Yangi O‘zbekiston Uchinchi Renessans barpo etishni uzoq muddatli ulug‘ maqsad sifatida belgilab, mana, o‘n yildirki, shu yo‘lda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan asoslab berilgan ushbu strategik yo‘lning ma’no-mazmuni, maqsadi va ustuvor yo‘nalishlariga teran nazar tashlar ekanmiz, ular ko‘p jihatdan bundan bir asr muqaddam ulug‘ ma’rifatparvar jadid bobolarimiz boshlagan ma’rifiy harakatga uyg‘un va hamohang ekanini ko‘ramiz. Darhaqiqat, ana shu ilg‘or intellektual elitaning o‘tgan asr avvalida – g‘oyat murakkab ijtimoiy-siyosiy vaziyatda jamiyatni modernizatsiya qilish, xalqni jaholat va zulm kishanlaridan ozod etish, davlatchilik negizini, u bilan birga milliy o‘zlik asoslarini tiklash haqidagi orzulari bugun real voqyelik, amaldagi qadriyatlar sifatida hayotimizning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.
Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, xalqni birlashtirish, tarqoq aholi qatlamlarini yagona millatga aylantirish uchun barcha zamonlarda ham buyuk g‘oyalar kerak bo‘lgan. Ular el-ulusning azaliy orzu-umidlari, tub maqsad va manfaatlarini mujassam aks ettirgan taqdirdagina jamiyatni uyg‘otib, uni katta bunyodkor kuch, qudratli ijtimoiy harakatga aylantirgan. Hozirgi vaqtda biz intilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi aynan ana shu talablarga javob berishi bilan g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Biz bu g‘oya timsolida keyingi ming yil davomida o‘zining buyuk bunyodkorlik salohiyati, fidokorona mehnati va ma’naviy jasorati bilan Birinchi va Ikkinchi uyg‘onish davrlariga doyalik qilgan mard va donishmand xalqimizning asl yaratuvchanlik qiyofasini bamisoli tiniq ko‘zguda ko‘rgandek bo‘ladi. Hyech shubhasiz, bu bizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi, tomirlarimizda uxlab yotgan ming yillik kuch-g‘ayrat, ilm-ma’rifat va ishonch tuyg‘usini qayta uyg‘otgandek bo‘ladi.
Ishga tushirilganiga hali bir yil ham bo‘lmagan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazi, Imom Buxoriy va Burhoniddin Marg‘inoniy ma’rifiy majmualariga xalqimiz nima uchun katta havas va qiziqish bilan qaramoqda? Chunki, Yangi O‘zbekiston mo‘jizalari deb baholanayotgan bu me’moriy durdonalar qalblarimizdagi ilm-ma’rifatga, o‘zlikni anglashga chanqoq nuqtalarga go‘yoki uch ming yillik tariximiz va madaniyatimiz bag‘ridagi giyohlardan malham qo‘ygandek bo‘ldi. Atoqli shoirimiz Omon Matjon aytganidek, “Yolg‘onning taxtdagi ming yil davroni // Haqiqat aytilgan bir damcha yo‘qdir”.
Chindan ham, Islom sivilizatsiyasi markazi zallarini bir marta aylanib chiqsangiz bizning, ota-bobolarimizning ongu tafakkuriga asrlar davomida singdirib kelingan soxta gaplar bir zumda chippakka chiqib ketganini ko‘ramiz. Bu ulug‘ ma’rifat dargohidan butunlay boshqa odam bo‘lib chiqamiz. Haqqoniy tarix va madaniyat namunalari bizga o‘zligimizni, milliy g‘ururimizni qaytarib bergandek bo‘ladi.
Jahon adabiyotining mumtoz namunalarini, deylik, Gulxaniy bobomizning «Zarbulmasal»idan tortib, Paulo Koelo janoblarining mashhur asarlarini olasizmi — barchasida bir g‘oya, ya’ni, shaxs faqat o‘zlikka qaytish orqaligina baxt va erkinlikka erisha olishi ta’kidlanadi. Olimlarning qayd etishlaricha, rosmana donishmandlik va qalb xotirjamligi esa, avvalo, o‘zini bilish va anglashdan, kuchli va kuchsiz jihatlarini idrok etishdan boshlanar ekan. Mavlono Rumiy hazratlarining «Ichindagi ichindadur» degan iborada jam bo‘lgan falsafiy qarashlari ham shu fikrning tasdiqlaydi.
