Barqaror rivojlanish markazi 

Sayt sinov rejimida ishlamoqda
  • O‘zbek
  • Ўзбек
  • Русский
  • English
  • Français

Ofatlarga bardoshlilik – jamiyat barqaror taraqqiyotining muhim sharti

14-10-2026 14

    Tabiiy ofatlar inson hayoti va faoliyatiga, salomatligiga xavf solishi bilan xatarlidir. Ularning xavfini, ziyonini kamaytirish ham insonlar hayoti, ham atrof-muhit osoyishtaligi, ham mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirlarning oldini oladi. Shu билан birga, barqaror rivojlanishda muhim oʻrin tutadi.

    Barqaror taraqqiyot nafaqat iqtisodiy oʻsish, investitsiyalar va infratuzilma rivoji, balki jamiyatning xavf-xatarlarga tayyorligi билан ҳам ўлчанади. Zero, tabiiy ofatlar inson hayotiga tahdid solishi, uy-joy va ijtimoiy obyektlarga zarar etkazishi, yillar davomida erishilgan yutuqlarni xavf ostiga qoʻyishi mumkin. Har yili 13-oktabrda nishonlanadigan Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish xalqaro kuni ana shu masalalarga e’tibor qaratishga xizmat qiladi.

    BMTning Ofatlar xavfini kamaytirish boʻyicha boshqarmasi 2026-yilgi xalqaro kun mavzusini «Bardoshlilik uydan boshlanadi» deb belgiladi. Bu gʻoya xavfsiz jamiyat, avvalo, xavfsiz xonadondan boshlanishini anglatadi. Zilzilabardosh uy-joy, soz elektr va gaz tarmoqlari, xavfsiz isitish uskunalari hamda favqulodda vaziyatda toʻgʻri harakat qilish koʻnikmalari insonlarni muhofaza qilishning muhim shartlaridir. Biroq, bu faqat oilalarning emas, davlat idoralari, qutqaruv xizmatlari va jamoatchilikning ham umumiy mas’uliyatidir.

    Oʻzbekistonda ham favqulodda vaziyatlarning oldini olish va aholi xavfsizligini ta’minlash masalalariga tizimli e’tibor qaratilmoqda. Prezidentning 2025-yil 20-oktabrdagi farmonida xavflarni oldindan aniqlash, profilaktikani kuchaytirish, mahallalarda xavfsizlikni ta’minlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish vazifalari belgilangan. Asosiy maqsad — ofat sodir boʻlganidan keyin oqibatlarni bartaraf etish bilan cheklanmay, ehtimoliy talafotlarni avvaldan kamaytirish.

    Kuni kecha Favqulodda vaziyatlar vazirligining e’lon qilgan ma’lumotlariga koʻra, 2026-yilning dastlabki toʻqqiz oyida 41 ta favqulodda vaziyat qayd etilgan — bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 33 foiz kam. Turar joylarda 607 mingdan ortiq xavfsizlik qoidalari buzilishi aniqlangan va ularning 88 foizdan ziyodi bartaraf etilgani xabar qilingan. Bu raqamlar profilaktika bilan birga xonadonlardagi xavf omillarini kamaytirish hali ham dolzarb ekanini koʻrsatadi.

    Ofatlarga bardoshli jamiyatni shakllantirishda mahalla muhim oʻrin tutadi. Chunki mahalla faollari hududning xususiyatlari, ehtiyojmand oilalar va yordamga muhtoj fuqarolar holatini yaxshi biladi. Togʻoldi hududlarida sel va koʻchki, seysmik faol joylarda zilzila, aholi zich hududlarda yongʻin xavfi va evakuatsiya imkoniyatlarini oldindan baholash zarur. Yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda bolali oilalar xavfsizligini rejalashtirish, aholi uchun amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish bu ishlarning ajralmas qismidir.

    Ofatlar xavfini kamaytirish BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan ham bevosita bogʻliq. Xususan, 11-maqsad xavfsiz va bardoshli shaharlar hamda aholi punktlarini barpo etishga, 13-maqsad esa iqlim oʻzgarishi oqibatlariga qarshi chora koʻrishga qaratilgan.

    Seldan zarar koʻrgan qishloq xoʻjaligi yerlari oziq-ovqat xavfsizligiga, maktab faoliyatining toʻxtashi ta’limga, elektr yoki yoʻl tarmoqlarining ishdan chiqishi iqtisodiyot va aholi turmushiga ta’sir qiladi. Demak, xavfsizlikka sarflangan mablagʻlar — kelajakdagi yoʻqotishlarni kamaytirishga qaratilgan sarmoya.

    Markaziy Osiyoda zilzila, sel, koʻchki, qurgʻoqchilik, kuchli issiq va chang boʻronlari kabi xavflar mavjud. Iqlim oʻzgarishi ayrim gidrometeorologik xavflarni kuchaytirishi mumkin; shaharlashuv va qurilish koʻlamining kengayishi esa ehtimoliy zarar koʻlamiga ta’sir qiladi. Shu bois, yangi turar joylar, maktablar, shifoxonalar va infratuzilma obyektlarini rejalashtirishda seysmik holat, suv toshqini xavfi va evakuatsiya imkoniyatlari hisobga olinishi kerak. Raqamli xaritalar va erta ogohlantirish texnologiyalari aniq boshqaruv qarorlariga xizmat qilishi lozim.

    Samaradorlikni faqat oʻtkazilgan mashgʻulotlar yoki tarqatilgan tavsiyanomalar soni bilan baholash etarli emas. Aholi ogohlantirishni oʻz vaqtida oladimi, uni tushunadimi, zarur harakatni bajara oladimi — asosiy mezon shular boʻlishi kerak. Buning uchun mahallalar xavf xaritalarini yangilash, oʻquv mashqlarini hayotiy vaziyatlarga yaqinlashtirish, fuqarolik jamiyati va volontyorlar ishtirokini kuchaytirish maqsadga muvofiq.

    Tabiiy ofatlarning oldini har doim ham toʻliq olib boʻlmaydi. Ammo ularning oqibatlarini engillashtirish, inson hayotini muhofaza qilish va jamiyatning tez tiklanish qobiliyatini oshirish oʻz qoʻlimizda. Buning учун xavfsizlik har bir xonadon, mahalla, korxona va davlat idorasining kundalik faoliyatida ustuvor qadriyatga aylanishi zarur. Zero, haqiqiy barqaror taraqqiyot — erishilgan yutuqlarni ham insonlar uchun xavfsiz saqlab qola olishdir.

    Jahangir Isayev

Barqaror rivojlanish markazi boʻlim boshligʻi

Маnba: https://uza.uz/uz/posts/ofatlarga-bardoshlilik-zhamiyat-barqaror-taraqqiyotining-muhim-sharti_922185