga integratsiya qilingan. Shu imkoniyatlarga tayanib, bunday raqamli platformani dastlab Toshkentning aholi zich hududlari hamda chang bo‘ronlari ko‘p kuzatiladigan Qoraqalpog‘istonda sinab ko‘rish mumkin. Poytaxtda transport, isitish, qurilish va sanoat ta’siri o‘rganilsa, Qoraqalpog‘istonda tabiiy chang va kuchli shamol sharoitida texnologiyaning samaradorligi baholanadi. Olingan tajriba keyinchalik eng maqbul yechimlarni boshqa hududlarga tatbiq etishga yordam beradi.

    Biroq natijani texnologiyaning o‘zi emas, undan qanday foydalanish belgilaydi. Ekologiya va sog‘liqni saqlash idoralari, transport, energetika va qurilish tashkilotlari, O‘zgidromet hamda hokimliklar o‘zaro muvofiqlashgan holda ishlashi zarur. Jamoatchilik uchun ochiq interaktiv xaritada atmosfera havosining holati, muammo qayd etilgan hudud, ko‘rilgan choralar va ularning samarasi muntazam aks ettirib borilishi kerak. Bunday yondashuv Barqaror rivojlanish maqsadlarining tegishli ko‘rsatkichlarini aniq ma’lumotlar asosida baholash imkonini ham kengaytiradi. Shunda har bir ko‘rsatkich hisobot uchun emas, inson salomatligini asrash uchun xizmat qiladi. Toza havo esa shunchaki chaqiruv bo‘lib qolmay, aholi kundalik hayotida his qiladigan aniq natijaga aylanadi.

Alisher Azizov,

“Barqaror rivojlanish markazi” NNT bosh mutaxassisi