Barqaror rivojlanish markazi 

  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Markaz vakilining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik haqidagi maqolasi xalqaro nashrda eʼlon qilindi

06-11-2026 358
    Qozogʻistonning DKNews.kz xalqaro axborot agentligida “Barqaror rivojlanish markazi” NNT boʻlim boshligʻi Jahongir Isayevning “Markaziy Osiyo mintaqaviy hamkorlikning oʻz modelini shakllantirmoqda” nomli tahliliy maqolasi rus va ingliz tillarida chop etildi.

    2026-yil 6-noyabrda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Dunyo” axborot agentligi ham ushbu maqolaning asosiy gʻoyalari va xulosalari haqida maxsus material eʼlon qildi.

    Maqolada Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichi, mintaqaviy integratsiyaning oʻziga xos xususiyatlari hamda Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlar bilan oʻzaro ishonch va amaliy sheriklikni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari tahlil qilingan.

    Muallifning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyoda shakllanayotgan hamkorlik modeli Yevropa Ittifoqi tajribasini toʻgʻridan-toʻgʻri takrorlamaydi. U davlatlar suverenitetini saqlash, muntazam siyosiy muloqot, oʻzaro manfaatlarni muvofiqlashtirish va amaliy natijalarga erishish tamoyillariga asoslanadi.

    Tahlilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilda ilgari surgan tashabbusi asosida davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari yoʻlga qoʻyilgani, 2025-yil noyabrida Toshkentda oʻtkazilgan yettinchi uchrashuv hamda Ozarbayjonning ushbu formatga toʻlaqonli ishtirokchi sifatida qoʻshilishiga alohida eʼtibor qaratilgan.

    Maqolaning muhim xulosasi shundaki, mintaqaviy hamkorlik samaradorligi faqat oʻtkazilgan sammitlar va qabul qilingan kelishuvlar soni bilan emas, balki savdo, transport, energetika, suv resurslari, iqlimga moslashish va xavfsizlik sohalarida erishilgan aniq natijalar bilan baholanishi lozim.

    Mazkur material Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlar tizimidagi oʻrni va mintaqaviy hamkorlikning istiqbollari haqidagi ekspertlik muhokamalariga hissa qoʻshadi.

    Maqolani oʻqish:

    Rus tilida — DKNews.kz

    Ingliz tilida — DKNews.kz

    “Dunyo” axborot agentligi sharhi