Qissadan hissa shuki, O‘zbekiston istiqboli, xalqimizning tinch va farovon hayoti uchun asos bo‘ladigan g‘oyaviy-mafkuraviy asoslarni olis o‘lkalardan yoki okean ortidan emas, mana shu muqaddas yurtimiz tuprog‘idan, ajdodlarimizning ezgu intilishlaridan, xalqimiz, jumladan, yoshlarimizning bunyodkorlik qudrati va salohiyatidan izlashimiz kerak. Uchinchi Renessans g‘oyasi ham aslida barchamizni shunga — baxt va taraqqiyot formulasini o‘z tariximizdan izlashga da’vat etadi.
Jadid bobolarimizning maqsadi ne edi?
Ma’lumki, XX asr bo‘sag‘asida Turkiston chuqur inqiroz domida qolgan edi. Chorizm imperiyasining mustamlakachilik zulmi va ichki konservativ turg‘unlik iskanjasida ezilib yotgan o‘lka o‘zning asrlar davomida misqollab yig‘ilgan mustaqil tarixiy sub’yekt sifatidagi qiyofasi va belgi-alomatlarini botmonlab boy berayotgan edi. Bu jarayonlarning halokatli oqibatlarini oldindan ko‘ra bilgan mahalliy ziyolilarning ilg‘or qatlami qudratli ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ma’rifiy hodisa — jadidlik harakatiga asos soldilar.
Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Fitrat, Ishoqxon Ibrat, Cho‘lpon o‘rta asrlarga xos turmush tarzini, eskirgan ijtimoiy munosabatlarni tubdan modernizatsiya qilmasdan turib, haqiqiy mustaqillikka erishish va mintaqaning qadimiy shon-shuhratini qayta tiklash imkonsiz ekanini yaxshi angladilar. Ularning islohotchilik qarashlarida uchta fundamental masala o‘q ildiz bo‘lib turardi.
Birinchisi – ta’lim islohoti. Maktablardagi o‘rta asrlarga xos sxolastika – quruq yodlashdan yangi usuldagi maktablarga o‘tish maqsad qilib qo‘yildi. Jadidlar o‘quv jarayoniga avvalo matematika, fizika, geografiya va tarix kabi aniq va dunyoviy fanlarni kiritdilar. Chunki, Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’kidlaganidek: “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozim” edi.
Ikkinchi masala – iqtisodiy erkinlik. Harakat yetakchilari moliyaviy mustaqilliksiz siyosiy ozodlik xomxayol – utopiya ekanini yaxshi tushunishardi. Ular savdo-sanoat shirkatlari, nashriyot uylari tashkil etdilar, milliy tadbirkorlikni rivojlantirdilar va Turkiston iqtisodiyotini jahon xo‘jaligi tizimiga xomashyo bazasi sifatida emas, balki teng huquqli sherik sifatida integratsiya qilishga intildilar. Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Samarqand” gazetasida chop etilgan maqolasidagi mana bu fikrlar o‘z davri uchun juda muhim ahamiyatga ega edi: “Turkiston mevasi, donasi, toshi, tufrog‘i, eski nimarsalari Ovrupo bozoriga ketar. Muni Ovrupo dallollari kelib, oz bahoga olib ketar, mehnatni biz qilurmiz, foydani ular ko‘rar. O‘z nimarsamizni Ovrupo bozoriga eltib, yaxshi bahoga sotaturg‘on bizda bir odam yo‘q. Azbaski, Ovrupo ila savdo qilaturg‘on kishini (o‘zi) avval o‘n sana zamona ilmi o‘qumog‘i lozim. Bizda shohi, adras, beqasam, alocha... bofliklar bor. Agarda bir nafar texnik va muhandisimiz bo‘lsa, bu dastgohlarni isloh etar, aholi obod bo‘lur. Valloh, yaqin vaqtda "doka" bofillarimizdek zoye’ bo‘lib ketar. Chunki Ovrupo yangi asbob ila mundin yaxshi qilib chiqorur”.
Uchinchi masala – davlat va huquqiy ongni evolyutsion, ya’ni, tadrijiy tarzda o‘zgartirish. Jadidlar fuqarolik jamiyatining dunyoviy institutlariga doir kontseptsiyani shakllantirdilar, qonun ustuvorligi, huquqlar tengligi va matbuot erkinligi uchun kurashdilar. Ular tomonidan nashr etilgan “Sadoi Turkiston”, “Oyna”, “Najot” kabi gazetalar ochiq ijtimoiy-siyosiy muloqotning ilk maydonlariga aylandi. Abdulla Qodiriy o‘zining “Yig‘indi gaplar” maqolasida o‘sha davrdagi ahvolni achchiq kulgi ostiga oladi: “Darhaqiqat, mamlakatda islohotga muhtoj masalalar ko‘bdir. Masalan, kattalarga aql va basirat islohoti, […] yoshlarg‘a axloq va kiyim, xotinlarga jabru zulm, domlalarg‘a din va salla, […] va hokazo islohotlarga nihoyat darajada ehtiyoj ko‘bdir”.
Ammo, 30-yillardagi stalincha qonli qatag‘onlar jadid yetakchilari faoliyatiga butunlay barham berdi. Millat oydinlari jismonan yo‘q qilindi, biroq ular ilgari surgan g‘oyalar xalqning ongu tafakkuri va genetik kodida saqlanib qoldi va yashayverdi. Mana, endi, oradan bir asr o‘tib, u yangicha qiyofada bo‘y ko‘rsatdi. Bugungi Uchinchi Renessans — bu jadid bobolarimiz boshlagan, tarixiy fojialar sababli tugallanmay qolgan ulug‘ ishning yangi bir ijtimoiy uyg‘onish sifatida qaytadan yuz ko‘rsatishi, desak, xato bo‘lmaydi.
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar xronologiyasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, nozik bir qonuniyatni kuzatishimiz mumkin. Bu jarayondagi ketma-ketlik amerikalik mashhur ruhshunos Abraham Maslouning ehtiyojlar piramidasiga uyg‘un kabi ko‘rinadi. Unga ko‘ra, inson hayotining asosini fiziologik ehtiyojlar, ya’ni ovqat, suv, uyqu hamda boshpana tashkil etadi. Keyingi o‘rinda xavfsizlikka bo‘lgan ehtiyoj turadi. Bularga himoya, barqarorlik, qonun va ertangi kunga bo‘lgan ishonch ham kiradi. Bu ehtiyojlar ta’minlanganidan keyingina ijtimoiy ehtiyojlarga o‘rin beriladi. Shundan so‘ng hurmat va insoniy qadr-qimmatga bo‘lgan ehtiyoj paydo bo‘ladi. Bu — erishilgan yutuqlarning e’tirof etilishi, jamiyatda hurmat-e’tibor topish va o‘z qadr-qimmatini anglash demakdir. Va eng oxirgi o‘rinda o‘zini namoyon qilish, ya’ni, shaxsiy salohiyatni yuzaga chiqarish, ijod, erkin tafakkur va o‘z hayot yo‘lini topib olish kabi masalalarga e’tibor qaratish mumkin bo‘ladi. Ya’ni, biz orzu qilgan ongli va mamlakatni taraqqiyotga boshlaydigan jamiyatni qurish uchun mana shu bosqichlardan birma-bir o‘tishimiz kerak bo‘ladi.
Maslou ta’kidlaganidek: “O‘lar darajada och odamni ovqatdan boshqa hech narsa qiziqtirmaydi. Uning tushiga ovqat kiradi... Boshqa har qanday maqsadlar — erkinlik, muhabbat, hurmat, falsafa arzimas matohga aylanib qoladi”.
Agar ana shu asosda fikrlaydigan bo‘lsak, mamlakatimizda 2016 yilda boshlangan demokratik islohotlarning birinchi bosqichi jamiyatning eng birlamchi ehtiyojlarini qondirishga qaratildi, deb xulosa chiqarish o‘rinlidek tuyuladi. Valyuta konvertatsiyasi, majburiy mehnatning bekor qilinishi, tadbirkorlik yo‘lidagi byurokratik g‘ovlarning olib tashlanishi insonga o‘z qadr-qimmatini qaytarib berdi.
Albatta, kundalik sun’iy to‘siqlarni yengish bilan ovora bo‘lgan xalq texnologik va intellektual sakrashlar haqida o‘ylay olmaydi. Ma’rifatga ehtiyoj tug‘ilishi uchun, avvalo, ijtimoiy ehtiyojlar ta’minlanishi shart edi.
Mintaqaviy xavfsizlik va yaxshi qo‘shnichilik: Amir Temur o‘giti
Hech bir Renessans jarayonlari dunyodan uzilgan holda yoki tashqi tahdidlar sharoitida rivojlana olmaydi. Shu ma’noda, Markaziy Osiyo davlatlari bilan konstruktiv va do‘stona muloqotni tiklangani Yangi O‘zbekiston uchun ikkinchi muhim qadam bo‘ldi. Mamlakatimiz ulkan iroda, jasorat va tashabbus ko‘rsatib, mintaqadagi integratsiya jarayonlarining lokomotiviga aylandi. Bu siyosat Amir Temurning o‘z zamonida shakllantirgan davlatchilik tafakkuri bilan ko‘p jihatdan mushtarak ekani e’tiborlidir:
Sohibqiron bobomiz “Tuzuklar” asarida “Qo‘shnilar bilan tinchlik va totuvlik bo‘lmagan joyda savdo xonavayron bo‘ladi, madrasalarda chiroqlar o‘chadi, olimlarning ovozi o‘chadi. Mulk faqat uning atrofida tinchlik va adolat hukm surgandagina mustahkamdir”, deb ta’kidlaydi.
Bu bebaho fikrlar aynan bugungi kunimiz uchun aytilgandek. Shunday emasmi?
Turkiston jadidlarining yo‘lboshchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy ham yurt ravnaqi uchun xalqaro munosabatlarni hisobga olishning ahamiyatini ta’kidlagan: “50 sana muqaddamgi zamonda, biz turkistonlilar yakka va tanho yashab, boshqalar ila muomala va munosabatimiz yo‘q edi. Endi zamon o‘zgarib, boshqa millatlar ila maxlut bo‘lduk, shari’at va o‘z urfimiz ustiga qonun va Ovrupo odatiga itoat qilmoqqa majburmiz”.
Mashhur geosiyosatchi Zbignev Bjezinskiy “Buyuk shaxmat taxtasi” asarida: “Markaziy Osiyoning haqiqiy kuchi yer osti boyliklarida emas, balki mintaqaning yagona barqarorlik, savdo va madaniyat maydoniga aylana olish qobiliyatidadir”, deb minataqmizdagi bugungi ijobiy jarayonlarni oldindan bashorat qilgandek bo‘ladi.
Prezidentimiz doimo uqtirib kelayotganidek, eng muhimi, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasini bugun odamlarning kundalik hayoti, kayfiyati, dunyoqarashida yaqqol ko‘rish mumkin. Yoshlarimizning nutqida chegaralar yo‘qligi, hayotda marrani katta olayotganidan ham bilish mumkinki, O‘zbekiston insoniy jihatdan ham rivojlanishning butunlay yangi bosqichini boshdan kechirmoqda. Biz dunyoga, ilgari o‘zimiz yetolmagan imkoniyatlarga ochildik, lekin shu bilan birga, jahonda kuzatilayotgan xavotirli vaziyatlardan to‘la himoyalangan emasligimizni ham tan olishimiz kerak.
Jadidlarimiz nega aynan erkinlik va ozodlikka intilishgan edi? Nega ular maorif va matbuotni erkinlikning ajralmas qismi deb bilishdi? Chunki ma’rifatparvar bobolarimizoddiy bir haqiqatni chuqur anglab yetgan edilar: erkinlik — bu shunchaki siyosiy maqom emas, balki inson tafakkuri, uning ma’naviy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqaradigan ijtimoiy muhit hamdir. Qaram va tobe inson ijod qila olmaydi, kashfiyot yaratolmaydi, Vataning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni zimmasiga ololmaydi. Tobelik insonni faqat maishiy kun kechirish va ko‘r-ko‘rona bo‘ysunish darajasida hayot kechirishga majbur qiladi.
Jadid namoyandalarining boy merosini arxiv tadqiqotlari doirasida qoldirmasdan, ularning ma’rifiy kuchidan islohot jarayonlari va vatanparvarlik tarbiyasida foydalanishda yuqori darajadagi institutsional ko‘mak muhim rol o‘ynamoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan jadidlar falsafasi zamonaviy qarorlar va madaniy trendlar tiliga tarjima qilinmoqda:
· Global ilmiy muloqot: Toshkentda o‘tkazilgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” xalqaro konferentsiyasi dunyoviy huquqiy davlat barpo etish, so‘z erkinligi va ta’limni modernizatsiya qilish bo‘yicha yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jadidlar boshlagan yo‘lning hozirgi kundagi davomi ekanini yana bir bor tasdiqladi.
· Til va alifbo islohoti: lotin grafikasiga asoslangan o‘zbek alifbosiga doir islohotni yakuniga yetkazishga qaratilgan tashabbus global raqamli makonga to‘liq integratsiyalashuv yo‘lida muhim qadam bo‘lib, o‘z vaqtida jadidlar til bo‘yicha olib borgan munozaralar bilan hamohangdir.
· Ma’rifatni ommalashtirish: madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Jadidlar. Turkistonga maktublar” multimedia ko‘rgazmasi tarixiy xotira va xorijda ta’lim olayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid dasturlar o‘rtasida mustahkam ko‘prik yaratdi.
Ayni shunday yondashuv tufayli jadidchilik harakati, uning boy merosi faqat darslik va kitoblardagi statik qaydlardan iborat bo‘lib qolmasdan, davlat taraqqiyotining dinamik brendiga aylanishi uchun sharoit yaratildi.
Amaliy ifoda: O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikning 35 yilligiga mo‘ljallangan milliy dasturlar
Jadid bobolarimizning orzu-armonlari bugungi kunda “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot, yangi kelajak barpo etamiz!” degan ezgu g‘oya ostida amalga oshirilayotgan va 2036 yilgacha mo‘ljallangan kompleks dasturlarda o‘z aksini topmoqda:
· “Kafolatli ta’lim va kelajak kasblari”: maktabgacha ta’limda qamrovni 100 foizga yetkazish, 1 million nafar yoshni IT va zamonaviy kasblarga o‘qitish hamda mamlakatimizdagi kamida 10 ta oliy o‘quv yurtini jahonning TOP-reytinglariga (QS, THE) kiritish — jadidlarning ma’rifatchilik missiyasini davlat miqyosida davom ettirishning amaliy ifodasi, deyish mumkin.
· Iqtisodiy suverenitet: 2030 yilgacha YaIM hajmini 300 milliard dollarga yetkazish, iqtisodiyotga 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va yuqori daromadli minglab ish o‘rinlarini yaratish orqali moddiy mustaqillik asoslari mustahkamlanmoqda.
· Ijtimoiy va huquqiy kafolatlar: mahalla institutini modernizatsiya qilish, sud tizimi mustaqilligini ta’minlash va sog‘liqni saqlashga ajratiladigan mablag‘larni YaIMning 5 foiziga yetkazish — ajdodlarimizning qonun ustuvor bo‘lgan va ijtimoiy mas’uliyatli davlat haqidagi g‘oyalari bugun evolyutsion, ya’ni, tadrijiy tarzda amalga oshirilayotganidan dalolat, deyish mumkin.
Hozirgi kunda biz uchun yana bir ulug‘ maqsad — Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda asosiy bunyodkor kuch bo‘ladigan erkin va ozod fikrlaydigan avlodni tarbiyalashdan iborat. Biz yoshlarimizni buyruq va ko‘rsatmalarni ko‘r-ko‘rona bajaradigan passiv ijrochi emas, balki mustaqil fikrga ega, jahon standartlari darajasida fikrlaydigan, o‘z haq-huquqi va mas’uliyatini anglaydigan komil insonlar etib kamolga yetkazmoqchimiz. Prezident maktablari, IT-parklar, xorijda ta’lim olish imkoniyatlari va yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarning tub mohiyati ham aynan shu maqsadga qaratilgan.
Amerikalik sotsiolog Frensis Fukuyama ta’kidlaganidek: “Millatning yashovchanligi va raqobatdoshligi uning moliyaviy kapitali bilan emas, balki ijtimoiy ishonch darajasi va institutlar sifati bilan belgilanadi”.
Uchinchi Renessans — bu shunchaki shior yoki moziyga ehtirom emas. Bu insonning bazaviy ehtiyojlarini yuksak darajada ta’minlash va mintaqada xavfsizlikni mustahkamlashdan tortib, fuqarolik sub’yekt sifatidagi milliy o‘zliu tuyg‘usi va ozod tafakkurni uyg‘otishgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab oladigan uzoq muddatli va puxta ishlab chiqilgan strategiyadir.
Jadid bobolarimizning qora o‘tmishning o‘ta fojiali davrida to‘liq ro‘yobga chiqmasdan qolgan orzu-armonlari Yangi O‘zbekiston sharoitida amalga oshib, ana shu strategiya asosida mustaqil institutsional maqomda yuksak bosqichga ko‘tarilmoqda.
Biz – yoshlar bu haqiqatni chuqur anglagan holda, qanday buyuk va ortga qaytmas jarayonlarning ishtirokchisi ekanimiz bilan har qancha faxrlansak, arziydi. Yurtimizning millinolab o‘g‘il-qizlari bugun ayni shunday faxr va ishonch tuyg‘usi bilan: “Yangi O‘zbekistonning yorug‘ istiqbolini mard va olijanob xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz va bu yo‘lda oldinga borishdan hyech qachon charchamaymiz!” deb dadil maydonga chiqayotgani mamlakatimizning buyuk salohiyati va imkoniyatidan dalolat beradi.
Visola QARSHIBOYEVA