Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Oziq-ovqat xavfsizligi: barqaror rivojlanishni ta’minlashda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari

20-11-2025 48

    2025 yil 19 noyabr kuni Xalqaro Nordik universitetida “O‘zbekiston–2030” strategiyasi: amalga oshirilayotgan islohotlar tahlili, muammolar va yechimlar” mavzusida mamlakat taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

    Mazkur anjumanda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ekologiya, tashqi siyosat, raqamli transformatsiya, turizm va jamiyat rivoji kabi ustuvor sohalardagi islohotlarni ilmiy jamoatchilik ishtirokida tahlil qilish, ularning amaliy natijalarini muhokama etish hamda istiqboldagi vazifalarni belgilashga asosiy e’tibor qaratildi.        

    Konferensiyada Barqaror rivojlanish markazi eksperti Iskandar O‘roqboyev “O‘zbekiston-2030” strategiyasida oziq-ovqat xavfsizligi: barqaror rivojlanishni ta’minlashda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari” mavzusidagi maruza bilan ishtirok etdi.

    Jahon iqtisodiyotining globallashuvi, turli inqirozlar, jumladan pandemiyalar, tabiiy ofatlar hamda geosiyosiy muammolar mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga bo‘lgan ehtiyojini keskin oshirib bormoqda. Jumladan, 2024 yilda taxminan 673 million odam ochlikka duch kelgan bo‘lib, bu jahon aholisining 8,3 foizini tashkil etadi. Xuddi shu davrda taxminan 2,3 milliard odamo‘rtacha yoki og‘ir darajadagi oziq-ovqat xavfsizligi muammosini boshdan kechirgan.

    Bunday sharoitda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi har bir davlat uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston uchun ham ushbu masala ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib, u mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligi, aholining turmush darajasi va farovonligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.    


    Ma’ruzada quyidagi yo‘nalishlar muhokama etildi:

O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qishloq xo‘jaligi sohasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotgani;

An’anaviy tarzda paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashtirilgan ayrim yer maydonlari qisqartirilib, o‘rniga sabzavot, dukkakli va poliz ekinlarini yetishtirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani;

Qishloq xo‘jaligida klaster va kooperatsiya tizimlarining joriy etilishi qayta ishlash, saqlash va eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirgani;

Tomorqa xo‘jaliklariga davlat tomonidan imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratilayotgani.


    Shu bilan birga, innovatsion yechimlar va zamonaviy texnologiyalar oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Xususan, blokcheyn texnologiyalarining joriy etilishi mahsulotlar sifatini nazorat qilish va ta’minot zanjirini shaffoflashtirishda o‘z samarasini bermoqda. Agrologistika tizimini takomillashtirish, saqlash inshootlarini modernizatsiya qilish orqali mahsulot yo‘qotishlarini kamaytirishga erishilayotganligiga alohida urg‘u berildi.    

    Konferensiyada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi qator muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.


    Jumladan, quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi:

Iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik va suv tanqisligi qishloq xo‘jaligi mahsuldorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Global inqirozlar — pandemiya, iqtisodiy noustuvorlik va jahon iqtisodiy tebranishlari oziq-ovqat ta’minotiga xavf tug‘dirmoqda.

Ilmiy tadqiqotlar va malakali kadrlar yetishmasligi sohada rivojlanishga to‘siq bo‘lmoqda.

    Taklif sifatida samarali o‘qitish va trening dasturlarini yo‘lga qo‘yish, sohada ilmiy izlanishlarni kuchaytirish hamda kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

    Tadbir yakunida taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha kelgusi rejalar, vazifalar belgilab olindi. Bu esa mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada izchil ravishda olib borilishiga xizmat qiladi.