Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

O‘ZBЕKISTONDA MAHALLA INSTITUTINING O‘RNI VA AHAMIYATI

20-04-2026 346


    2026 yil 20 aprel kuni Toshkent shahrida mahalla raislari ishtirokida “O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida mahalla tizimining o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

    Mazkur tadbirda jamiyatni barqaror rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish hamda davlat boshqaruvini xalqchil tamoyillar asosida takomillashtirishda mahalla institutining o‘rni va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, mahalla tizimi joylarda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish, aholi bilan manzilli ishlash va davlat siyosatining ijrosini ta’minlashda muhim bo‘g‘in sifatida namoyon bo‘lmoqda.

    Bugungi kunda mahalla faqat ma’muriy-hududiy birlik bo‘lib qolmay, jamoatchilik nazorati, hamjihatlik va ijtimoiy barqarorlikning mustahkam tayanchiga aylandi. “Mahalla yettiligi” mexanizmi aholining turli muammolarini joyida va tezkor hal etish imkonini yaratdi. Mahalla raislari hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash va fuqarolarning dolzarb masalalarini hal etishda faol ishtirok etmoqda.    

    Shuningdek, 2026 yilda mahallalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha moliyaviy mablag‘lar ajratilmoqda. Bu esa mahalla institutining rolini yanada kuchaytirib, islohotlarning mahalliy darajada samarali amalga oshirilishini ta’minlaydi hamda aholi turmush darajasini oshirishga mustahkam zamin yaratadi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi mahalla institutini davlat va jamiyat hayotida yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim strategik qaror sifatida baholandi.