Bugun O‘zbekistonda ta’lim sohasi mazmunan va ko‘lam jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar endi faqat ta’lim oluvchilar sonini ko‘paytirish bilan cheklanmay, bilim sifati, xalqaro standartlar, zamonaviy kasblar va mehnаt bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlashga qaratilmoqda. Ayniqsa, maktabdan boshlab oliy ta’limgacha bo‘lgan uzviylikni ta’minlash, o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish va ta’limni amaliyot bilan bog‘lash ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Bu jarayonda islohotlarning markazida turgan asosiy kuch – o‘qituvchidir. Chunki zamonaviy o‘quv dasturi, yangi darslik, xalqaro ta’lim standarti yoki raqamli texnologiya qanchalik mukammal bo‘lmasin, uning samarasi, avvalo, sinf va auditoriyadagi pedagogning bilimi, mahorati va yondashuviga bog‘liq. Shu ma’noda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan har bir qadam o‘qituvchining kasbiy rivoji bilan uyg‘un bo‘lishi muhim.
So‘nggi sakkiz yilda talabalar safi keskin kengayib, oliy ta’lim bilan qamrab olinganlar soni 6,3 baravarga oshdi. Bu raqamlar ta’lim olish imkoniyatlari sezilarli darajada kengayganini ko‘rsatsa, navbatdagi vazifa ushbu imkoniyatlarni yuqori sifatli ta’lim bilan ta’minlashdan iborat. Shu maqsadda oliygohlardagi 157 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. 2030-yilga qadar kamida 5 ta oliygohni umumiy reyting bo‘yicha, yana 10 tasini fan yo‘nalishlari kesimida dunyoning eng yaxshi 500 ta universiteti qatoriga kiritish maqsad qilingan.
Ta’lim sifati esa, avvalo, o‘qituvchi salohiyati bilan belgilanadi. Shu bois pedagoglarning uzluksiz kasbiy rivojlanishi, zamonaviy metodikalarni o‘zlashtirishi va xalqaro tajribadan foydalanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Maktab ta’limini rivojlantirish milliy dasturida milliy o‘quv dasturini xalqaro tajriba asosida takomillashtirish, zamonaviy darsliklar yaratish, pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, o‘qituvchilik kasbining nufuzini yüksaltirish kabi vazifalar belgilangan.
Bugun bu yondashuv ta’lim tizimining keyingi bosqichlarida ham davom ettirilmoqda. 2030-yilga qadar oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari va pedagoglarining kamida 30 foizini xorijiy til, kasb va mutaxassislik bo‘yicha xalqaro sertifikatlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2,5 ming nafar texnikum va 20 ming nafar oliygoh pedagogini xorijda malaka oshirishga yuborish vazifasi belgilangan. Bu maqsadlar ta’lim sifatini oshirishda pedagogning kasbiy salohiyati hal qiluvchi omil ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
Yangi bosqichning yana bir muhim jihati – ta’limning real hayot va ishlab chiqarish bilan yaqinlashuvidir. Bunga Toshkentdagi “ToshTech” texnika universiteti yaqqol misol bo‘la oladi. Universitetda o‘quv jarayoni to‘liq ingliz tilida olib boriladi, darslar mahalliy olimlar bilan bir qatorda yuqori malakali xorijlik mutaxassislar tomonidan tashkil etiladi. Talabalar sanoat muhandisligi va menejment, elektr muhandisligi, energetika muhandisligi, materialshunoslik va nanotexnologiyalar kabi to‘rtta yo‘nalishda tahsil oladi. Muhimi, ular dastlabki kurslardanoq real sanoat loyihalari va murakkab muhandislik muammolari ustida ishlashga jalb etiladi.
Universitetning xalqaro hamkorliklari ham ta’limni zamonaviy ilm-fan va ishlab chiqarish bilan bog‘lashga xizmat qilmoqda. “ToshTech” Shanxay Szyao Tong universiteti, Milan politexnika universiteti hamda “Boston Consulting Group” konsalting kompaniyasi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etilgan. Shu bilan birga, talabalarning o‘qish davridayoq amaliyot o‘tashi va sanoatdagi real vazifalar bilan ishlashi uchun yirik kompaniyalar bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
2026/2027 o‘quv yili uchun “ToshTech” texnika universitetiga 1 654 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Ulardan 400 nafari saralanib, o‘qishga qabul qilindi. Ilk qabul qilingan talabalarning barchasi 100 foiz davlat granti asosida tahsil olmoqda. Bu tajriba ta’lim, ilm-fan va sanoat o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan yondashuvning amaliy namunasidir.
