Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Ta’limda sun’iy intellekt savodxonligi: imkoniyatlar va mas’uliyat

16-11-2026 134

    AQShning Janubiy Karolina shtatidagi Charlston okrugi maktablaridan birida o‘qituvchilar ishtirokida qiziqarli tajriba o‘tkazildi. Ularga sun’iy intellekt yordamida dunyo xaritasini yaratish vazifasi berildi. Natija esa kutilganidek bo‘lmadi: xaritada mamlakatlar nomlari xato yozildi, ayrim davlatlar o‘rniga qit’a nomlari aks etdi, ba’zi hududlarda esa tushunarsiz belgilar paydo bo‘ldi. Oddiy ko‘ringan bu topshiriq sun’iy intellekt taqdim etadigan ma’lumotlarga har doim ham ishonib bo‘lmasligini yana bir bor ko‘rsatdi. Associated Press agentligining 2026-yil 21-avgustdagi maqolasida keltirilgan ushbu misol AQSh ta’lim tizimida sun’iy intellekt savodxonligiga e’tibor kuchayib borayotganini namoyon etadi.

    Bugungi kunda sun’iy intellekt savodxonligi texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmasidan kengroq tushunchani anglatadi. U sun’iy intellektning ishlash tamoyillarini tushunish, uning imkoniyat va cheklovlarini farqlash, taqdim etgan natijalarini tanqidiy baholash hamda raqamli xavfsizlik talablariga rioya etishni qamrab oladi. Ta’lim jarayonida bunday ko‘nikmalarni egallash o‘quvchilarga murakkab mavzularni o‘zlashtirish, xorijiy tillarni o‘rganish va mustaqil ta’lim olishda yordam beradi. O‘qituvchilar uchun esa dars rejalarini tayyorlash, o‘quv materiallarini takomillashtirish va ta’lim jarayonini individuallashtirish imkoniyatlarini yaratadi.

    AQShda bu yo‘nalishdagi ishlar ta’lim muassasalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib tashkil etilmoqda. Xususan, Charlston okrugida sun’iy intellektdan foydalanish qoidalari o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ota-onalar ishtirokida ishlab chiqilmoqda. Bunda texnologiyadan foydalanishni taqiqlash emas, balki uni to‘g‘ri va mas’uliyatli qo‘llashga o‘rgatish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Jarayonda o‘quvchilarning yoshiga mos foydalanish shartlari, axborot manbalarining ishonchliligi va shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilish kabi masalalarga e’tibor qaratilmoqda.

    Yuta shtati tajribasida esa pedagoglarning kasbiy tayyorgarligini oshirishga alohida ahamiyat berilgan. 2024-yilda shtat ta’lim kengashi huzurida sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus ekspert lavozimi joriy etilgan. Keyingi davrda 7 mingdan ortiq o‘qituvchi uchun mazkur texnologiyaning ishlash mexanizmlari, sun’iy intellekt tomonidan noto‘g‘ri yoki biryoqlama ma’lumotlar taqdim etilishi, axborot ishonchliligini baholash, raqamli etika va shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan. Shuningdek, ta’lim muassasalariga sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha ichki qoidalarni ishlab chiqishda ko‘mak berilgan. Bu tajriba pedagoglarning yangi texnologik sharoitga moslashishi uchun tizimli kasbiy tayyorgarlik zarurligini ko‘rsatadi.

    AQSh tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekiston ta’lim tizimida ham sun’iy intellekt savodxonligini rivojlantirishga qaratilgan choralarni amalga oshirish mumkin. Birinchi navbatda, umumta’lim maktablari va oliy ta’lim muassasalarida ushbu texnologiyalar bilan ishlash asoslarini mavjud fanlar mazmuniga integratsiya qilish maqsadga muvofiq. Bunda o‘quvchilarga sun’iy intellekt yordamida olingan natijalarni mustaqil tahlil qilish, turli manbalar bilan solishtirish va dalillarga asoslangan xulosa chiqarish usullarini o‘rgatish lozim.

    Ikkinchi muhim yo‘nalish — pedagoglarning amaliy kompetensiyalarini rivojlantirishdir. Buning uchun o‘qituvchilarga sun’iy intellekt vositalaridan darsni rejalashtirish, o‘quvchilarning bilim darajasiga mos topshiriqlar tayyorlash va ta’lim natijalarini tahlil qilishda foydalanish usullarini o‘rgatish zarur. Shu bilan birga, o‘quvchilarning mustaqil fikrlashiga putur yetkazmaslik va akademik halollikni ta’minlash masalalari ham malaka oshirish dasturlarining muhim tarkibiy qismi bo‘lishi kerak.

    Uchinchi yo‘nalish ta’lim muassasalarida sun’iy intellektdan foydalanishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish bilan bog‘liq. Bu borada o‘quvchilarning yoshiga mos foydalanish shartlari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, mualliflik huquqiga rioya etish va sun’iy intellekt yordamida yaratilgan materiallardan foydalanish tartibini belgilaydigan umumiy tavsiyalar ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Shuningdek, shahar va qishloq maktablarining texnik imkoniyatlari o‘rtasidagi tafovutlarni kamaytirish, zarur raqamli infratuzilma va ta’lim resurslaridan teng foydalanish imkoniyatini yaratish muhimdir.

    Sun’iy intellekt savodxonligini rivojlantirish Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan ham uzviy bog‘liq. Xususan, 4-maqsad — sifatli ta’limni ta’minlash, 9-maqsad — sanoat, innovatsiyalar va infratuzilmani rivojlantirish, 10-maqsad — tengsizlikni qisqartirish vazifalari mazkur yo‘nalishdagi ishlar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Ayniqsa, raqamli texnologiyalardan foydalanishdagi imkoniyatlar tengsizligini kamaytirish ta’limda inklyuzivlikni ta’minlash va barcha o‘quvchilar uchun teng sharoit yaratishga xizmat qiladi.

    Xulosa qilib aytganda, sun’iy intellekt ta’lim tizimi uchun янgi imkoniyatlar bilan birga, muayyan mas’uliyat va talablarni ham yuzaga keltirmoqda. Undan samarali foydalanish faqat texnologik vositalarning mavjudligiga emas, balki insonning bilim, mustaqil fikrlash va tanqidiy baholash qobiliyatiga ham bog‘liq. Shu bois ta’limning asosiy vazifasi texnologiyadan foydalanuvchi emas, balki унинг imkoniyatlarini anglaydigan, cheklovlarini hisobga oladigan va undan mas’uliyat bilan foydalana oladigan avlodni tarbiyalashdan iborat bo‘lishi lozim.

    Sharipova Madinabonu

    Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi