Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

O‘zbekistonda “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi: innovatsiya va barqaror rivojlanishning yangi bosqichi

03-12-2025 50

    2025 yil 28 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sun’iy intellekt sohasini rivojlantirishga qaratilgan forum bo‘lib o‘tdi va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan raqamli transformatsiya jarayonlari, sun’iy intellektni joriy etish va yoshlar salohiyatini oshirish bilan bog‘liq ustuvor masalalar muhokama qilindi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotning ulushi ikki barobarga oshdi, sun’iy intellekt va AT texnologiyalariga qariyb 2 mlrd dollar investitsiyalar jalb etildi. AT xizmatlari eksporti esa 4,5 barobar o‘sib, 1 milliard dollarga yaqinlashdi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishida cun’iy intellekt imkoniyatlari strategik ahamiyat kasb etayotganini anglatadi.    

    Sun’iy intellekt texnologiyalarining amaliyotga joriy etilishi sog‘liqni saqlash sohasida ham sezilarli samara bermoqda. Raqamli diagnostika tizimlaridan foydalanish natijasida 50 mingdan ortiq bemorga SI yordamida aniq tashxis qo‘yilgan, Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgan mammografiya tekshiruvlarining 70 foizi sun’iy intellekt platformasi orqali tahlil qilingan. Tashxis qo‘yish vaqti bir necha kundan ikki soatgacha qisqargani tibbiy xizmat sifati oshganini ko‘rsatadi. Forumda eng muhim yangilik sifatida “5 million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasiga rasman start berildi. Loyiha 2030 yilga qadar 4,75 mln o‘quvchi va talaba, 150 ming o‘qituvchi va 100 ming davlat xizmatchilarini sun’iy intellekt bo‘yicha o‘qitishni ko‘zda tutadi. Maktablar o‘rtasida har yili SI yo‘nalishida tanlovlar tashkil qilinib, g‘oliblar uchun eng zamonaviy laboratoriyalar barpo etiladi. Shuningdek, iqtidorli yoshlarni saralash va rag‘batlantirish maqsadida “Sun’iy intellekt bo‘yicha Prezident tanlovi” joriy etiladi. Chekka hududlardan tortib, respublika darajasigacha har yili 100 nafar eng iqtidorli yoshlar tanlab olinib, AQSH, BAA va Yevropaning ilg‘or texnologik kompaniyalariga stajirovkaga yuboriladi. Bu inson kapitali rivoji va yuqori texnologik bilimlarning mamlakatga qaytib kirib kelishiga xizmat qiladi. Har yili noyabr oyini “Yoshlar uchun sun’iy intellekt oyligi” deb e’lon qilish taklif etilgani, mamlakatda SI texnologiyalarini targ‘ib qilish va yoshlarning innovatsion jarayonlardagi ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan muhim tashabbusdir.

    Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar sun’iy intellekt ekotizimini barcha sohalarda joriy etish, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, bu jarayonlar Barqaror rivojlanish maqsadlari — ta’lim, sog‘liq, iqtisodiyot, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlik tamoyillariga to‘liq mos holda amalga oshirilmoqda.