BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi va 2026 yilgi SDG Moment arafasida barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishning mintaqaviy mexanizmlari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jahongir Isaev
8 sentyabr kuni BMT Bosh Assa+mbleyasining 81-sessiyasi ochilib, 18 sentyabrda jahon etakchilari BRM bo‘yicha maxsus tadbir — SDG Moment doirasida to‘planadi. Bu uchrashuvlar 2030 yilgacha qolgan vaqtda barqaror rivojlanish suratini qanday tezlashtirish mumkinligi haqidagi savolni yana kun tartibiga olib chiqadi.
BMTning 2026 yilgi Barqaror rivojlanish maqsadlari hisobotiga ko‘ra, tendensiyani baholash uchun etarli malumot mavjud 139 ta vazifaning atigi 36 foizi rejaga muvofiq yoki o‘rtacha suratda ilgarilamoqda. Hisobot ko‘proq investisiya, texnologiya, malumot va xalqaro hamkorlik zarurligini takidlaydi. Shu bilan birga, ko‘plab murakkab taraqqiyot muammolari mintaqaviy xususiyatga ega bo‘lsa-da, ijro mexanizmlarining asosiy qismi hali ham milliy darajada tashkil etilgan.
Suv havzalari, elektr tarmoqlari, transport yo‘laklari, havo ifloslanishi, iqlim xavflari va mehnat bozorlari davlat chegaralarida to‘xtab qolmaydi. Shuning uchun milliy rejalarni mintaqaviy muvofiqlashuv, umumiy malumotlar, qo‘shma moliyalashtirish va hisobdorlik mexanizmlari bilan to‘ldirish ehtiyoji ortib bormoqda.
Markaziy Osiyo bu borada muayyan amaliy tajriba to‘play boshladi. Mintaqani tayyor namuna sifatida ko‘rsatish to‘g‘ri emas: suv tanqisligi, infratuzilma bo‘shliqlari va institutlar salohiyatidagi tafovutlar hali jiddiy. Biroq 2026 yilda ilgari surilgan bir qator tashabbuslar BRM uchun mintaqaviy ijro mexanizmi qanday shakllanishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Aprel oyida BMT Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni taminlash uchun mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy integrasiyani kuchaytirishga qaratilgan 80/260-rezolyusiyani qabul qildi. Beshta Markaziy Osiyo davlati va 66 ta hammuallif davlat qo‘llab-quvvatlagan hujjat mamlakatlar o‘rtasida muvofiqlashuvni kuchaytirish, BMT agentliklari, jamg‘armalari va dasturlarining faoliyatini mintaqaviy ustuvor vazifalar atrofida uyg‘unlashtirishga chaqirdi.
Bu yondashuv xalqaro tashkilotlar va taraqqiyot hamkorlarining bir xil transchegaraviy muammo bo‘yicha turli mamlakatlardagi dasturlarini umumiy natijalar atrofida birlashtirish imkonini beradi. Masalan, suv samaradorligi, toza elektr energiyasi savdosi yoki transport bog‘liqligini yaxshilash kabi bir nechta o‘lchanadigan vazifalarni belgilab, milliy islohotlar va moliyaviy resurslarni shu yo‘nalishlarga muvofiqlashtirish mumkin.
Energetika sohasida bunday harakat allaqachon boshlandi. Jahon banki yanvar oyida Mintaqaviy elektr energiyasi bozori, o‘zaro bog‘liqlik va savdo dasturining birinchi bosqichini maqulladi. O‘n yillik tashabbus Markaziy Osiyoda ilk mintaqaviy elektr bozorini shakllantirish, uzatish quvvatlarini kengaytirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini katta miqyosda integrasiya qilishni ko‘zda tutadi.
Suv sohasi ham hamkorlikning amaliy ahamiyatini ko‘rsatadi. Jahon banki hisob-kitobiga ko‘ra, milliy suv tizimlari o‘rtasidagi etarli bo‘lmagan hamkorlik Markaziy Osiyoga yiliga 4,5 milliard dollardan ortiq iqtisodiy zarar keltiradi. Iyul oyida Bank Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi orqali amalga oshiriladigan, transchegaraviy suv boshqaruvini mustahkamlash, suv hisobini raqamlashtirish va qo‘shma infratuzilma loyihalarini tayyorlashga qaratilgan mintaqaviy loyihani maqulladi. Undan bevosita yoki bilvosita 40 millionga yaqin aholi manfaat ko‘rishi kutilmoqda.
Albatta, mintaqaviy hamkorlik oson jarayon emas. Yuqori va quyi oqim davlatlarining suvga bo‘lgan manfaatlari, elektr eksportchilari va importchilarining mavsumiy ehtiyojlari, tranzit davlatlar va dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakatlarning transport yo‘laklaridan oladigan foydasi bir xil emas. Shuning uchun samarali model manfaatlarni taqsimlash, nizolarni hal etish va shaffof monitoring mexanizmlarini ham qamrab olishi zarur.
Markaziy Osiyoda shakllanayotgan tajribadan global BRM tizimi uchun to‘rtta amaliy xulosa chiqarish mumkin. Birinchidan, mintaqaviy hamkorlik aniq va o‘lchanadigan vazifalarga tayanishi kerak. Ikkinchidan, ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari qo‘shma natijani rag‘batlantiradigan mintaqaviy moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirishi maqsadga muvofiq. Uchinchidan, umumiy standartlar va o‘zaro ishlaydigan malumot platformalari mintaqaviy jamoat infratuzilmasining bir qismi sifatida qaralishi lozim. To‘rtinchidan, BMT taraqqiyot tizimi transchegaraviy muammolarda mamlakat dasturlarini umumiy mintaqaviy natijalar doirasida muvofiqlashtirishi mumkin.
Bu yondashuv milliy suverenitetni kamaytirmaydi. Aksincha, alohida davlat o‘zi hal qila olmaydigan muammolarni boshqarish uchun qo‘shimcha vositalar yaratadi. Mintaqaviy hamkorlik global hamkorlikni ham almashtirmaydi — u global maqsadlar bilan milliy ijro o‘rtasidagi muhim bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajaradi.
2026 yilgi SDG Moment samara bergan echimlarni keng miqyosga olib chiqishga urg‘u beradi. Markaziy Osiyoda shakllanayotgan mexanizmlar shu nuqtai nazardan diqqatga sazovor: ular alohida loyihalarni emas, mamlakatlar, byudjetlar, malumotlar va hisobdorlikni bog‘laydigan institutlarni ham rivojlantirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
BRMlarning keyingi bosqichida asosiy etibor yangi vadalarga emas, amaliy ijro mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilishi lozim. Ko‘plab maqsadlar uchun esa bunday mexanizmning samarali darajalaridan biri — mintaqaviy hamkorlikdir.
Jahongir Isaev — «Barqaror rivojlanish markazi» NNT bo‘lim boshlig‘i. Barqaror rivojlanish, xalqaro hamkorlik va mintaqaviy siyosat mavzularida maqolalar yozadi.