Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

O‘zbekistonda turizm sohasi: iqtisodiy o‘sish va barqarorlik kafolati

31-03-2026 119

Bugungi iqtisodiy islohotlar jarayonida turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash va mamlakatning sayyohlik salohiyatini oshirish barqaror rivojlanishning ajralmas qismidir. O‘zbekistonda xorijiy mehmonlar uchun qulay muhit yaratish va sohani zamonaviy talablarga moslashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa hududlarni rivojlantirish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.                        

Mazkur yo‘nalishda 2026 yilning dastlabki ikki oyidagi ko‘rsatkichlar alohida diqqatga sazovor. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-fevral oylarida mamlakatimizga 1,77 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga nisbatan 441 ming kishiga yoki 33 foizga oshgani sohadagi ijobiy dinamikani yaqqol tasdiqlaydi. Sayyohlar oqimining bunday keskin o‘sishi nafaqat statistik natija, balki yurtimizda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosatining amaliy ifodasidir.                        

Shuningdek, sayyohlarning asosiy oqimini an’anaviy tarzda qo‘shni mamlakatlar ta’minlamoqda. Tashriflar soni bo‘yicha:                    

Qirg‘iziston (521 ming),                    

Tojikiston (469 ming) va                    

Qozog‘iston (386 ming) yetakchilik qilmoqda.                        

Shu bilan birga, kuchli o‘ntalikka Rossiya, Afg‘oniston, Turkmaniston, Xitoy, Turkiya, Hindiston va Janubiy Koreya kabi davlatlarning kirishi O‘zbekistonning xalqaro turistik jozibadorligi kengayib borayotganidan dalolat beradi.                        

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, turizm sohasidagi barqaror o‘sish – bu faqat sayyohlar sonini oshirish bilan cheklanib qolmaydi. Ushbu jarayonda yangi ish o‘rinlarini yaratish, xizmatlar sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish va hududlarning infratuzilmasini yaxshilash muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, bu imkoniyatlar Barqaror rivojlanishning 8-maqsadida belgilangan "Munosib ish joylari va iqtisodiy o‘sish" vazifasi bilan to‘liq hamohangdir. Mazkur maqsad doirasida barqaror turizmni rag‘batlantirish orqali yangi bandlik imkoniyatlarini yaratish, mahalliy madaniyat va mahsulotlarni keng targ‘ib qilish iqtisodiy taraqqiyotning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.                        

Xulosa qilib aytganda, turizm sohasini tizimli rivojlantirish – bu faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar masalasi emas, balki mamlakat taraqqiyotining asosiy omillaridan biridir. Chunki turistik salohiyati yuksak va xalqaro hamkorlik mustahkam bo‘lgan jamiyatda barqaror rivojlanishga erishish imkoniyati yanada ortib boradi.                    

Madinabonu Sharifova Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi