Davlatimiz rahbari Xalqaro paxta kuni hamda Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida hozirgi vaqtda iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik kabi muammolar bilan birga logistika zanjiridagi uzilishlar ham oziq-ovqat narxining oshishiga olib kelayotganini ta’kidladi. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda dunyo bo‘yicha 645 milliondan ortiq odam ochlikdan aziyat chekmoqda. Xalqaro ekspertlarning qayd etishicha, tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmasa, 2028-yilda bu raqam 1 milliardga yetishi mumkin.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston oziq-ovqat yetiştirish, jumladan, sabzavotchilik uchun katta tabiiy va iqtisodiy salohiyatga ega. Qulay iqlim, dehqonchilik an’analari, katta ichki bozor, mehnat resurslari, bir yilda ikki-uch marta hosil olish imkoniyati yurtimizning bu sohadagi tabiiy ustunligini belgilaydi. Natijalar ham salmoqli.
Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda respublikada barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 13,7 million tonna sabzavot yetishtirildi. Bu 2024-yildagiga nisbatan 1,2 foiz ko‘p. 2026-yilning birinchi choragida esa issiqxonalarning o‘zidan 102 ming tonna sabzavot olinib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29 foiz o‘sish qayd etildi. Bu raqamlar tarmoqda o‘sish borligini ko‘rsatadi.
Lekin endi masalani faqat yalpi hosil nuqtai nazaridan baholash yetarlimi? Agar ishlab chiqarish hajmi yil sayin ortib borayotgan bo‘lsa, nega bir gektardan olinayotgan sof daromad, mahsulot tannarxi, suv samaradorligi, saqlashdagi yo‘qotishlar va kafolatlangan sotuv darajasi ham tarmoq samaradorligining asosiy mezonlariga aylanmasligi kerak?
Aslida, sabzavotchilikning keyingi taraqqiyot bosqichi aynan shu savolga berilgan javobga bog‘liq. Hosil ko‘payishi hali samaradorlik degani emas. Qishloq xo‘jaligida uzoq yillar “qancha gektarga ekildi?” va “qancha tonna mahsulot olindi?” degan ko‘rsatkichlarga ustuvor ahamiyat berildi. Bu raqamlar, albatta, muhim.
Biroq fermer nuqtai nazaridan natijaning boshqa o‘lchovi ham bor: mahsulot qaysi tannarxda yetishtirildi? Uning qanchasi sotildi? Qanchasi saqlash yoki tashish jarayonida yo‘qotildi? Mavsum yakunida ishlab chiqaruvchining qo‘lida qancha sof daromad qoldi?
Masalan, hosil 20 foiz ko‘payib, bozor narxi 30 foiz tushib ketsa, statistikada o‘sish qayd etiladi, ammo fermerning iqtisodiy ahvoli yaxshilanmasligi mumkin. Shu sababli sabzavotchilikda “ko‘proq yetishtirish” modelidan “samarali va daromadli yetishtirish” modeliga o‘tish vaqti keldi. Buning uchun esa ishlab chiqarish bazasining bir nechta asosiy bo me’yori bir vaqtning o‘zida mustahkamlanishi lozim.
Baraka urug‘dan boshlanadi
Sabzavotchilikning birinchi poydevori — sifatli urug‘. Yuqori hosilli, mahalliy iqlim sharoitiga mos, kasallik va qurg‘oqchilikka chidamli nav fermer uchun har qanday texnologiyadan oldingi asosiy omildir.
Kartoshkachilik misolida oladigan bo‘lsak, bu masalaning naqadar muhimligini ko‘rish mumkin. 2023-yildagi rasmiy tahlilda sohadagi o‘rtacha hosildorlik pastligi, elita va yuqori reproduksiyali urug‘likdan foydalanish imkoniyatlari cheklangani, yuqori sifatli urug‘lik kartoshka yetishtirish uchun maydon, issiqxona va saqlash quvvatlari yetishmasligi, ayrim kasalliklarni aniqlash uchun laboratoriya bazasini kuchaytirish zarurligi qayd etilgan edi.
So‘nggi yillarda urug‘ sifatini nazorat qilish va raqamlashtirish bo‘yicha muayyan ishlar qilindi. Jumladan, 2026-yilning birinchi choragida urug‘lik va ko‘chatlarga 3 million 750 mingdan ortiq raqamli QR-kodli yorliq berilgan. Shundan 616 mingdan ziyodi sabzavot va poliz ekinlari urug‘i hissasiga to‘g mekeladi. Bu muhim qadam, ammo sifatni nazorat qilishning o‘zi yetarli emas.
Keyingi vazifa — mahalliy seleksiya va urug‘chilikning bozordagi real ulushini oshirish. Ilmiy muassasa, urug‘chilik xo‘jaligi va fermer o‘rtasidagi zanjir natija berishi kerak. Asosiy sabzavot turlari bo‘yicha mahalliy sharoitga mos navlar ulushi, ularning hosildorligi va ishlab chiqaruvchi uchun iqtisodiy samarasi ochiq baholanishi maqsadga muvofiq.
Ikkinchi masala — suv. Iqlim o‘zgarishi va suv resurslariga bosim kuchayib borayotgan bir paytda sabzavotchilikni faqat maydonni kengaytirish hisobiga rivojlantirish imkoniyati cheklangan. Shuning uchun tomchilatib sug‘orish, tuproq namligini aniq hisoblash, suv bilan oziqlantirishni uyg‘unlashtirish, zamonaviy agrotexnika va raqamli monitoring endi alohida ilg‘or tajriba emas, tarmoqning iqtisodiy zaruratiga aylanishi kerak.
Biroq fermerga “suv tejovchi texnologiya joriy et”, deyishning o‘zi kamlik qiladi. Unga texnologiyani tanlash, o‘rnatish va samarali ishlatish uchun agronomik hamda texnik xizmat kerak. Ayniqsa, kichik fermer va dehqon xo‘jaligi har bir masala bo‘yicha alohida mutassis yollash imkoniyatiga ega emas. Shu yerda agroservis tizimining sifati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Sabzavotchilik bugun tobora ilmtalab tarmoqqa aylanmoqda. Tuproq tarkibi, urug‘ tanlash, o‘g‘it me’yori, suv berish vaqti, zararli va kasalliklarga qarshi kurash, hosilni yig‘ish muddati — bularning har biri yakuniy tannarxga ta’sir qiladi.
Shu bois, har bir sabzavotchilikka ihtisoslashgan tumanda fermer foydalana oladigan amaliy agroservis nuqtasi bo‘lishi maqsadga muvofiq. Buning uchun yangi me’yoriy idora tashkil etish shart emas. Ilmiy muassasalar, agroxizmat markazlari va laboratoriyalarning imkoniyatlarini birlashtirish mumkin.
Bozorni ekishdan oldin o‘rganish shart
Sabzavotchilikdagi eng jiddiy tizimli masalalardan biri — ishlab chiqarish bilan bozor ehtiyoji o‘rtasidagi axborot uzilishi. Fermer bu yil nima ekish haqida qaror qabul qilar ekan, ko‘p hollarda o‘tgan mavsumdagi narx, shaxsiy tajriba yoki atrofidagilarning tanloviga tayanadi.
O‘tgan yili bir mahsulot yaxshi daromad bergan bo‘lsa, keyingi mavsumda uni yetishtirishga qiziqish keskin oshishi mumkin. Ko‘plab ishlab chiqaruvchilar bir xil qaror qabul qilsa, hosil pishganda taklif ortib, narx tushadi. Keyingi yili esa aksincha jarayon kuzatilishi mumkin.
Bu holat bozor iqtisodiyotining tabiiy qismi. Lekin tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarida axborot kechikishining bahosi juda qimmat: fermer zarar ko‘radi, mahsulot nobud bo‘ladi, iste’molchi esa narx tebranishini his qiladi.
Shu ma’noda, 2026-yil mayda oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan rasmiy yig‘ilishda tegishli idoralar o‘rtasida yagona ma’lumotlar bazasi shakllanmagani va mahsulotni yetishtirishdan iste’molchigacha kuzatib borish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani qayd etildi. Demak, muammo ma’lumot yo‘qligida emas, balki ma’lumotning tarqoqligi va fermer qaroriga o‘z vaqtida aylanmasligida.
