Tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, ayniqsa suv resurslarini tejash hamda ularni muhofaza qilish barqaror taraqqiyotni ta’minlashning muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Shu bois jahonning rivojlangan davlatlarida, jumladan Janubiy Koreyada suvdan tejamkor foydalanishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar keng joriy etilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda shahar infratuzilmasida yomg‘ir suvini yig‘ish va undan qayta foydalanish amaliyoti alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, shahar hududlarida yomg‘ir suvini to‘plash, tozalash va uni texnik maqsadlarda qayta ishlatishga xizmat qiluvchi tizimlar joriy etilgan bo‘lib, bu orqali suv resurslaridan samarali foydalanish ta’minlanmoqda.Jumladan, yo‘l yuzalariga o‘rnatilgan avtomatik suv purkash tizimlari orqali yig‘ilgan va qayta ishlangan suv mayda tomchilar shaklida tarqatilib, bir vaqtning o‘zida bir nechta muhim vazifalarni bajaradi. Bu kabi texnologiyalar yoz faslida asfalt qoplamasining ortiqcha qizib ketishini oldini olish, havodagi chang miqdorini kamaytirish hamda shahar muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ushbu tizimlarda asosan ichimlik suvi emas, balki yomg‘ir suvi va qayta ishlangan texnik suvdan foydalanilishi suv resurslarini tejash, isrofgarchilikning oldini olish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Janubiy Koreya tajribasi shahar infratuzilmasida innovatsion yechimlarni qo‘llash orqali tabiiy resurslarni asrash, ekologik muvozanatni saqlash va barqaror rivojlanishga erishish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Zero, suv resurslariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish kelajak avlodlar farovonligini ta’minlashning muhim kafolatidir.
Madinabonu Sharifova Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi