O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy yaqinlikdan sanoat kooperatsiyasi, investitsiyalar, texnologiyalar va mintaqaviy bog‘liqlikka asoslangan amaliy sheriklik sari bormoqda.
O‘zbekiston–Hindiston munosabatlarining bugungi bosqichini bir ibora bilan ifodalash mumkin: tarixiy yaqinlikni amaliy sheriklikka aylantirish davri. Аsrlar davomida savdo yo‘llari, ilm-fan va madaniyat orqali bog‘langan ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlar hozir investitsiyalar, sanoat, texnologiyalar, transport, farmatsevtika, taʼlim va energetika kabi sohalarda yangi mazmun kasb etmoqda.
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga kutilayotgan tashrifi ana shu jarayonga yangi surʼat bag‘ishlashi mumkin. Masala navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvning o‘zida emas, balki yillar davomida shakllangan siyosiy ishonchni aniq iqtisodiy va texnologik natijalarga aylantirish imkoniyatidadir. O‘zbekiston va Hindiston 2011 yilda strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatgan. Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoev va Bosh vazir Narendra Modi o‘rtasidagi muntazam muloqot bu sheriklikka izchillik bag‘ishladi.
Siyosiy ishonchdan iqtisodiy natijaga
Bugun ikki tomonlama munosabatlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri iqtisodiy manfaatdir. Hindiston Savdo va sanoat vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi qariyb 1,5 milliard dollardan oshgan. Tomonlar esa mavjud salohiyat bu ko‘rsatkichdan ancha yuqori ekanini qayd etib, yaqin uch yil ichida savdoni ikki baravar oshirish maqsadini ilgari surmoqda.
Yangi bosqichda masala faqat savdo hajmini ko‘paytirishdan iborat emas. Muhimi — yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish, qo‘shma investitsiyalar va ishlab chiqarishni kengaytirish, uchinchi bozorlarga birgalikda chiqishdir. 2024 yilda imzolangan va 2025 yilda kuchga kirgan ikki tomonlama investitsiya bitimi ham investorlar uchun huquqiy kafolatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqatni qayta ishlash, axborot texnologiyalari, mashinasozlik kabi yo‘nalishlar iqtisodiy sheriklikning asosiy o‘sish nuqtalari sifatida ko‘rilmoqda. Hindiston biznesining O‘zbekistondagi gidroenergetika, konchilik va infratuzilma loyihalariga qiziqishi ham bu jarayonning amaliy tus olayotganini ko‘rsatadi.
Sanoat va texnologiyalar — yangi imkoniyatlar
So‘nggi muloqotlarda kritik va kamyob yer minerallari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Elektronika, akkumulyatorlar, elektr transporti va qayta tiklanuvchi energetika rivojlangan sari bunday resurslarga talab ortib bormoqda. O‘zbekiston uchun bu sohadagi asosiy manfaat xomashyoni eksport qilish bilan cheklanmasdan, uni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjirlarini mamlakat ichida rivojlantirishdan iborat.
Farmatsevtika va raqamli iqtisodiyot ham tabiiy hamkorlik maydonidir. Hindiston dori vositalari, tibbiy texnologiyalar, axborot texnologiyalari va raqamli xizmatlar sohasida katta tajribaga ega. O‘zbekiston uchun esa qo‘shma korxonalar tashkil etish, mahalliylashtirish, dasturiy mahsulotlar yaratish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlash ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Energetika sohasida ham manfaatlar mushtarak. Quyosh va shamol energetikasi, energiya tejamkor texnologiyalar, energiya saqlash tizimlari, suv tejovchi yechimlar va ekologik toza ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik iqtisodiy sheriklikni barqaror taraqqiyot vazifalari bilan bog‘lashi mumkin.
Transport va inson kapitali
Ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri quruqlik yo‘lining yo‘qligi savdo salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qiluvchi asosiy omillardan biri. Shu bois Eronning Chobahor porti orqali transport yo‘nalishlarini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega. Biroq samarali yo‘lak port va temir yo‘lning o‘zi bilan cheklanmaydi: raqobatbardosh tariflar, soddalashtirilgan bojxona tartiblari, standartlarni o‘zaro tan olish va raqamlashtirilgan logistika ham zarur.
Sheriklikning uzoq muddatli poydevori esa inson kapitalida. Hindiston Prezidenti kotibiyati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekistondan 3 mingdan ziyod davlat xizmatchisi, mutaxassis va talaba Hindistonning texnik-iqtisodiy hamkorlik hamda stipendiya dasturlarida qatnashgan. Аyni paytda O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarida 16 mingdan ortiq hindistonlik talaba tahsil olmoqda. Bu salohiyatni qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, muhandislik va IT dasturlari, akademik almashinuvlar bilan boyitish mumkin.
Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik ham strategik sheriklikning muhim qismi. 2026 yil aprelь oyida Namangan viloyatida O‘zbekiston va Hindiston qurolli kuchlarining “Do‘stlik” qo‘shma mashqlari o‘tkazildi. Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, Аfg‘onistonda barqarorlikni taʼminlash va xavfsiz transport yo‘laklarini shakllantirish Toshkent va Dehlining umumiy manfaatlariga daxldor.
Yangi bosqichning asosiy mezoni
Bugun O‘zbekiston–Hindiston munosabatlarida zarur siyosiy poydevor mavjud. Savdo o‘smoqda, investitsiyalar uchun huquqiy baza mustahkamlandi, yangi sanoat va texnologik yo‘nalishlar shakllanmoqda. Endi asosiy vazifa — ana shu imkoniyatlarni amaliy natijaga aylantirish.
Shu maʼnoda kutilayotgan oliy darajadagi muloqot samarasini faqat imzolanadigan hujjatlar soni bilan o‘lchash to‘g‘ri emas. Аsosiy mezon — kelishuvlarning yangi ishlab chiqarish quvvatlari, investitsiya loyihalari, texnologiyalar, ish o‘rinlari, eksport bozorlari va kadrlar tayyorlash dasturlariga aylanishidir.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazida, Hindiston esa Janubiy Osiyoning yirik iqtisodiy va texnologik markazlaridan biri. Shu bois Toshkent–Dehli strategik sherikligining yangi bosqichi tarixiy do‘stlikni zamonaviy iqtisodiy mazmun bilan boyitish, ikki mintaqa o‘rtasida savdo, texnologiya va taraqqiyot ko‘priklarini mustahkamlash imkoniyatidir.
Jahongir Isaev,
“Barqaror rivojlanish markazi” NNT bo‘lim boshlig‘i
Batafsil: https://www.uzbekembassy.in/toshkent-dehli-strategik-sheriklikning-yangi-bosqichi/?lang=uz