Plastik zamonaviy hayotning ajralmas qismiga aylandi. U sanoat, tibbiyot, qurilish, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlashdan tortib kundalik roʻzgʻor buyumlarigacha keng qoʻllaniladi. Biroq plastik mahsulotlardan, ayniqsa, bir martalik buyumlardan ortiqcha foydalanish va ularning chiqindilarini samarali boshqarishdagi muammolar suv va quruqlik ekotizimlariga tobora kuchli bosim oʻtkazmoqda.
Bugun masala faqat koʻchalar, daryolar yoki dengizlarda toʻplanib qolayotgan chiqindilar haqida emas. Plastikning mayda zarrachalarga parchalanishi, ularning tabiiy muhitga tarqalishi hamda tirik organizmlar bilan oʻzaro taʻsiri muammoni yanada murakkablashtirmoqda. Shu bois plastik ifloslanish ekologik xavfsizlik, biologik xilma-xillik va inson salomatligi bilan bogʻliq kompleks global masala sifatida qaralmoqda.
UNEP (BMТning Atrof-muhit dasturi) maʻlumotlariga koʻra, har yili 19-23 million tonna plastik chiqindi suv ekotizimlariga - koʻllar, daryolar va dengizlarga tushadi. Samarali choralar koʻrilmasa, 2040 yilga borib suv ekotizimlariga tushadigan plastik chiqindilar hajmi qariyb uch baravar koʻpayishi mumkin.
Plastik ifloslanish davlat chegaralarini tan olmaydi. Daryoga tashlangan chiqindi boshqa hududga, dengizga yoki okeanga etib borishi mumkin. Shuning uchun bu muammoni faqat milliy chora-tadbirlar bilan hal etish qiyin.
Shu maqsadda BMТ doirasida plastik ifloslanishga, jumladan, dengiz muhitidagi ifloslanishga qarshi xalqaro miqyosda huquqiy majburiy hujjat ishlab chiqish boʻyicha muzokaralar davom etmoqda.
2026 yil 27-30 sentyabr kunlari Bangkokda BMТning Hukumatlararo muzokaralar qoʻmitasi - INC doirasida delegatsiyalar rahbarlarining ikkinchi norasmiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Mazkur muloqot kelgusidagi INC-5.4 muzokaralariga tayyorgarlik jarayonining bir qismi boʻlib, unda tomonlar oʻrtasidagi pozitsiyalarni yaqinlashtirish va hal etilmagan masalalar boʻyicha umumiy yondashuvlarni izlashga eʻtibor qaratildi.
Bu yerda muhim bir jihat bor: gap plastikni hayotimizdan butunlay chiqarib tashlash haqida emas. Asosiy masala zarur boʻlmagan isteʻmolni kamaytirish, chiqindi hosil boʻlishining oldini olish va plastikning butun hayotiy tsiklini samarali boshqarish.
Uzoq yillar davomida ekologik siyosatda chiqindi paydo boʻlgandan keyin uni yigʻish, tashish va qayta ishlashga asosiy eʻtibor qaratildi. Zamonaviy yondashuv esa muammoning oqibati bilan emas, avvalo, manbasi bilan ishlashni talab qilmoqda.
Mahsulot qanday loyihalanadi?
Uni ishlab chiqarishda qancha resurs sarflanadi?
U bir marta ishlatilib tashlanadimi yoki qayta foydalanish mumkinmi?
Ishlatilgandan keyin qayta ishlanadimi?
Ana shu savollar ekologik siyosatning yangi kun tartibini belgilamoqda.
Bu jarayonda aylanma iqtisodiyot (circular economy) modeli muhim ahamiyatga ega. Uning asosiy gʻoyasi resursdan bir marta foydalanib, keyin uni chiqindiga aylantirish emas, balki mahsulot va materiallarni imkon qadar uzoq vaqt iqtisodiy aylanmada saqlashdir. UNEP ham plastik ifloslanishga qarshi choralarni resurslardan samarali foydalanishga asoslangan aylanma iqtisodiyotga oʻtish bilan bogʻlaydi.
Oddiy qilib aytganda, anʻanaviy model: hom ashyo – mahsulot – isteʻmol – chiqindi koʻrinishida boʻlsa, aylanma iqtisodiyot: hom ashyo – mahsulot – isteʻmol – qayta foydalanish – qayta ishlash – yangi mahsulot tamoyiliga asoslanadi.
Yana bir muhim yoʻnalish - ishlab chiqaruvchining kengaytirilgan masʻuliyati (Extended Producer Responsibility - EPR).
