Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

O‘zbekiston — millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti

06-11-2026 96
    2026-yil 5-noyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari fakulteti talabalari bilan “O‘zbekiston — millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik yurti:    zamonaviy tahdidlarga qarshi ma’naviy immunitet” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. “Barqaror rivojlanish markazi” NNT hamda Universitetning “Axborot tizimlari va texnologiyalari” kafedrasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash,    shuningdek,    yoshlarni turli axborot tahdidlaridan himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

    Tadbirda “Barqaror rivojlanish markazi” NNT vakillari Muslim Ergashbayev va Alisher Azizov ma’ruzalari bilan ishtirok etib,    millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikning jamiyat barqarorligi hamda mamlakat taraqqiyotidagi ahamiyati haqida fikr bildirdilar. Xususan, BMTning 16-Barqaror rivojlanish maqsadi doirasida tinchliksevar va inklyuziv jamiyatni shakllantirish, inson huquqlarini ta’minlash hamda turli millat va e’tiqod vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.

    Davra suhbati davomida O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar va diniy bag‘rikenglik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar,    ularning huquqiy asoslari hamda amaliy natijalari yuzasidan fikr almashildi. Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilishi, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyati, shuningdek, turli tillarda ta’lim olish imkoniyatlari jamiyatda hamjihatlikni ta’minlashning muhim omillari sifatida qayd etildi.

    Shuningdek, raqamli texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlar ta’siri ortib borayotgan sharoitda yoshlarning axborot savodxonligini oshirish,    yolg‘on ma’lumotlar va manipulyatsiyalarni aniqlash, tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi ma’naviy immunitetni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

    Tadbir interaktiv va ochiq muloqot shaklida o‘tkazildi.    Talaba-yoshlar millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va axborot xavfsizligiga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Shuningdek, mavzu yuzasidan taklif va mulohazalar bildirilib,    yoshlarning jamiyatda tinchlik, o‘zaro hurmat va barqaror rivojlanish tamoyillarini qaror toptirishdagi o‘rni xususida fikr almashildi.