2026-yilning 26-noyabr kuni Abu Rayhon Beruniy universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda, Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘linmasi ishtirokida “Konstitutsionalizm konsepsiyasi: zamonaviy talqinlar va milliy model” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Mazkur anjuman konstitutsionalizmning zamonaviy konsepsiyalarini ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan tahlil qilish,O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatini ochib berish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish hamda milliy yuridik fanning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashga qaratildi.
Anjumanda Rossiya Federatsiyasi va boshqa xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalarining yetakchi mutaxassislari, mamlakatimizning taniqli huquqshunos olimlari, parlament, sud, prokuratura, ichki ishlar organlari, davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Ushbu tadbirda Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘linmasi rahbari, yuridik fanlar doktori, professor A.Tulyaganov ikkinchi sho‘ba davomida ma’ruza bilan so‘zga chiqib, Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining (2023-yil 30-aprel) 14-moddasida davlat faoliyatining asosiy maqsadi sifatida mustahkamlanganligini ilmiy asoslab berdi. Shuningdek, BMTning 2030-yilgacha mo‘ljallangan BRM yo‘nalishlari Asosiy Qonunimizning qator moddalarida o‘z aksini topgani yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Anjuman doirasida Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash, konstitutsiyaviy shikoyat instituti amaliyoti, favqulodda vaziyatlarda inson huquq va erkinliklarini cheklashning konstitutsiyaviy chegaralari, fuqarolik jamiyatining siyosiy-huquqiy madaniyati, jamoat xavfsizligi va shaxs erkinligi o‘rtasidagi konstitutsiyaviy muvozanat, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlarning milliy va xorijiy tajribasi yuzasidan ilmiy ma’ruzalar tinglandi.
Ilmiy tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad globallashuv va integratsiyalashuv jarayonlari jadallashayotgan sharoitda yurisprudensiyani rivojlantirishga doir zamonaviy ilmiy yondashuvlarni shakllantirish, ilm-fаn, ta’lim va huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilishi hamda ularni amaliyotga tatbiq etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etilishiga kelishib olindi.
Mazkur ilmiy-amaliy anjuman milliy konstitutsionalizm modelini rivojlantirish, konstitutsiyaviy qadriyatlarni jamiyat hayotiga chuqur singdirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy davlat asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Barqaror rivojlanish markazi
Toshkent viloyati bo‘linmasi