Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Shahar kommunikatsiyalari: tarqoq chizmalardan yagona raqamli xaritaga

14-09-2026 22

    Kechagina asfalt yotqizilgan ko‘cha bugun yana qazilsa, haqli savol tug‘iladi: nahotki, bu ishlarni oldindan kelishib bo‘lmasa? Qayta qazilgan har bir yo‘l ortida byudjetdan sarflangan mablag‘, tirbandlikda yo‘qotilgan vaqt va aholiga yetkazilgan noqulaylik bor. Yer ostidagi quvur yoki kabel shikastlansa, muammo suv, elektr yoki aloqa ta’minotiga ham ta’sir qiladi.

    Bu holatning yechimi — shaharning yer osti tarmoqlari yagona raqamli xaritasini yaratish. Unda suv, gaz, elektr, kanalizatsiya va aloqa tarmoqlari bir joyda aks ettiriladi. Qurilish tashkiloti ish boshlashidan oldin yer ostida nima borligini ko‘radi, xizmat ko‘rsatuvchi idoralar esa rejalarini muvofiqlashtiradi. Natijada tarmoqlarning tasodifan shikastlanishi va bitta ko‘chaning qayta-qayta qazilishi kamayadi.

    Buyuk Britaniyadagi NUAR reyestri bunday yondashuvning amaliy samarasini ko‘rsatmoqda. Angliya, Uels va Shimoliy Irlandiyani qamrab olgan tizimda 390 dan ortiq tarmoq egasining ma’lumotlari hamda 3,2 million kilometrdan ziyod quvur va kabellar jamlangan. Ilgari zarur ma’lumotlarni to‘plash o‘rtacha olti kun davom etgan bo‘lsa, endi ularni darhol olish mumkin. Linkolnshir grafligi kengashi vakili tizim to‘liq ishlatilganda ma’lumot to‘plashga ketadigan vaqt va mehnat sarfi taxminan 75 foiz tejalishini bildirgan.

    O‘zbekistonda ham bunday tashabbus uchun zarur zamin shakllanmoqda. Jahon banki 2025 yil may oyida geofazoviy ma’lumotlardan foydalanishni yaxshilash uchun 35 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Loyiha milliy geoportalni rivojlantirish, UzKAD tizimini yangilash va muhandislik tarmoqlari kadastrini shakllantirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

    Shu imkoniyatlardan foydalanib, yagona raqamli xaritani avvalo Yangi Toshkent, Yangi Andijon va Urganchdagi Al-Xorazmiy shaharchasi kabi bunyod etilayotgan hududlarda joriy etish taklif etiladi. Yangi shaharlarda quvur va kabellar ko‘milmasidan oldin ularning joylashuvini aniq o‘lchab, xaritaga kiritish mumkin. Bu eski chizmalarni keyinchalik qayta tekshirishga ketadigan vaqt va xarajatni kamaytiradi.

    Har bir tarmoqning joylashuvi, chuqurligi, mas’ul tashkilot hamda ma’lumot yangilangan sana xaritada ko‘rsatilishi kerak. Tizim qurilish va ta’mirlash jadvallari bilan bog‘lansa, bir hududdagi ishlar o‘zaro muvofiqlashtiriladi. Masalan, suv quvuri va aloqa kabeli yotqizilgandan keyingina yo‘lga asfalt yotqiziladi. Shu tariqa shahar qurilishidagi har bir bosqich raqamli iz qoldiradi.

    Loyiha samarasi tarmoqlarning shikastlanishi, qayta qazishlar, ta’minot uzilishlari va tejalgan mablag‘ orqali baholanishi lozim. Yangi shaharlarda sinovdan o‘tgan tizim keyinchalik mavjud shaharlarga ham bosqichma-bosqich kengaytirilishi mumkin. Eng muhimi, yo‘l qurib bo‘lingandan keyin yer ostida nima borligini izlash emas, barcha tarmoqlarni qurilish jarayonining o‘zida aniq hisobga olishdir.

    Alisher Azizov,

    “Barqaror rivojlanish markazi” NNT bosh mutaxassisi