Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

O‘zbekistonda Islom moliya-bank tizimini shakllantirish va rivojlantirish muammolari

09-11-2025 45

2025 yilning 7 noyabr kuni Barqaror rivojlanish markazi Xorazm viloyati bo‘linmasi tashabbusi bilan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida, O‘zbekiston xalqaro Islomshunoslik akademiyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda Islom moliya-bank tizimini shakllantirish va rivojlantirish muammolari”mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida Xorazm viloyati banklari xodimlari, tadbirkorlar, universitet professor-o‘qituvchilari, magistrlar va iqtidorli talabalar hamda iqtisodchi mutaxassislar ishtirok etdilar.

    Davra suhbatini Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti rektori v.b., professor Xodjaniyazov S.U., Xorazm viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, professor Salayev S.K. ochib berdi. Davra suhbatida O‘zbekiston xalqaro Islomshunoslik akademiyasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori, O‘zFA akademigi Tuxliyev N., O‘zbekiston xalqaro Islomshunoslik akademiyasi professori, iqtisodiyot fanlari doktori Abdullayev R., Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti huzuridagi “O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari” ilmiy tadqiqot markazi sektori mudiri Abrorov S., Islamic Bissnes and Finance,direktori, Phd Imomnazarov J., Barqaror rivojlanish markazi Xorazm viloyati bo‘linmasi rahbari, professor B. Ruzmetov va boshqalar so‘zga chiqdilar.

    Tadbirda so‘zga chiqqan mutaxassislar Islom moliya tizimining nazariy va amaliy jihatlarini keng qamrovli muhokama qildilar. Ta’kidlanganidek, islom moliya tizimi an’anaviy moliya tizimidan asosiy jihatlari bilan farq qiladi: bunga foizsiz kreditlash prinsipi, moliyaviy operatsiyalarda shar’iy me’yorlarga amal qilish, risk va daromadni bo‘lish tamoyili, shuningdek, investitsion loyihalarni ekologik va ijtimoiy barqarorlik mezonlariga muvofiqlashtirish kiradi. Mutaxassislar O‘zbekistonda islom moliya tizimini rivojlantirish omillarini aniqlab, bu jarayonda normativ-huquqiy baza, moliyaviy institutlarning yetukligi, xalqaro tajriba va innovatsion texnologiyalarni joriy qilish muhimligini ta’kidlashdi.

    Shuningdek, tadbirda an’anaviy va islom kapital bozorlarining umumiy va farqli jihatlarini taqqoslashga alohida e’tibor qaratildi. Umumiy jihatlar sifatida moliyaviy instrumentlar, investitsiya jalb qilish mexanizmlari va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan strategiyalar keltirildi. Farqli jihatlar esa islom moliyasining shar’iy prinsiplar asosida ishlashi, foizsiz operatsiyalar, daromad va riskni adolatli taqsimlash tamoyili hamda ijtimoiy mas’uliyatni hisobga olishi bilan izohlandi.

    Tadbir davomida Barqaror rivojlanish markazi Xorazm viloyati bo‘linmasi rahbari professor B.Ruzmetov O‘zbekiston mintaqalarini barqaror rivojlantirishda islom moliya tizimi va an’anaviy moliya mexanizmlarini integratsiyasining strategik ahamiyati haqida gapirar ekan, integratsiyalashgan yondashuv mintaqaviy investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda samaradorlikni oshirishi, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashi va hududiy tafovutlarni kamaytirishi ishtirokchilarning etiborini tortdi.    

    Professor B. Ruzmetov ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda islom moliyasi jahon moliya tizimining eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylandi. 2024–2025 yillar bo‘yicha e’lon qilingan xalqaro hisobotlar global islom moliya bozori hajmi barqaror o‘sishda ekanini, uning asosiy segmentlari va moliyaviy instrumentlari izchil rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda.

    2024 yil yakuniga ko‘ra, islom moliyasi aktivlari 4,2–4,5 trln AQSH dollariga yetgani qayd etilmoqda. Bu 2015 yildagi ko‘rsatkichdan deyarli ikki barobar yuqori bo‘lib, soha yillik 10–12 foiz sur’atda o‘sib bormoqda. Solishtirish uchun, an’anaviy bank tizimida o‘rtacha o‘sish darajasi 4–5 foizni tashkil etadi. Shu ma’noda, islom moliyasi hozirgi global moliya bozorlari ichida eng dinamik va istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.

    Shu bilan birga, professor tarmoqni rivojlantirishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymaslik, mavjud xalqaro tajribalarni puxta o‘rganish, shariat talablari bilan milliy qonunchilik uyg‘unligini ta’minlash muhim ekanini ta’kidladi. Ayniqsa, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, ularning shariat va moliyaviy bilimlarini birgalikda shakllantirish strategik ahamiyat kasb etadi.

    Professor Ruzmetovning ta’kidlashicha, islomiy iqtisodiy modelning barqaror rivojlanish konsepsiyasi bilan uyg‘unligi ham alohida ahamiyatga ega. Barqaror rivojlanishning uch asosiy tamoyili — iqtisodiy manfaat, ijtimoiy adolat va ekologik mas’uliyat — islom moliyasi qoidalari bilan to‘laqonli mos keladi. Shu bois, islom moliyasini rivojlantirish nafaqat moliyaviy tizimni diversifikatsiya qiladi, balki jamiyatda adolat, inklyuzivlik va ekologik mas’uliyatni kuchaytirishga ham xizmat qiladi.

    Tadbir davomida ishtirokchilarga amaliy misollar keltirilib, masalan, qishloq xo‘jaligi va kichik biznesni rivojlantirishda islom moliya instrumentlarini qo‘llash, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirish, ekologik va ijtimoiy me’yorlarga muvofiq investitsiyalarni jalb qilish yo‘llari ko‘rsatildi.

Konferensiya debat shaklida tashkil etilgan bo‘lib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar ham berildi.

    Bu kabi davra suhbatlari O‘zbekistonda islom moliya tizimini chuqur o‘rganish va undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga, iqtisodiyotda adolatli, xavfsiz va barqaror moliya mexanizmlarini joriy qilishga, investitsiya muhitini yaxshilashga, ekologik va ijtimoiy mas’ul moliya amaliyotini rivojlantirishga, kadrlar tayyorlash va ilmiy mulohazalarni boyitishga xizmat qiladi.

Barqaror rivojlanish markazi

Xorazm viloyat bo‘linmasi rahbari

professor    B.Ruzmetov