Ta’limda xalqaro standartlarga yaqinlashish bilan birga, o‘qish imkoniyatlarining yangi shakllari ham joriy etilmoqda. Joriy yilning o‘zida 643 ta texnikumning 100 tasida Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy va Koreya kabi davlatlarning ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlari joriy etilmoqda. Bu yondashuv kasbiy ta’limni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish va mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Oliy ta’limda esa “1+3”, “2+2”, “3+1” kabi integratsiyalashgan dasturlar orqali talabalarning mahalliy va xorijiy ta’lim tizimlarida birgalikda tahsil olishiga sharoit yaratilmoqda. Masalan, Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent me’morchilik-qurilish universitetida Buyuk Britaniyaning 10 dan ortiq oliygohi bilan hamkorlikda integratsiyalashgan dasturlar joriy etilgan. Bugun ularda 371 nafar talaba “1+3”, “2+2” va “3+1” modellari asosida tahsil olmoqda. Ushbu dasturlar talabalarga turli mamlakatlarning akademik muhiti va ta’lim standartlaridan foydalanish, shuningdek, Britaniya standartlariga mos diplom olish imkonini bermoqda.
Ta’lim tizimi raqamli texnologiyalardan foydalanish nuqtai nazaridan ham o‘zgarmoqda. Toshkentdagi “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimligida tashkil etilgan Vaziyatlar markazi 41 ta talabalar yotoqxonasini qamrab olgan. Ularda 17,5 ming nafar talaba istiqomat qiladi. Yagona raqamli tizim esa hududdagi qariyb 75 ming nafar talabaning xavfsizligi va ijtimoiy muhitini monitoring qilish, davomatni nazorat qilish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish imkonini beradi. Markaz 17 ta axborot tizimi bilan integratsiya qilingan bo‘lib, turli ma’lumotlarni yagona raqamli platforma orqali tezkor tahlil qilish va vaziyatga qarab zarur choralarni ko‘rish imkonini yaratadi.
Bunday tizimlar ta’lim sifatini faqat auditoriyadagi dars bilan emas, balki ta’lim oluvchi uchun xavfsiz, zamonaviy va qulay muhit yaratish bilan ham bog‘lash zarurligini ko‘rsatmoqda. Ta’lim muassasasidagi muhit, talabalarning xavfsizligi, ijtimoiy holati va ular bilan tizimli ishlash imkoniyatlari ham ta’lim jarayonining muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda.
Bularning barchasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan 4-maqsad – sifatli ta’limni ta’minlash g‘oyasi bilan uyg‘un. BRM-4 barchani qamrab oluvchi va adolatli sifatli ta’limni ta’minlash hamda barcha uchun butun umr davomida ta’lim olish imkoniyatlarini rag‘batlantirishni nazarda tutadi. O‘zbekistondagi islohotlarda ham ta’limning uzluksizligi, inklyuziv ta’lim, kasbga yo‘naltirish, pedagoglarning malakasini oshirish, xalqaro akkreditatsiya va zamonaviy kasbiy ta’lim kabi yo‘nalishlarning kuchayib borayotgani ushbu maqsadning amaliy ifodasidir.
1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida bu jarayonning eng muhim ishtirokchisini yana bir bor ta’kidlash o‘rinli. Ta’limdagi har qanday islohotning natijasi, avvalo, uni sinfda, auditoriyada va amaliyotda hayotga tatbiq etadigan ustozga bog‘liq. Zamonaviy maktab, yangi darslik, xalqaro dastur yoki raqamli texnologiyaning o‘zi etarli emas. Ularni samarali qo‘llay oladigan, o‘z ustida doimiy ishlaydigan va shogirdini mustaqil fikrlashga o‘rgatadigan o‘qituvchi kerak.
Shu ma’noda bugun ta’limga kiritilayotgan eng muhim investitsiya – inson kapitaliga, avvalo, ustozning bilimi va salohiyatiga kiritilayotgan investitsiyadir. Ta’lim tizimidagi islohotlar qanchalik keng qamrovli bo‘lmasin, ularning barqaror natijasi o‘qituvchining kasbiy mahorati, mas’uliyati va zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq eta olish qobiliyati bilan chambarchas bog‘liq. Zero, sifatli ta’limning eng ishonchli poydevori – bilimli avlodni tarbiyalaydigan, o‘zi ham doimiy izlanishda bo‘lgan ustozdir.
Sharifova Madinabonu,
“Barqaror rivojlanish markazi” NNT bosh mutaxassisi