Buning amaliy yechimi bor. Qishloq xo‘jaligi vazirligi statistika, hududiy ishlab chiqarish rejalari, qayta ishlash korxonalari ehtiyoji, zaxira va savdo ma’lumotlarini birlashtirib, har mavsum oldidan kartoshka, piyoz, sabzi, pomidor va boshqa asosiy 5-7 mahsulot bo‘yicha ochiq talab hamda taklif prognozini e’lon qilishi mumkin.
Bu rejali iqtisodiyotga qaytish emas. Davlat fermerga “shuni ekasan”, demaydi. U “mana bu mahsulot bo‘yicha kutilayotgan talab, mavjud maydon, qayta ishlash ehtiyoji va bozor xavfi shunday” degan axborotni taqdim etadi. Qarorni fermerning o‘zi tahminga emas, ma’lumotga tayanib qabul qiladi.
Ombor bor. Ammo fermer undan foydalana olyaptimi?
Hosilni yetishtirish — ishning yarmi. Uni saralash, sovitish, saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va o‘z vaqtida sotish imkoniyati bo‘lmasa, mo‘l hosil ham yuqori daromadni kafolatlamaydi. 2026-yil 12-may holatiga ko‘ra, mamlakatda 1,5 million tonna sig‘imga ega saqlash omborlari va 3,5 million tonna mahsulotni qayta ishlash quvvati mavjud. 2026-yil iyulida esa yil yakuniga qadar jami 87 ming tonna sig‘imli yana 340 ta sovitish omborini ishga tushirish vazifasi belgilandi. Bu — katta resurs.
Endi asosiy savol: uning qanchasi samarali ishlayapti? Qaysi tumanda qanday ombor mavjud? Uning bo‘sh quvvati qancha? Qaysi mahsulotni qanday haroratda saqlash mumkin? Xizmat narxi qancha? Qaysi qayta ishlash korxonasiga qanday xomashyo zarur?
Shu ma’lumotlarni qamrab olgan yagona ochiq elektron xarita fermer uchun yangi ombor qurishdan kam ahamiyatli emas. Natijani baholashda ham “qancha quvvat yaratildi?” degan savol bilan cheklanmay, “quvvatning necha foizi ishlatildi va qancha mahsulot yo‘qotilishining oldi olindi?” degan mezonga o‘tish shart.
Mezon — fermer daromadi
Ishlab chiqarishni barqarorlashtirishning yana bir vositasi — shartnomaviy yetishtirish. Fermer mavsum boshlanishidan oldin qayta ishlovchi korxona, eksportchi yoki savdo tarmog‘i bilan mahsulot turi, hajmi, sifati va xarid shartlarini kelishib olsa, uning tavakkal xavfi kamayadi. Xaridor esa kelgusi xomashyo hajmini oldindan rejalashtiradi. Ammo bu mehanizmning ishlashi uchun shartnoma ikki tomon uchun ham haqiqiy kafolat bo‘lishi lozim.
Shu maqsadda asosiy sabzavot turlari uchun soddalashtirilgan namunaviy kontraktlar, mahsulotni qabul qilmaslik yoki yetkazib bermaslik holatlarida tezkor nizo hal qilish tartibi, shuningdek, sug‘urta va qisman oldindan moliyalashtirish mehanizmlarini keng qo‘llash mumkin. Bu fermer uchun “hosilni qayerga sotaman?” degan savolni ekishdan keyin emas, undan oldin hal qilish imkonini beradi.
Barqaror rivojlanish maqsadlari nuqtai nazaridan ham asosiy mezon — fermer daromadi. Bu masala Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bilan bevosita bog‘liq. O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan milliy BRM vazifalarida ikkinchi maqsad oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish sifatida belgilangan.
Unda, shuningdek, 2030-yilgacha oziq-ovqat yetishtirish samaradorligi bilan birga ishlab chiqaruvchilar daromadini oshirish, barqaror ishlab chiqarish tizimlarini joriy etish, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining genetik xilma-xilligini saqlash, ichki bozorga mahsulot yetkazib berishni tizimli monitoring qilish ham belgilangan. Demak, BRM nuqtai nazaridan ham natijani faqat tonna bilan o‘lchash yetarli emas.
