Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Sunʼiy intellekt — davlat mablagʻlarini himoya qilish vositasi

18-08-2026 116

    Davlat xaridlaridagi qonunbuzarlik va firibgarlik holatlari odatda muammo yuz berganidan soʻng aniqlanadi. Litvada esa bunday xavflarni oldindan aniqlashga qaratilgan yangi yondashuv joriy etildi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) va Litvaning Maxsus tergov xizmati hamkorligida davlat xaridlaridagi xavfli holatlarni sunʼiy intellekt yordamida oldindan aniqlash tizimi sinovdan oʻtkazildi. 2026-yilda pilot bosqich yakunlangach, model amaliyotga joriy etish va takomillashtirish bosqichiga oʻtkazildi. Tizim davlat xaridlari, kompaniyalar, ularning mulkdorlari va avval qayd etilgan huquqbuzarliklar haqidagi maʼlumotlarni tahlil qilib, har bir shartnomaning xavf darajasini belgilaydi.

    Litva tajribasining muhim jihati shundaki, sunʼiy intellekt inson oʻrnini egallamaydi. U tekshiruvchiga minglab shartnomalar orasidan qaysi bitimlarga birinchi navbatda eʼtibor qaratish lozimligini koʻrsatadi. Tenderda ishtirokchilar sonining kamligi, bir yetkazib beruvchining qayta-qayta gʻolib boʻlishi, muayyan buyurtmachi bilan muntazam ravishda shartnoma tuzilishi yoki kompaniyalar oʻrtasida mulkdorlik aloqalarining mavjudligi xavf belgisi sifatida baholanishi mumkin. IHTT sinovlariga koʻra, sunʼiy intellekt eng xavfli deb baholagan shartnomalarning chorak qismini tekshirishning oʻzi qonunbuzarlik holatlarining qariyb 60 % ini qamrab olish imkonini bergan.

    Bunday yondashuv Oʻzbekiston uchun ham amaliy ahamiyatga ega. Oʻzbekistonda davlat xaridlari tobora raqamlashtirilmoqda, elektron platformalar va davlat reestrlarida esa katta hajmda maʼlumotlar jamlanmoqda. Ularni yagona tahliliy tizim orqali bogʻlash byudjet mablagʻlaridan foydalanishdagi xavflarni ertaroq aniqlash imkonini beradi. Biroq Litva modelini toʻliq koʻchirish shart emas. Dastlab xarid hajmi yuqori boʻlgan ayrim sohalar yoki yirik davlat buyurtmachilari doirasida pilot loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiq.

    Pilot tizim davlat xaridlari haqidagi maʼlumotlarni yuridik shaxslar reestri, kompaniyalar taʼsischilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va qonuniy foydalanish mumkin boʻlgan boshqa axborot bazalari bilan solishtirib, shartnomalar uchun «xavf indeksi»ni shakllantirishi mumkin. Raqobat past boʻlgan tenderlar, oʻzaro bogʻliq kompaniyalarning ishtiroki, narxlardagi keskin tafovut yoki bir yetkazib beruvchi bilan takroriy shartnomalar avtomatik ravishda tahlilchi eʼtiboriga taqdim etiladi. Bu aybdorlikni avtomatik belgilash emas, balki tekshiruv resurslarini samarali taqsimlash vositasidir.

    Iqtisodiy tomondan ham bu tizim Oʻzbekiston uchun qulay yechim boʻlishi mumkin. Ochiq kodli dasturlardan foydalanish katta xarajatlarni kamaytiradi, asosiy eʼtibor esa davlat maʼlumotlarini tartibga solish va oʻzaro bogʻlashga qaratiladi. Inson nazorati saqlangan holda sunʼiy intellekt xavfli holatlarni erta aniqlash, tekshiruvchilar vaqtini tejash va byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanishga yordam beradi.

    Manba: IHTT, «AI-driven fraud detection and digital transformation in law enforcement in Lithuania»

    Alisher Azizov     Barqaror rivojlanish markazi — bosh mutaxassis