Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Raqamli kardiologiya

23-02-2026 12

Angliyada NHS tizimi “superinson” darajasida ishlaydigan yangi sun’iy intellekt vositasini sinovdan o‘tkazmoqda.

    Aire (AI-ECG risk estimation) deb nomlangan ushbu texnologiya elektrokardiogramma (EKG) natijalarini tahlil qilib, bemorlarda kasallik rivojlanishi va erta o‘lim xavfini prognoz qiladi. EKG yurakning elektr faoliyatini qayd etuvchi keng tarqalgan va arzon tekshiruv usuli hisoblanadi.

    Tizim shifokor ko‘zi bilan aniqlash qiyin bo‘lgan yurak tuzilishidagi yashirin o‘zgarishlarni ham topa oladi hamda qo‘shimcha tekshiruv yoki davolashga muhtoj bemorlarni erta bosqichda belgilab beradi.

    Dunyoda ilk bor Aire dastlab Imperial College Healthcare NHS Trust va Chelsea and Westminster Hospital NHS Foundation Trust klinikalarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Ilk bosqichda yuzlab bemorlar jalb qilinib, keyinchalik tadqiqot ko‘lami kengaytiriladi.

    The Lancet Digital Health jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra:

• 10 yil ichida o‘lim xavfini — 78% aniqlikda

• kelajakdagi yurak yetishmovchiligini — 79%

• jiddiy aritmiyalarni — 76%

• aterosklerotik yurak-qon tomir kasalliklarini — 70% prognoz qilgan.

    Tadqiqotchilar Aire modelini 189 539 bemorga tegishli 1,16 mln EKG ma’lumotlari asosida o‘qitgan.

    Mutaxassislar ta’kidlashicha, Aire shifokorni almashtirish uchun emas, balki inson ko‘zi bilan aniqlab bo‘lmaydigan xavflarni prognoz qilish orqali klinik qaror qabul qilishni yanada kuchaytirish uchun yaratilgan.