Fermerning daromadi qancha oshdi? Bir gektardan qancha sof foyda olindi? Bir tonna mahsulot uchun qancha suv sarflandi? Hosilning qanchasi saqlash va tashish jarayonida yo‘qotildi? Qanchasi qayta ishlanib, qo‘shimcha qiymat yaratdi? Ana shular sabzavotchilikning haqiqiy barqarorligini ko‘rsatadi.
Yettita muhim qadam
Sohadagi muammolarni hal etish uchun yangi yirik idora tuzish yoki ma’muriy rejalashtirishni tiklash shart emas. Mavjud tuzilma va ma’lumotlarni yagona natijaga yo‘naltirishning o‘zi katta o‘zgarish berishi mumkin.
Birinchidan, sabzavotchilikka ihtisoslashgan har bir hudud uchun ishlab chiqarish pasportini shakllantirish zarur. Xususan, yer va suv imkoniyati, asosiy ekinlar, o‘rtacha hosildorlik, urug‘ga ehtiyoj, ombor, qayta ishlash va sotuv kanallari yagona hujjatda aks ettirilishi lozim.
Ikkinchidan, asosiy 5-7 ta mahsulot bo‘yicha ekish mavsumi oldidan talab-taklif prognozini ochiq e’lon qilish. Buning uchun yangi statistika toplash emas, idoralarning bor ma’lumotini birlashtirish kifoya.
Uchinchidan, mahalliy seleksiya va urug‘chilik bo‘yicha aniq natija mezonlarini belgilash: sertifikatlangan urug‘ bilan qamrov, hosildorlikka ta’sir va fermer tannarxidagi o‘zgarish.
To‘rtinchidan, ihtisoslashgan tumanlardagi muassasalar kesimida fermerga tuproq, suv, oziqlantirish va o‘simlik kasalliklari bo‘yicha tezkor xizmat ko‘rsatadigan agroservis nuqtalarini ko‘paytirish.
Beshinchidan, saqlash omborlari va qayta ishlash korxonalarining joylashuvi, bo‘sh quvvati va xizmat shartlarini ko‘rsatadigan ochiq elektron bazani ishga tushirish.
Oltinchidan, qayta ishlovchi va savdo tarmoqlari bilan kontrakt asosida yetishtirish ulushini oshirish, namunaviy shartnoma va nizolarni tez hal qilish mehanizmini joriy etish.
Yettinchidan, hudud va tarmoq rahbarlari faoliyatini faqat yalpi hosil bilan emas, hosildorlik, tannarx, fermerning sof daromadi, mahsulot yo‘qotilishi va suv samaradorligi bo‘yicha ham baholash.
Bu takliflarning muhim jihati shundaki, ular katta ma’muriy islohot emas, mavjud tizimning ishlash mantig‘ini o‘zgartirishga qaratilgan.
O‘zbekistonda sabzavotchilik uchun imkoniyat katta. Masala endi bu salohiyatning mavjudligini isbotlashda emas, balki uni barqaror daromad va raqobatbardosh ishlab chiqarishga aylantirishda. Buning uchun sifatli mahalliy urug‘ zarur. Suvdan tejamkor foydalanish lozim. Ilm va agroservis fermerga yetib borishi kerak. Fermer bozor talabini ekishdan oldin bilishi shart. Qolversa, yetishtirilgan mahsulotni saqlash va qayta ishlash tizimi ishlab turishi darkor.
Eng muhimi, sohaning muvaffaqiyati “qancha tonna hosil oldik?” degan birgina savol bilan emas, “fermer qancha daromad oldi va shu natijani kelasi yili ham takrorlay oladimi?” degan mezon bilan baholanishi lozim. Shunda sabzavotchilikdagi o‘sish raqamlardagi mavsumiy natija bo‘lib qolmaydi. U urug‘dan bozorgacha bo‘lgan yaxlit zanjirga, fermer manfaatiga va zamonaviy texnologiyaga tayangan barqaror tizimga aylanadi.
Jahongir ISAYEV
“Barqaror rivojlanish markazi” NNT bo‘lim boshlig‘i
«Yangi O‘zbekiston» gazetasi | 2026-yil 9-oktabr | № 209 (1808) | 4-bet