Gender tengligi jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni taʼminlash hamda inson salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishda hal qiluvchi rol oʻynaydi. Mamlakatimiz mustaqillik yillarida bu sohada qanday natijalarga erishdi?
Bu haqda Barqaror rivojlanish markazi eksperti Shahzoda Rahimova soʻzlab berdi:
— Mustaqillikning 35 yili — ayrim qarorlarni emas, balki jamiyatda roʻy bergan chuqur oʻzgarishlarni baholash uchun yetarli tarixiy davrdir. Ushbu transformatsiyaning eng koʻzga tashlanadigan yoʻnalishlaridan biri xotin-qizlarga nisbatan davlat siyosati boʻldi.
Mustaqillik yillarida faqat qonunchilik oʻzgargani yoʻq. Davlat siyosatining falsafasi ham bosqichma-bosqich oʻzgardi: xotin-qizlarni asosan ijtimoiy himoya qilish va onalikni qoʻllab-quvvatlashdan taʼlim olish, kasbiy kamol topish, iqtisodiy mustaqillik va xotin-qizlarning qaror qabul qilishda ishtirok etishi uchun sharoit yaratishga oʻtildi. Ehtimol, aynan shu oʻtish zamonaviy Oʻzbekistondagi gender evolyutsiyasining asosiy mazmunini tashkil etadi.
Bugungi kunda gender tengligi masalasini faqat ijtimoiy yoki demografik muammo sifatida koʻrib boʻlmaydi. Xotin-qizlarning iqtisodiyot, fan, tadbirkorlik va davlat boshqaruvidagi ishtiroki inson kapitali sifati, mehnat unumdorligi, innovatsion taraqqiyot va jamiyat barqarorligi bilan bevosita bogʻliq. Shu bois Barqaror rivojlanish maqsadi — gender tengligining amalga oshirilishi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining kengroq kun tartibi tarkibiga kirmoqda.
Oʻzbekistonning gender siyosati mustaqillik yillarida bir necha bosqichni bosib oʻtdi. 1990-yillar va 2000-yillar boshida oila, onalik va bolalikni ijtimoiy himoya qilish, oʻtish davri sharoitida ijtimoiy barqarorlikni saqlash obyektiv ravishda asosiy ustuvorlik boʻlib qoldi. Meʼyoriy baza shakllantirildi, xotin-qizlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning asosiy yoʻnalishlari belgilandi.
2000–2016-yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning huquqiy hamda institutsional bazasi bosqichma-bosqich rivojlandi, biroq ularning taʼlim, bandlik, iqtisodiy faollik va davlat boshqaruvi sohalaridagi imkoniyatlari kengayishini cheklab turgan bir qator tizimli toʻsiqlar saqlanib qoldi. Oliy taʼlimga hamda ayrim kasblarga cheklangan kirish imkoniyati, shuningdek, xotin-qizlarning rahbarlik lavozimlaridagi nisbatan past vakilligi ularning inson va kasbiy salohiyati toʻliqroq namoyon boʻlishiga toʻsqinlik qiluvchi jiddiy omillar boʻlib qoldi.
2017-yilga kelib aholining oliy taʼlim bilan qamrovi 9 foiz atrofida edi, oliy taʼlim tizimida tahsil olayotganlar orasida xotin-qizlarning ulushi esa 40 foizdan past boʻlib qolayotgan edi. Maishiy zoʻravonlikning oldini olish va undan himoya qilish masalalari ham davlat siyosatining mustaqil va kompleks tartibga solinadigan yoʻnalishi sifatida hali shakllanmagan edi. Ushbu omillar birgalikda teng huquqlarning rasmiy mustahkamlanishi bilan xotin-qizlarning jamiyat hayotining turli sohalaridagi real imkoniyatlari oʻrtasida tafovut saqlanib qolganidan dalolat berardi.
Sifat jihatidan burilish 2017-yildan keyin boshlandi. Aynan shu davrda gender siyosati tizimli tus ola boshladi: ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash bilan bir qatorda teng imkoniyatlar, bandlik, taʼlim, tadbirkorlik, siyosiy ishtirok va zoʻravonlikdan himoya masalalari birinchi oʻringa chiqdi.
Asosiy natijalardan biri yaxlit huquqiy bazaning shakllantirilishi boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquq hamda imkoniyatlarga ega ekani, davlat esa ularning huquq va imkoniyatlari tengligini hayotning turli sohalarida taʼminlashi mustahkamlab qoʻyilgan.
«Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida» hamda «Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida»gi qonunlarning qabul qilinishi muhim ahamiyatga ega boʻldi. Soʻnggi yillardagi sifat oʻzgarishlari xalqaro baholarda ham aks etdi. Jahon bankining Women, Business and the Law 2026 reytingi bu jihatdan koʻrsatkichlidir: Oʻzbekiston unda 190 mamlakat orasida 48-oʻringa koʻtarildi va islohotlar surʼati boʻyicha eng yaxshi beshlikka kirdi, harakatlanish erkinligi, nikoh, mehnatga haq toʻlash, bolalarga gʻamxoʻrlik va aktivlarga egalik qilish yoʻnalishlari boʻyicha eng yuqori ballarni oldi.
