Oʻzbekistonning iqtisodiyot boʻyicha nufuzli "Iqtisodiy sharh" jurnalining 2026-yil 4-sonida Barqaror rivojlanish markazi boʻlim boshligʻi Iskandar Oʻroqboyevning "Sanoat — Yangi Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsish drayveri sifatida" mavzusidagi tahliliy maqolasi chop etildi.
Mazkur maqolada Oʻzbekiston sanoatida 2017–2025-yillarda amalga oshirilgan islohotlar, sanoatning iqtisodiy oʻsishdagi oʻrni va kelgusi rivojlanish tendensiyalari tahlil qilingan. Maqolaning asosiy maqsadi — sanoat sohasidagi tarkibiy oʻzgarishlar, investitsiya jarayonlari, qayta ishlash sanoatining rivojlanishi hamda "yashil" industrial transformatsiyaning milliy iqtisodiyotga taʼsirini baholashdan iborat.
Maqolada jahon iqtisodiyotida sanoatning ahamiyati keng yoritilib, uning yalpi ichki mahsulot oʻsishi, ish oʻrinlari yaratish va yuqori qoʻshilgan qiymat shakllantirishdagi roli koʻrsatib berilgan. Shuningdek, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, "yashil" energetika va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish kabi global tendensiyalar kelgusi sanoat rivojlanishining asosiy omillari sifatida qayd etilgan.
Maqolada Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasi, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi hamda "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasi doirasida amalga oshirilgan sanoat islohotlari tahlil qilingan. Xususan, iqtisodiyotni liberallashtirish, xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, investitsiya muhitini yaxshilash va mahalliylashtirish darajasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar sanoat oʻsishining muhim omili sifatida baholangan.
Shu bilan birga, qayta ishlash sanoatining ulushi ortishi, qurilish materiallari, mashinasozlik, toʻqimachilik va kimyo sanoatida yuqori oʻsish surʼatlari kuzatilgani taʼkidlangan. Sanoatga yoʻnaltirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi ortib, yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratilgani ham muhim natijalar sifatida keltirilgan.
Maqolada sanoat siyosati oldida turgan dolzarb masalalar ham koʻrsatilgan. Jumladan, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirish, mehnat unumdorligini oshirish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish, eksportni diversifikatsiya qilish va energiya samaradorligini kuchaytirish muhim vazifalar sifatida belgilangan.
Xulosa qismida Oʻzbekiston sanoatida tarkibiy transformatsiya jarayonlari faollashgani, qayta ishlash sanoati iqtisodiy oʻsishning asosiy drayveriga aylangani va kelgusida innovatsiya hamda "yashil" industrial rivojlanishni chuqurlashtirish mamlakat raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlangan.