“Oʼzbekiston — 2030” strategiyasi mamlakatning barqaror rivojlanishini taʼminlash, aholi hayoti va xavfsizligini muhofaza qilishga qaratilgan kompleks islohotlar dasturi boʼlib, unda favqulodda vaziyatlar va global iqlim oʼzgarishi bilan bogʼliq xavf-xatarlarni kamaytirish ustuvor yoʼnalishlardan biri sifatida belgilangan.
Shu maqsadda, 2026 yil 19 yanvarь kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarmasida “Oʼzbekiston — 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati” mavzusida seminar boʼlib oʼtdi.
Seminarda Barqaror rivojlanish markazi eksperti Iskandar Oʼroqboev ishtirok etib, takomillashtirilayotgan “Oʼzbekiston — 2030” strategiyasi loyihasining asosiy ustuvor yoʼnalishlari, favqulodda vaziyatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan maqsad va vazifalar xususida toʼxtalib oʼtdi.
Jumladan, respublikaning seysmik faol hududlarida 6 ball va undan yuqori balli zilzila sodir boʼlganda aholini barvaqt xabardor qilish tizimini 100 foiz joriy etish, ilmiy-texnik yondashuv asosida xavf indikatorlariga koʼra har bir mahallani “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratgan holda xavf darajalarini 100 foiz belgilash hamda xavf koʼrsatkichini kamaytirishga qaratilgan hudud, tuman (shahar) va mahallalar kesimida profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish va “qizil” toifadagi mahallalarni 100 foiz “sariq” va “yashil” toifasiga chiqarish kabi vazifalar belgilanayotgani, shuningdek strategiyaning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan oʼzaro uygʼunligi haqida batafsil maʼlumot berdi.
Taʼkidlanganidek, strategiya doirasida zamonaviy monitoring tizimlarini joriy etish, xavflarni oldindan aniqlash va aholini tezkor xabardor qilish mexanizmlarini takomillashtirish orqali tabiiy va texnogen ofatlar oqibatlarini minimallashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Seminar yakunida ishtirokchilarning savollariga atroflicha javoblar berilib, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xavf darajasini baholash hamda profilaktik chora-tadbirlarni samarali tashkil etish boʼyicha amaliy tushuntirishlar berildi.