Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

O‘zbekiston – O‘mon: siyosiy muloqotdan aniq iqtisodiy natijalar sari

13-11-2026 260
    Investitsiya, transport-logistika va maxsus iqtisodiy zonalar bo‘yicha hamkorlik yangi imkoniyatlar ochmoqda

    Maskat shahrida 16-17-noyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan O‘zbekiston–O‘mon biznes-forumi ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada faollashtirish uchun muhim maydon bo‘lishi kutilmoqda. Forum doirasida savdo va investitsiyalar, transport-logistika, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda turizm sohalaridagi hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqilishi belgilangan. «Made in Uzbekistan» ko‘rgazmasi esa milliy mahsulotlarimizni yangi bozorlarga olib chiqishga xizmat qilishi mumkin.

    Bunday muloqotning ahamiyati faqat uchrashuvlar yoki imzolanishi mumkin bo‘lgan hujjatlar soni bilan o‘lchanmaydi. Eng muhimi, kelishuvlarni ishlab chiqarish quvvatlari, barqaror savdo yo‘nalishlari va yangi ish o‘rinlariga aylantirishdir. O‘zbekiston va O‘monning iqtisodiy imkoniyatlari aynan shu nuqtayi nazardan bir-birini to‘ldiradi: mamlakatimiz sanoat va qishloq xo‘jaligi salohiyatiga ega, O‘mon esa Hind okeaniga tutash portlari va xalqaro logistika tarmoqlari bilan ajralib turadi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘mon Sultonligiga rejalashtirilgan tashrifi ushbu jarayonga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlashi mumkin. Joriy yil 4-mart kuni davlatimiz rahbari va O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said o‘rtasidagi telefon muloqotida Maskatga kutilayotgan oliy darajadagi tashrif masalasi tilga olingan edi.

    Siyosiy ishonch – investitsiyaviy hamkorlik asosi

    1992-yil 22-aprelda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon ikki davlat o‘zaro hurmat va amaliy manfaatlarga asoslangan muloqotni rivojlantirib kelmoqda. 2026-yil 30-iyunda Maskatda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning to‘qqizinchi davrasi o‘tkazildi. 13-oktabrda tashqi ishlar vazirlari savdo, turizm, investitsiyalar hamda transport-logistika loyihalarini ilgari surish masalalarini muhokama qildilar.

    Sarmoyaviy sheriklikning ko‘lami ham kengaymoqda. Joriy yil 29-apreldagi rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda O‘mon kapitali ishtirokida 10 ta korxona faoliyat yuritgan, umumiy baholangan qiymati 3,2 milliard dollarlik 20 ta yangi qo‘shma loyiha esa ishlab chiqish bosqichida bo‘lgan. Bu raqam hozirga qadar o‘zlashtirilgan investitsiya miqdorini emas, istiqbolli loyihalar portfelini anglatadi. Endi asosiy vazifa ularni moliyalashtirish, qurilish va ishlab chiqarish bosqichlariga izchil o‘tkazishdan iborat.

    Bunda O‘zbekiston-O‘mon investitsiya kompaniyasi – UzOman tajribasi muhim. Uning kapitalida O‘mon investitsiya boshqarmasi 75 foiz, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 25 foiz ulushga ega. Mazkur mexanizm qo‘shma loyihalarni mablag‘ bilan ta’minlash barobarida, texnologiya va boshqaruv tajribasini jalb qilish imkonini ham beradi.

    Logistika sohasida amalga oshgan natija

    O‘zaro hamkorlikdagi muhim amaliy qadamlardan biri 3-iyunda qayd etildi. O‘monning Asyad Group kompaniyasi Orient Group va UzOman ishtirokidagi bitim orqali O‘zbekistondagi Universal Logistics Services hamda Highway Logistics Center logistika platformalarining nazorat ulushini sotib olganini e’lon qildi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, mazkur obyektlar mamlakatimiz temir yo‘l konteyner tashuvlarining taxminan 25 foiziga xizmat ko‘rsatadi.

    Bu bitim mamlakatimizdagi ichki yuk terminallarini O‘monning xalqaro logistika tizimi bilan bog‘lash uchun yangi shart-sharoit yaratmoqda. Duqm, Sohar va Salola portlari orqali tashqi bozorlarga chiqish yo‘nalishlarini kengaytirish istiqbolli, ammo har bir marshrut samaradorligi tashish narxi, tranzit tartibi, bojxona jarayonlari va yetkazib berish vaqti orqali baholanishi zarur. Shu bois to‘qimachilik, qayta ishlangan oziq-ovqat va sanoat mahsulotlarini sinov tariqasida tashish hamda «eshikdan eshikkacha» xarajatlarni taqqoslash muhim.

    Maxsus iqtisodiy zonalarda yangi imkoniyatlar

    10-noyabr kuni Maskatda O‘monning Maxsus iqtisodiy zonalar va erkin zonalar bo‘yicha davlat organi raisi Qays bin Muhammad al-Yusuf O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi delegatsiyasi bilan uchrashdi. O‘mon axborot agentligi xabariga ko‘ra, tomonlar eksportga yo‘naltirilgan sanoat loyihalari, investorlarga xizmat ko‘rsatishni soddalashtirish va maxsus iqtisodiy zonalarni boshqarish tajribasini almashish masalalarini muhokama qilindi.

    O‘monda o‘zbek mahsulotlari uchun savdo-taqsimot va logistika markazlarini tashkil etish, ularni mamlakatimizdagi logistika tarmoqlari bilan bog‘lash g‘oyasi ham muhokama qilindi. Shuningdek, qo‘shma yo‘l xaritasini tayyorlash, ishchi guruh tuzish hamda hamkorlik memorandumi loyihasi ko‘rib chiqilgan.

    Barqaror rivojlanish va amaliy takliflar

    O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan taraqqiyot ustuvorliklari hamda O‘monning “Vision 2040” dasturi iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, energiya samaradorligi va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish maqsadlari bilan uyg‘un. Suv tanqisligi, iqlim o‘zgarishiga moslashish, suvni qayta ishlatish va resurslarni tejash sohalarida qo‘shma tajriba almashish ham ikki tomon uchun manfaatli. Bunday loyihalar natijasi tejalgan suv va energiya miqdori, joriy etilgan texnologiyalar hamda tayyorlangan mutaxassislar soni orqali baholanishi mumkin.

    Iqtisodiy aloqalarni insonlar o‘rtasidagi muloqot ham to‘ldirmoqda. Joriy yil 4-iyuldan Maskat-Toshkent yo‘nalishida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgani tadbirkorlar, turistlar va ilmiy-ta’lim muassasalari uchun qo‘shimcha qulaylik yaratdi. Madaniy meros, ziyorat turizmi va akademik almashinuvlar borasida ham foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud.

    Kelgusi bosqichda hamkorlikni aniq ko‘rsatkichlarga bog‘lash maqsadga muvofiq: investitsiya loyihalarining mas’ullari, moliyalashtirish manbalari va muddatlarini belgilash; eksportchilar uchun taqqoslama logistika tariflarini ishlab chiqish; maxsus iqtisodiy zonalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish; suv va energiya tejovchi qo‘shma loyihalarning natijalarini muntazam baholash. Bu yondashuv ikki tomonlama muloqotni barqaror iqtisodiy samaraga aylantirishga xizmat qiladi.

    O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi siyosiy ishonchni korxonalar faoliyati, yangi eksport bozorlari, ishonchli tashish yo‘nalishlari va aholi farovonligida aks etadigan natijalar bilan mustahkamlash – bugungi sheriklikning asosiy vazifasidir. Kutilayotgan yuqori darajadagi muloqot va ishbilarmonlik uchrashuvlari ham aynan shunday amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishi mumkin.

    Jahongir Isayev,

    “Barqaror rivojlanish markazi” NNT bo‘lim boshlig‘i

Manba: https://uza.uz/uz/posts/ozbekiston-omon-siyosiy-muloqotdan-iqtisodiy-natizhalar-sari_936570