O‘zbekiston va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi o‘rtasidagi munosabatlar 1993-yilda diplomatik aloqalar o‘rnatilgandan buyon o‘zaro hurmat va ko‘p qirrali hamkorlik asosida rivojlanib kelmoqda. So‘nggi yillarda oliy darajadagi muntazam muloqotlar natijasida ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
O‘zbekiston va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi o‘rtasidagi munosabatlar hamda davlatimiz rahbarining mazkur davlatga rejalashtirayotgan tashrifi haqida Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Isayev batafsil gapirib berdi:
— O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Iordaniya Hoshimiylar Podshohligiga rejalashtirayotgan tashrifi ikki mamlakat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda. Bugun asosiy masala siyosiy muloqotni kengaytirish bilan birga, erishilgan kelishuvlarni savdo, investitsiya, ta’lim va texnologiyalar sohasida aniq natijalarga aylantirish.
Bu jarayonga 2025-yil avgustda Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning Samarqandga ilk davlat tashrifi mustahkam asos yaratdi. O‘shanda sheriklikni rivojlantirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qilinib, 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolangan edi. 2026-yilda Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi, Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi, Ammon–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi.
6-noyabr kuni Ostonada Prezident Shavkat Mirziyoyev va Podshoh Abdulla II savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish, shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarni muhokama qildi. Bu muloqot Samarqandda boshlangan hamkorlik izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy yo‘nalishda e’tiborga molik yangilik bor: Iordaniyaning Petra davlat axborot agentligi 15-noyabrda ikki mamlakat o‘rtasida imtiyozli savdo bitimi bo‘yicha muzokaralar yakunlangani va hujjatni oy oxirigacha imzolash kutilayotganini ma’lum qildi. Avvalroq 300 turdagi tovarga imtiyozlar nazarda tutilayotгани bildirilgan edi. Biroq, bitimning amaliy samarasi faqat boj stavkalariga emas, sertifikatlash, bojxona tartiblari va yuk tashish xarajatlarining qanchalik yengillashishiga ham bog‘liq.
Ammonda rejalashtirilgan biznes-forum sanoat kooperatsiyasiga yangi turtki berishi mumkin. To‘qimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va logistika bo‘yicha muzokaralarni aniq loyihalarga aylantirish uchun har bir tashabbusning hamkorlari, moliyalashtirish manbalari va amalga oshirish muddatlarini belgilash muhim. Maqsad faqat o‘zaro savdoni ko‘paytirish emas, balki qo‘shilgan qiymat, yangi ish o‘rinlari va texnologiyalar almashinuvini ta’minlashdan iborat.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi – inson kapitali. 17–18-noyabr kunlari Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston–Iordaniya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining birinchi forumida universitetlararo hujjatlar imzolanib, qo‘shma ta’lim va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ayniqsa, muhandislik, tibbiyot, raqamli texnologiyalar va suv resurslarini boshqarish sohalaridagi sheriklik kelgusida amaliy samara berishi mumkin.
Ikki mamlakat uchun suv tejamkorligi ham dolzarb. Iordaniyaning cheklangan suv resurslaridan foydalanish tajribasini O‘zbekistondagi ilmiy va ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirish istiqbollidir. Bunday hamkorlikni suv sarfi, hosildorlik va xarajatlardagi o‘zgarishlar bilan baholanadigan qo‘shma tajriba loyihalaridan boshlash mumkin. Bu tashabbuslar sifatli ta’lim, munosib mehnat, innovatsiyalar va xalqaro sheriklikka oid Barqaror rivojlanish maqsadlariga ham xizmat qiladi.
Endilikda Hukumatlararo qo‘shma komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasida 2027-yil uchun ixcham amaliy «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Unda ustuvor loyihalar, mas’ul tashkilotlar, moliyalashtirish shartlari, muddatlar va natijani baholash ko‘rsatkichlari aniq belgilanishi lozim.
Zero, O‘zbekiston–Iordaniya sherikligining yangi bosqichi imzolangan hujjatlar soni bilangina emas, ular asosida ishga tushgan korxonalar, kengaygan bozorlar, tayyorlangan mutaxassislar va aholi manfaatiga xizmat qiladigan barqaror natijalar bilan o‘lchanadi.
Manba: https://uza.uz/oz/posts/ozbekiston-iordaniya-kelishuvlardan-amaliy-natijalar-sari_940719