Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Chiqindidan resursga: aylanma iqtisodiyot sharoitida yangi ijtimoiy imkoniyatlar va kelajak kasblari

27-11-2026 134

    Zamonaviy dunyoda iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichi tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, ularning iqtisodiy qiymatini saqlash hamda qo‘shimcha qiymat yaratish salohiyati bilan belgilanmoqda.

    Shu nuqtayi nazardan, aylanma iqtisodiyot konsepsiyasi barqaror rivojlanishning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu yondashuvning asosiy mohiyati mahsulot va materiallarning foydalanish muddatini uzaytirish, ularni qayta ishlash, ta’mirlash va qayta foydalanish orqali iqtisodiy qiymatini saqlab qolishdan iborat.

    An’anaviy iqtisodiy modelda mahsulot ishlab chiqarish, iste’mol qilish va tashlab yuborish jarayoni ustuvor bo‘lsa, aylanma iqtisodiyotda resurslardan takroriy foydalanish va ularni yangi mahsulot yaratish jarayoniga qaytarish muhim o‘rin tutadi. Masalan, ishlatilgan kiyim-kechakdan yangi mahsulotlar tayyorlash, eski elektron qurilmalar tarkibidagi qimmatli materiallarni ajratib olish, organik chiqindilardan o‘g‘it ishlab chiqarish yoki plastik mahsulotlarni qayta ishlash orqali yangi iqtisodiy faoliyat turlarini shakllantirish mumkin.

    Mazkur konsepsiyaning e’tiborga molik jihati shundaki, u ekologik maqsadlar bilan bir qatorda yangi ijtimoiy va iqtisodiy imkoniyatlarni ham vujudga keltiradi. Xususan, chiqindilarni saralash, qayta ishlash, mahsulotlarni ta’mirlash, qayta dizayn qilish va ikkilamchi xomashyodan foydalanish kabi yo‘nalishlar yangi tadbirkorlik tashabbuslari hamda mehnat bozorida yangi kasblarning shakllanishiga zamin yaratadi.

    Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki guruhi va Circle Economy hamkorligida tayyorlangan 2025-yilgi tadqiqotda jahon bo‘yicha 121–142 million kishi aylanma iqtisodiyot bilan bog‘liq sohalarda faoliyat yuritishi qayd etilgan. Ushbu ko‘rsatkich qayta ta’mirlash, texnik xizmat ko‘rsatish, qayta ishlash, ikkilamchi mahsulotlar savdosi va chiqindilarni boshqarish kabi faoliyat turlarini qamrab oladi. Bu esa aylanma iqtisodiyotni nafaqat ekologik yondashuv, balki bandlik va tadbirkorlikni rivojlantirishning muhim yo‘nalishi sifatida ham ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatadi.

    O‘zbekiston uchun mazkur yo‘nalishning istiqbollari, ayniqsa, tekstil, qishloq xo‘jaligi, qurilish va elektron texnika sohalarida namoyon bo‘ladi. Mamlakatimizda ishlab chiqarish hajmlari va iste’mol bozori kengayib borayotgan bir sharoitda ikkilamchi resurslardan foydalanish yangi qo‘shimcha qiymat yaratish imkoniyatini shakllantiradi.

    Xususan, BMT Taraqqiyot dasturining 2026-yilda e’lon qilingan «Unlocking the Potential of Circular Textile Value Chains in Kyrgyzstan and Uzbekistan» tadqiqoti O‘zbekiston va Qirg‘iziston tekstil hamda tikuv-trikotaj sanoatida aylanma ishlab chiqarish zanjirlarini rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rgangan. 134 ta korxona ishtirokida o‘tkazilgan so‘rovlar va sohaviy tahlillar asosida resurslardan samarali foydalanish, mahsulotlarning xizmat muddatini uzaytirish va ishlab chiqarish jarayonlarida aylanma yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha amaliy yo‘nalishlar belgilangan.

    Aylanma iqtisodiyotni rivojlantirishda eng muhim vazifalardan biri uning imkoniyatlarini aholining kundalik hayoti va iqtisodiy faoliyati bilan bog‘lashdir. Buning uchun ta’lim muassasalarida resurslardan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish, yoshlarni qayta ishlash texnologiyalari va ekologik tadbirkorlikka jalb etish, kichik biznes subyektlarining innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega.

    Shuningdek, kelajak mehnat bozorida ekologik muhandis, qayta ishlash texnologiyalari mutaxassisi, mahsulotlarni qayta dizayn qilish bo‘yicha dizayner, resurslar samaradorligi tahlilchisi va aylanma ishlab chiqarish menejeri kabi kasblarga bo‘lgan ehtiyoj ortishi mumkin. Bu esa kasbiy ta’lim tizimida yangi yo‘nalishlarni rivojlantirish va yoshlarni kelajak iqtisodiyoti talablariga tayyorlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

    Aylanma iqtisodiyotning yana bir istiqbolli jihati uni mahalliy tadbirkorlik va hududiy rivojlanish bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatidir. Masalan, mahallalarda qayta foydalanish markazlari, kiyim-kechak va maishiy texnikani ta’mirlash ustaxonalari, organik chiqindilardan o‘g‘it ishlab chiqarish loyihalari hamda ikkilamchi xomashyoni qabul qilish va saralash tizimlarini rivojlantirish mumkin. Bunday tashabbuslar nafaqat resurslardan samarali foydalanishga, balki mahalliy aholi bandligi va kichik biznes imkoniyatlarini kengaytirishga ham xizmat qiladi.

    Xulosa qilib aytganda, aylanma iqtisodiyotga o‘tishni faqat chiqindilarni kamaytirish yoki ekologik vaziyatni yaxshilash bilan cheklab bo‘lmaydi. Bu ishlab chiqarish madaniyati, iste’mol odatlari, kasbiy ko‘nikmalar va iqtisodiy munosabatlarni yangicha tashkil etishni nazarda tutadigan keng qamrovli jarayondir.

    O‘zbekiston uchun ushbu yo‘nalish mavjud resurslardan yangi qiymat yaratish, innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish va kelajak mehnat bozori uchun yangi imkoniyatlar shakllantirishga xizmat qilishi mumkin. Zero, kelajak iqtisodiyotida muvaffaqiyatning muhim omillaridan biri mavjud resurslardan oqilona foydalanish, ularning iqtisodiy qiymatini saqlash va yangi qiymat yaratish manbaiga aylantirish salohiyatidir.

    Sharifova Madinabonu,

    Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi