Zamonaviy shaharlar kengayib, infratuzilma jadal sur'atlarda yangilanayotgan bir sharoitda qurilish sohasi global resurslarning eng yirik iste'molchilaridan biriga aylandi. Ayni paytda eski binolarni buzish jarayoni ham ulkan hajmda chiqindi hosil qilmoqda. Har yili dunyo bo'yicha millionlab tonna beton, g'isht, metall, yog'och va boshqa qurilish materiallari xizmat muddati tugagach, iqtisodiy aylanmadan chiqarilib, chiqindi poligonlariga yuboriladi. Aslida esa ularning katta qismi qayta foydalanish mumkin bo'lgan qimmatli resursdir.
Qurilish materiallarini bir marta ishlatib, keyin tashlab yuborish nafaqat iqtisodiy yo'qotishlarga olib keladi. Bu yangi xomashyoni qazib olish, qayta ishlash, tashish va yangi materiallar ishlab chiqarishga bo'lgan ehtiyojni ham oshiradi. Natijada tabiiy resurslarga bosim kuchayadi, energiya sarfi va atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari hajmi ortadi.
Shu nuqtai nazardan, qurilish sohasida raqamli texnologiyalar va sun'iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish yangi iqtisodiy modelni shakllantirmoqda.
2026-yil 23-sentabr kuni Jahon iqtisodiy forum (World Economic Forum – WEF) UpLink Low-Carbon and Circular Systems Challenge doirasida sanoat va qurilish sohalaridagi tizimli samarasizlikni kamaytirishga qaratilgan 12 ta innovatsion startapni e'lon qildi. Ular orasida Germaniyaning Concular raqamli platformasi qurilish industriyasiga yangicha yondashuv taklif etayotgan loyihalardan biri sifatida e'tibor qozondi.
Concular platformasining asosiy g'oyasi oddiy, ammo muhim: buzilayotgan binoni qayta foydalanish mumkin bo'lgan materiallar zaxirasi sifatida ko'rish kerak.
Bu yondashuvda bino buzilishidan avval undagi konstruksiyalar va materiallar raqamli inventarizatsiyadan o'tkaziladi. Eshik va derazalardan tortib metall konstruksiyalar, yog'och elementlar, fasad qismlari va boshqa materiallargacha raqamli hisobga olinadi.
Sun'iy intellekt algoritmlari esa ushbu materiallarning texnik xususiyatlari, holati va qayta ishlatish imkoniyatlarini tahlil qilib, ularni boshqa qurilish ob'ektlarining ehtiyojlari bilan moslashtiradi.
Natijada bir ob'ekt uchun keraksiz bo'lib qolgan material boshqa ob'ekt uchun tayyor resursga aylanadi.
Bunda materialni avval chiqindi poligoniga olib borish, keyin esa yangi xomashyo sotib olish zarurati kamayadi. Raqamli platforma bir ob'ektdagi mavjud resursni boshqa qurilish loyihasi bilan to'g'ridan-to me'yorda bog'lash imkonini beradi.
Bunday raqamli yechim ekologik ahamiyat bilan cheklanmaydi. U qurilish biznesi uchun ham aniq iqtisodiy manfaat yaratadi.
Iqtisodiy samadorlik: Concular yondashuvi orqali binolarni demontaj qilish bilan bog'liq xarajatlarni 30 foizgacha, yangi qurilish materiallarini xarid qilish xarajatlarini esa 20 foizgacha qisqartirish imkoniyati mavjudligi qayd etilmoqda.
Demat, sun'iy intellekt bu yerda bir vaqtning o'zida resurslarni topish, baholash, qayta taqsimlash va iqtisodiy muomalaga qaytarish vositasiga aylanmoqda.
Shu tariqa, qurilish sohasida xomashyoni qazib olish, undan qurilishda foydalanish, binoni ekspluatatsiya qilish va xizmat muddati tugagach, uni buzib, materiallarni chiqindiga chiqarishga asoslangan an'anaviy chiziqli model asta-sekin o'z o'rnini sirkulyar yondashuvga bo'shatmoqda. Yangi modelda bino buzilishidan oldin raqamli auditdan o'tkaziladi, undagi material va konstruksiyalar saralanadi, ularning qayta foydalanish imkoniyatlari baholanadi hamda yaroqli resurslar boshqa qurilish ob'ektlariga yo'naltiriladi.
Qurilish materiallaridan qayta foydalanishga asoslangan bunday texnologik yondashuv BMTning bir qator Barqaror rivojlanish maqsadlariga ham bevosita xizmat qiladi. Jumladan, u BRM 9 – “Sanoat, innovatsiyalar va infratuzilma” maqsadi doirasida sun'iy intellekt, raqamli audit va materiallar to'g'risidagi ma'lumotlar bazasini qurilish jarayonlariga integratsiya qilish orqali sohaning texnologik va innovatsion salohiyatini oshiradi. Shu bilan birga, BRM 11 – “Barqaror shaharlar va aholi punktlari” maqsadiga muvofiq, qurilish va buzish jarayonida hosil bo'ladigan chiqindilar hajmini kamaytirish, shaharlarda chiqindilarni boshqarish tizimiga tushadigan yukni yengillashtirish hamda poligonlarga yuboriladigan materiallar miqdorini qisqartirish imkonini beradi.
Mazkur yondashuv BRM 12 – “Mas'uliyatli iste'mol va ishlab chiqarish” maqsadi bilan ham uzviy bog'liq bo'lib, mavjud qurilish materiallaridan qayta foydalanish hisobiga yangi tabiiy resurslarni qazib olishga bo'lgan ehtiyojni kamaytiradi va ularni iqtisodiy aylanmada uzoqroq saqlab qolishga xizmat qiladi. Ayni paytda, sement, metall va boshqa qurilish materiallarini yangidan ishlab chiqarish hajmining qisqarishi energiya iste'moli hamda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga imkon yaratib, BRM 13 – “Iqlim o'zgarishiga qarshi kurash” maqsadiga erishishga ham munosib hissa qo'shadi.
Concular tajribasi yana bir muhim haqiqatni ko'rsatmoqda: ekologik talablar va raqamlashtirish biznes uchun faqat qo'shimcha majburiyat yoki xarajat sifatida qaralmasligi kerak.
Aksincha, raqamli pasportlashtirish, sun'iy intellekt asosida materiallarni tanib olish va ularni qayta foydalanish zanjiriga kiritish korxonalar uchun xarajatlarni kamaytirish, resurslardan samarali foydalanish va yangi bozor segmentlarini shakllantirish imkonini beradi.
Kelajakda qurilish materialining qiymati uni necha marta va qanday samaradorlik bilan qayta ishlatish mumkinligi bilan ham baholanishi ehtimoldan xoli emas.
Shu ma'noda, Jahon iqtisodiy forumi tomonidan e'tirof etilgan Concular kabi loyihalar raqamlashtirish bilan “yashil” texnologiyalar uyg'unligi kelajak shaharsozligining muhim yo'nalishiga aylanayotganini ko'rsatadi.
Eng muhimi, yangi yondashuv biz odatda “qurilish chiqindisi” deb ataydigan materiallarga boshqacha nazar tashlashga undamoqda.
Kecha chiqindi hisoblangan beton, metall yoki yog'och ertaga yangi binoning bir qismiga aylanishi mumkin. Sun'iy intellekt esa ana shu ikki nuqtani bog'laydigan raqamli ko'prik vazifasini bajarmoqda.
Sharifova Madinabonu,
“Barqaror rivojlanish markazi” NNT bosh mutaxassisi