Bu raqamlar avvalo shuning uchun ahamiyatliki, ular gender siyosatining navbatdagi bosqichi endi yangi meʼyorlarni qabul qilish bilan emas, balki ularning toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash bilan bogʻliq ekanini koʻrsatadi. Boshqacha aytganda, tenglik faqat qonun matnida emas, mehnat bozorida, tadbirkorlikda, taʼlim tizimida va kundalik hayotda ham ishlashi kerak.
Ijobiy dinamika barqaror rivojlanish boʻyicha xalqaro baholarda ham kuzatilmoqda. Sustainable Development Report 2026 hisobotida Oʻzbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha umumiy reytingda 169 mamlakat orasida 65-oʻrinni egalladi va 73,0 ball toʻpladi. Barqaror rivojlanish maqsadlarining 5-maqsadi — «Gender tengligi» doirasida, xususan, xotin-qizlarning parlamentdagi vakilligi, xotin-qizlar va erkaklar taʼlimi davomiyligining nisbati, xotin-qizlarning ishchi kuchidagi ishtiroki hamda oilani rejalashtirish xizmatlarining qulayligi baholanadi.
Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi alohida eʼtiborga loyiq: Oʻzbekistonda u erkaklar orasidagi tegishli darajaning 55,7 foizini tashkil etadi. Bir tomondan, bu sezilarli taraqqiyotdan dalolat bersa, ikkinchi tomondan, aynan iqtisodiy faollik keyingi oʻsish uchun eng muhim yoʻnalishlardan biri boʻlib qolayotganini koʻrsatadi.
Soʻnggi yillardagi eng koʻzga tashlanadigan oʻzgarishlardan biri xotin-qizlarning oliy taʼlimga kirish imkoniyati kengaygani boʻldi. Bugungi kunda Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalaridagi talaba qizlar soni 904 mingdan oshdi, bu umumiy talabalar sonining 54 foizini tashkil etadi.
Bu natija nafaqat oliy taʼlim tizimining umumiy kengayishi, balki maqsadli davlat qoʻllab-quvvatlash choralari bilan ham bogʻliq. Xususan, kam taʼminlangan oilalardan chiqqan qizlar uchun taʼlim grantlari soni koʻpaytirilmoqda, mehnat stajiga ega boʻlgan, biroq ilgari oliy maʼlumot haqidagi diplomni olmagan xotin-qizlar uchun oliy taʼlim olish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Xotin-qizlarning magistraturadagi tahsilini davlat hisobidan toʻlash toʻgʻrisidagi qaror alohida ahamiyatga ega boʻldi. Bunday yondashuv ijtimoiy siyosat mantigʻining oʻzgarayotganini koʻrsatadi: davlat koʻmagi asta-sekin nafaqat ijtimoiy himoya vositasi, balki ayolning kasbiy va intellektual kapitaliga qilinadigan sarmoyaga aylanmoqda.
Xotin-qizlarning taʼlim olish imkoniyatlari kengayishi ilmiy sohada ham bosqichma-bosqich aks etmoqda. 2026-yilda eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, stajyor-tadqiqotchilar va doktorantlarning 61 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Bundan tashqari, soʻnggi yetti yilda 5,2 mingdan ortiq ayol PhD va DSc ilmiy darajalarini oldi.
Bu allaqachon sifat jihatidan boshqacha darajadagi ishtirokdir. Ayol endi faqat taʼlim xizmatini oluvchi emas, balki mamlakatning ilmiy va texnologik salohiyatini shakllantirishda ishtirok etuvchi shaxsga aylanmoqda.
Shu bilan birga, taʼlim va fan tizimi oldida yangi vazifa — miqdoriy oʻsishdan sifatli vakillikka oʻtishni taʼminlash vazifasi turibdi: xotin-qizlarning muhandislik, texnologik va raqamli yoʻnalishlardagi ishtirokini kengaytirish, ularning ilmiy jamoalarga rahbarlik qilishdagi va yirik tadqiqot loyihalaridagi ishtirokini oshirish lozim.
Xotin-qizlarning davlat boshqaruvi va qaror qabul qilish tizimidagi roli ham oʻzgarmoqda. 2024-yilgi parlament saylovlaridan soʻng xotin-qizlar Qonunchilik palatasida oʻrinlarning 38 foizini egalladi, Senatda esa ularning ulushi 27 foizni tashkil etadi. Davlat boshqaruvida xotin-qizlarning ulushi 35 foiz atrofiga, tadbirkorlikda esa 45 foiz atrofiga yetdi.
Taʼlim va siyosiy taraqqiyotning mantiqiy davomi iqtisodiy mustaqillik boʻlmoqda. 2026-yilda 1,5 million ayolning daromad olishini taʼminlash, shu jumladan 400 ming ayolni tadbirkorlikka jalb etish vazifasi qoʻyilgan. Bu maqsadlarga 25 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirish, «Hamroh» dasturi doirasida esa 3 ming ayol biznes-loyihasini taxminan 1 trillion soʻm miqdorida moliyalashtirish rejalashtirilgan.
Yozib oldi: Nazokat Usmanova, UzA muxbiri
Shahzoda Rahimova Barqaror rivojlanish markazi — ekspert