Uning mohiyati shundaki, mahsulot ishlab chiqargan korxonaning masʻuliyati tovarni sotish bilan tugamasligi kerak. Mahsulot isteʻmoldan chiqqandan keyin uni yigʻish, qayta ishlash yoki ekologik xavfsiz boshqarish masalalarida ham ishlab chiqaruvchining ishtiroki nazarda tutiladi.
Bunday yondashuv biznesni mahsulotni dastlabki loyihalash bosqichidayoq uning ekologik oqibatlari haqida oʻylashga undaydi. Masalan, qadoqni yengillashtirish, qayta ishlanadigan materialdan foydalanish yoki bir martalik mahsulot oʻrniga koʻp marta ishlatiladigan muqobilni yaratish iqtisodiy qaror bilan bir vaqtda ekologik qarorga ham aylanadi.
Shunday qilib, eng samarali chiqindi siyosati – chiqindini uning paydo boʻlishini imkon qadar kamaytirishdir.
Plastik ifloslanish masalasi BMТning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan ham uzviy bogʻliq. Bu, ayniqsa, BRM 12 - “Masʻuliyatli isteʻmol va ishlab chiqarish” hamda BRM 14 - “Suv ostidagi hayot” maqsadlari nuqtai nazaridan muhim. Chunki tabiiy resurslardan samarali foydalanish, chiqindilarni kamaytirish, qayta ishlashni kengaytirish va suv ekotizimlarini ifloslanishdan muhofaza qilish bir-biri bilan chambarchas bogʻlangan vazifalardir.
Shu nuqtai nazardan plastik muammosi oddiy chiqindi muammosidan ancha keng. U qanday ishlab chiqaramiz, qancha isteʻmol qilamiz va foydalanilgan resurs bilan keyin nima qilamiz, degan savollarni kun tartibiga qoʻyadi.
Ekologik talablarni kuchaytirish iqtisodiyot uchun faqat qoʻshimcha xarajat degani emas. Yangi talablar resurs tejamkor texnologiyalar, ekologik toza materiallar, chiqindilarni saralash va qayta ishlash, innovatsion qadoqlash hamda “yashil” xizmatlar bozorining rivojlanishiga turtki berishi mumkin.
Ayni paytda bunday oʻzgarishlar muayyan moslashuv davrini ham talab qiladi. Korxonalarga yangi texnologiyalar uchun investitsiya zarur boʻladi, qayta ishlash infratuzilmasini kengaytirishga ehtiyoj ortadi, ayrim anʻanaviy ish oʻrinlari oʻzgarishi mumkin. Xodimlarni янги касбларга тайёрлаш ва экологик муқобил маҳсулотларни аҳоли учун иқтисодий жиҳатдан мақбул қилиш ҳам муҳим вазифага айланади.
Shu sababli ekologik siyosat taqiq va cheklovlarning oʻzi bilan cheklanib qolmasligi, balki iqtisodiy ragʻbatlar, innovatsiyalar, zamonaviy infratuzilma va aholining ekologik madaniyatini oshirish bilan uygʻun olib borilishi zarur.
Plastik ifloslanishning koʻlami shuni koʻrsatmoqdaki, ekologik muammolarni bir tomonlama yondashuv bilan hal etib boʻlmaydi. Davlat samarali qoidalarni belgilashi, biznes resurs tejamkor va ekologik masʻuliyatli ishlab chiqarishga oʻtishi, jamiyat esa masʻuliyatli isteʻmol madaniyatini shakllantirishi kerak.
Eng muhimi, ekologik barqarorlik iqtisodiy taraqqiyotga uning sifatini belgilaydigan muhim omil sifatida qaralishi lozim.
BMТ doirasida plastik ifloslanish boʻyicha davom etayotgan global muloqotning ahamiyati ham shunda. U faqat plastik chiqindilarni qanday kamaytirish masalasini bilan cheklanmay, kelajakda qanday ishlab chiqarish, qanday isteʻmol qilish va tabiiy resurslardan qanday foydalanish kerakligi haqidagi kengroq savolni oʻrtaga qoʻymoqda.
Zero, barqaror taraqqiyotning mazmuni faqat iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlari bilan belgilanmaydi. Inson farovonligi, iqtisodiy taraqqiyot va tabiiy muhit oʻrtasidagi muvozanatni saqlash - bugungi avlodning kelajak avlodlar oldidagi eng muhim masʻuliyatlaridan biridir.
Sharifova Madinabonu,
“Barqaror rivojlanish markazi” NNT bosh mutaxassisi