2026-yil 12-noyabr kuni Diplomat Universityda «Milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda yoshlarning o‘rni» mavzusida ma’rifiy uchrashuv va ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan kun tartibi doirasida belgilangan milliy maqsadlarning mamlakat taraqqiyotidagi ahamiyati hamda ularga erishishda talaba-yoshlarning faol ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Barqaror rivojlanish markazi vakillari Alisher Azizov, Shahzoda Rahimova va Sardorbek Jo‘rayev ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar. Ma’ruzachilar milliy ustuvor yo‘nalishlar, xususan, kambag‘allikni qisqartirish, startaplar va ijtimoiy loyihalar orqali yoshlarning amaliy hissasini oshirish, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni haqida batafsil so‘z yuritdilar.
Tadbir yakunida yoshlarni ijtimoiy va ekologik loyihalarga jalb etish, ularning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda oliy ta’lim muassasalari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.